OLIY SUD PLENUMI QARORLARI – AMALIYOTDA

 

Amudaryo tuman sudi binosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining yaqinda qabul qilingan muhim qarorlari mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag’ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sudyalar, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirok etib, sud amaliyotiga tatbiq etilayotgan yangiliklar yuzasidan fikr almashdilar.

 

Seminarning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 24 noyabrdagi “Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilish to‘g’risidagi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti haqida”gi 21-sonli, “Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g’risida”gi qarorga o‘zgartirish kiritish haqida”gi 22-sonli hamda ayrim Plenum qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risidagi 23-sonli qarorlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka va ijrochilarga etkazishdan iborat bo‘ldi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining raisi Jasurbek Baltabaev ta’kidlaganidek, Oliy sud Plenumining 22-sonli qarori bilan jazo tayinlashda mutanosiblik printsipiga asoslanish va huquqiy ta’sir choralari qonunda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun etarli bo‘lishi kerakligi belgilangan. Shuningdek, endilikda shaxsni o‘ta xavfli residivist deb topishda nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa davlat sudlarining hukmlari ham hisobga olinishi mumkin. Qolaversa, Qaror bilan jazo tayinlashning o‘ziga xos tartiblari kiritilmoqda. Endilikda sudlarga jinoyat sodir etgan voyaga etmaganlarga nisbatan jazo o‘rniga ko‘proq majburlov choralarini qo‘llash tavsiya etiladi.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Adilbek Seytnazarov internet tarmog’ida sha’n va qadr-qimmatni kamsituvchi ma’lumotlar tarqatilganda qo‘llaniladigan choralar haqida tushuntirish berdi. Agar ijtimoiy tarmoqlarda shaxs haqida haqiqatga to‘g’ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilsa, jabrlanuvchi nafaqat raddiya berishni, balki ushbu ma’lumotlarni o‘chirib tashlash, qidiruv tizimlaridan olib tashlash hamda ma’naviy zararni undirishni talab qilishi mumkin. E’tiborli jihati shundaki, tarqatilgan ma’lumotning haqiqatga to‘g’ri kelishini isbotlash majburiyati endilikda ma’lumotni tarqatgan javobgar zimmasiga yuklatiladi.

 

Seminar davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining sudyasi Muhabbat Kaypova Plenumning 22- va 23-sonli qarorlari bilan amaldagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga e’tibor qaratdi. U o‘z nutqida kredit munosabatlari va jazo tayinlash amaliyotidagi yangiliklarni sharhlab berdi.

 

Qayd qilinganidek, Plenumning 23-sonli qarori bilan kredit shartnomalari bo‘yicha nizolarni hal qilishda adolatli yondashuv belgilandi. Xususan, agar qarz oluvchi kreditni qaytarish muddatini buzsa, bank darhol kreditning qolgan barcha qismini undirishni talab qila olmaydi. Dastlab muddati o‘tgan qismni undirish choralari ko‘rilishi kerak. Faqat shundan keyingina, natija bo‘lmasa, kreditning to‘liq summasini muddatidan oldin undirish masalasi qo‘yilishi mumkin. Bu fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda muhim kafolatdir.

 

Shuningdek, sudya Muhabbat Kaypova jinoyat ishlari bo‘yicha jazo tayinlashdagi o‘zgarishlarga ham to‘xtaldi. 22-sonli Plenum qaroriga ko‘ra, Konstitutsiyamizning 20-moddasiga asosan, shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik printsipiga asoslanishi shart. Sudlarga voyaga etmaganlarga nisbatan jazo o‘rniga majburlov choralarini kengroq qo‘llash tavsiya etilmoqda. Yana bir muhim jihat: jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni internetda tarqatgan shaxslarga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganda, ularga Internetdan foydalanishni taqiqlash kabi qo‘shimcha cheklovlar belgilanishi mumkinligi tushuntirildi.

 

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sudyalardan batafsil javob oldilar. Ushbu Plenum qarorlarining amaliyotga to‘g’ri tatbiq etilishi fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.