ADOLAT YO‘LIDA YOZILGAN 75 YILLIK IBRAT
Umrlar bor — bir yashagulik. Umrlar bor — mangu yashagulik. Shunday umr egalari borki, ularning hayot yo‘li faqat shaxsiy taqdir emas, balki bir davrning ma’naviy qiyofasiga aylanadi. Ana shunday insonlardan biri — “Qoraqalpog’istonda xizmat ko‘rsatgan yurist”, “Do‘stlik” ordeni va “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, sud faxriysi Paraxat Aytniyazov bu yil muborak 75 yoshni qarshi oldi.
Nukus shahrida o‘tkazilgan tantanali anjuman faqat yubiley emas, balki bir umrlik sadoqat, iroda va adolatga bag’ishlangan hayotning e’tirofi sifatida o‘tdi. Tadbirda yubilyarning hamkasblari, shogirdlari, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi. Zalda faqat tabriklar emas, samimiy hurmat, ustozga bo‘lgan cheksiz ehtirom hukm surardi.
Anjumanda O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Ubaydulla Mingboevning ma’ruzasi o‘qib eshittirildi. U o‘z nutqida Paraxat Aytniyazovning hayot yo‘lini “tasodiflar emas, balki aniq maqsad, mustahkam iroda va adolatga bo‘lgan chuqur ishonch asosida qurilgan ibratli yo‘l” deya ta’rifladi.

Darhaqiqat, yubilyarning mehnat faoliyati huquqshunoslik sohasida alohida sahifalarni tashkil etadi. U Nukus shahar sudi sudyasidan tortib, Qo‘ng’irot tuman sudi raisi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari, sobiq ittifoq davrida SSSR Adliya vazirligi katta maslahatchisi kabi mas’ul lavozimlarda ishladi.
Mustaqillikning ilk yillarida esa qonunchilik va huquq tartibot qo‘mitasiga rahbarlik qilib, yangi davlatchilik poydevorini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi.
Keyinchalik unga ishonch bildirilib, Qoraqalpog’iston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimi topshirildi. Ushbu maskanda o‘n besh yil davomida odil sudlovni ta’minlash, qonun ustuvorligini qaror toptirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lida sabot bilan mehnat qildi.
Paraxat Aytniyazov nafaqat rahbar, balki ustoz sifatida ham yuzlab yosh huquqshunoslarga hayot maktabi bo‘ldi. Bugun uning shogirdlari turli mas’ul lavozimlarda adolat an’analarini davom ettirishmoqda. Bu — ustoz mehnatining eng katta samarasi.
Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B.Islamovning tabrigi ham o‘qib eshittirildi. Yubilyarning jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi, yuksak insonparvarlik fazilatlari alohida e’tirof etildi.

Qoraqalpog’iston haqida so‘z ketganda el qalbida qolgan buyuk nomlar yodga olindi: Ibroyim Yusupov, Musa Erniyazov, Qallыbek Kamalov. Ana shunday el ardoqlagan insonlar safida Paraxat Aytniyazov nomi ham munosib o‘rin egallashi ta’kidlandi.
Bugun u hali-hamon faol — Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu ishonch — uning yillar davomida orttirgan tajribasi va yuksak obro‘sining yorqin dalilidir.
Tantana yakunida ustozning hayot yo‘li ibrat sifatida tilga olindi. U haqda “Bu odam huddi chinordek — ildizlari chuqur, soyasi keng” deya ta’rif berildi.
Darhaqiqat, ayrim insonlar borki, ularning umri yillar bilan emas, ezgu amallar bilan o‘lchanadi. Paraxat Aytniyazov ana shunday mangu yashagulik umr sohiblaridan.

75 yosh — bu faqat bir sana emas, balki adolatga bag’ishlangan umrning yana bir nurli manzili. Ildizlari chuqur, soyasi keng chinordek bu hayot yo‘li hali ko‘plarga panoh, uning boy tajribasi esa yosh huquqshunoslar uchun yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilishda davom etadi. Chunki haqiqiy ustozning umri yillar bilan emas, tarbiyalagan shogirdlari, qoldirgan an’analari va jamiyatda qoldirgan izi bilan o‘lchanadi. Paraxat Aytniyazov mana shunday insonlardan – nafaqat adolatga xizmat qilgan arbob, balki butun bir huquqshunoslik maktabini yaratgan ustoz sifatida el hurmatida aziz va qadrli.







