CHIMBOY TUMANIDA SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chimboy tuman sudining tergov sudyasi R.Kaukishev tomonidan tumandagi “Gujimli” mahalla fuqarolar yig’ini binosida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

 

Sayyor sud majlisida mahalla aholisi va profilaktika inspektori ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi — aholi o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonun ustuvorligini, jumladan, har qanday jinoyat va huquqbuzarlikka jazo muqarrarligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

 

Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik), 59-2-moddaning 2-qismi(oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik), 241-moddasi (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan to‘plangan ish materiallari ko‘rib chiqildi. Har bir material chuqur o‘rganilib, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy tartibda tegishli jazo choralari qo‘llanildi.

 

Sud majlisi yakuniga etgach, sudya tomonidan bu kabi sayyor sud majlislari fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

 

Shuningdek, tadbir doirasida ishtirokchilarga huquqbuzarliklar oqibatida kelib chiqadigan javobgarlik choralari haqida tushuntirishlar berildi.