Xotin-qizlarga nisbatan zo’ravonlikka birgalikda kurashamiz
Hozirgi kunda butun dunyoda ro’y berayotgan globallashuv davrida xotin-qizlarning huquqiy erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish juda ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Jamiyatda xotin-qizlarning iqtisodiy-siyosiy hamda ijtimoiy-huquqiy faoliyatini yuksaltirish jarayonlari kechiktirib bo’lmas davr talabi hisoblanmoqda.
So’nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo’yicha ishlar bir necha yo’nalishlarda olib borilmoqda. Shu ma’noda Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining sudyalari Q.Xojamuratov va B.Bekmuratovlar tomonidan ham mazkur sohadagi qonunchilik choralariga to’xtalinib, quyidagilar ta’kidlandi.
Xususan, O’zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida 2019 yil sentyabr oyida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risida”gi Qonunlar qabul qilindi.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risida”gi Qonunga binoan tazyiq va zo’ravonlikdan jabrlanuvchi xotin-qizlarning huquqlari belgilab berildi, ayniqsa ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to’g’risidagi talab bilan murojaat qilish huquqi mustahkamlanib qo’yildi.
Shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish sohasidagi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar, mehnat, ta’lim va sog’liqni saqlash tizimini davlat tomonidan boshqarish organlari, O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi, fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organlari, NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakolatlari alohida ajratib berildi.
O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasiga yordam ko’rsatish, maslahat berish mexanizmi hamda chora-tadbirlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo’ravonlik holatlarining oldini olish to’g’risida axborot olishni ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasining butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog’i (ishonch telefoni) ishlab turishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Telefon liniyasi tarmog’i maxfiylikka rioya etgan holda faoliyat ko’rsatadi. Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yo’l qo’yilmaydi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
Tazyiq va zo’ravonlikdan jarblanuvchilar uchun Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligining 1146 raqamli hamda Og’ir ahvolga tushib qolgan ayollar uchun Respublika reabilitatsiya va moslashtirish markazining 1169 raqamli ishonch telefonlari yo’lga qo’yilgan.
Bundan tashqari, Qonunda himoya orderini berish va uning muddatini uzaytirish tartibi ham belgilangan bo’lib, himoya orderi tazyiq va zo’ravonlikdan jabrlanuvchiga beriladi. Tazyiq o’tkazgan va (yoki) zo’ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo’lgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.
Gender tenglik bo’yicha institutsional choralarga kelsak, ayni paytda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini ta’minlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo’yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg’unlashtirish bilan shug’ullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo’mitasi tashkil qilingan. Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qo’llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zo’ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zo’rlik ishlatishdan jabr ko’rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o’z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi, Hukumat huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi kabi yangi tuzilmalar tashkil topdi.
Xulosa o’rnida ta’kidlash joizki, ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar mamlakatning barcha hududlari va xotin-qizlarning barcha toifalarini qamrab olishi kerak. Bu erda ayniqsa chekka hududlardagi, qishloqlardagi xotin-qizlarga, etnik ozchilik guruhlari, nogironlar va notinch oilalardagi xotin-qizlarga asosiy e’tibor qaratilishi darkor.
O’tkazilgan tadbir qizg’in bahs-munozaralarga va savol-javoblarga boy tarzda o’tganligi bilan katta ahamiyatga ega bo’ldi.
Bayrambay Bekmuratov,
Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi