ZO‘RAVONLIKKA QARSHI KURASH — ADOLAT VA INSONIYLIK MEZONI

 

Har qanday demokratik davlatning asosiy vazifalaridan biri — inson huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning huquq hamda manfaatlarini ishonchli himoya qilishdan iboratdir. Zo‘ravonlik va tazyiq — nafaqat shaxsga, balki butun jamiyatga qarshi jinoyat hisoblanadi. Shu bois O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, jabrlanuvchilarni himoya qilish va bunday holatlarning keskin kamayishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.

 

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida muhim huquqiy asoslar yaratildi. Xususan, 2019 yilda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g’risida”gi qonun, hamda Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksga kiritilgan tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar zo‘ravonlikni jinoiy qilmish sifatida belgiladi.

 

Qonunga muvofiq, zo‘ravonlik nafaqat jismoniy, balki psixologik, iqtisodiy yoki jinsiy ko‘rinishda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Bu esa jamiyatdagi ko‘p yillik stereotiplarni yo‘qotish va har qanday tazyiq shaklini huquqiy nuqtai nazardan baholash imkonini beradi.

 

Davlat darajasida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g’risida”gi qonun, “Gender tenglikni ta’minlash strategiyasi” hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Sudlar faqat jazo tayinlovchi organ emas, balki inson qadrini tiklovchi, jamiyatda adolat hissini mustahkamlovchi institutdir. Zo‘ravonlik holatlariga oid ishlar ko‘rib chiqilayotganda, sudyalar jabrlanuvchi shaxsning huquqlarini, uning daxlsizligi va xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi.

 

So‘nggi yillarda sud amaliyotida zo‘ravonlik ishlari bo‘yicha himoya orderlari berilishi, zo‘ravon shaxsni muayyan muddatga jabrlanuvchi bilan muloqot qilishdan cheklash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa zo‘ravonlikning takrorlanishining oldini olishda samarali huquqiy mexanizm sifatida o‘zini oqlamoqda.

 

Biroq zo‘ravonlikka qarshi kurash faqat sud yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu — butun jamiyatning ma’naviy va fuqarolik burchidir.

Agar har bir fuqaro o‘z atrofidagi zo‘ravonlik holatlariga befarq bo‘lmasa, jabrlanuvchiga yordam berishni insonparvarlik vazifasi deb bilsa, biz nafaqat qonun bilan, balki insof va vijdon bilan ham jinoyatlarga qarshi tura olamiz.

 

Zo‘ravonlik — bu nafaqat bir insonni, balki butun oilaning, hatto avlodlarning taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan illatdir. Shuning uchun uning oldini olishda ta’lim muassasalari, mahalla tizimi, nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari hamkorligi muhim ahamiyatga ega.

 

Adolat va insoniylik — har bir jamiyatning tayanchi. Zo‘ravonlikka qarshi kurashda eng katta kuch — qonun ustuvorligi va jamoaviy mas’uliyat hissidir.

 

 

Azat SEYTANOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Ellikqal’a tuman sudining tergov sudyasi