HUQUQIY DALIL VA OBYEKTIV MA’LUMOTLAR – ODIL SUDLOVNING ASOSIY MEZONI
Sudga murojaat qilish huquqi har bir fuqaroga Konstitutsiya bilan kafolatlangan. Biroq sudga qilingan har bir murojaatning qanoatlantirilishi uchun da’vo yoki shikoyat ishonchli huquqiy dalillar bilan asoslantirilgan bo‘lishi lozim. Sud qaror qabul qilishda his-tuyg‘u yoki taxminlarga emas, balki qonun talablari va ishdagi obyektiv dalillarga tayanadi.
Bu jihat ayniqsa yer munosabatlari bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Amalda uchraydigan holatlardan biri sifatida To‘rtko‘l tuman sudida ko‘rib chiqilgan ishni misol keltirish mumkin.
Fuqaro I.R. Kadastr organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi 3-qismi asosida tayinlangan 82 million 400 ming so‘mlik ma’muriy jarimani asossiz deb hisoblab, sudga shikoyat bilan murojaat qildi. U o‘z murojaatida do‘koniga nisbatan tekshiruv asossiz o‘tkazilganini, qurilish uchun tegishli hujjatlari mavjudligini hamda jarimani to‘lash imkoniyati yo‘qligini bildirib, jazoni yengillashtirish yoki undan ozod qilishni so‘radi.
Biroq sud muhokamasi jarayonida ishning barcha holatlari atroflicha o‘rganildi. Kadastr organi inspektorining ko‘rsatmalari, davlat yer nazorati dalolatnomasi, fotohujjatlar, Davlat kadastrlari palatasi bayonnomasi hamda arxiv ma’lumotlari bir-biri bilan taqqoslanib tahlil qilindi.
Tekshirish davomida fuqaro foydalanayotgan 40 kvadrat metr yer maydoniga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos sifatida ko‘rsatilgan tuman hokimining qarorida uning nomi mavjud emasligi arxiv hujjatlari bilan tasdiqlandi. Shuning uchun mazkur davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bekor qilingan va yer maydoni tegishli huquqiy asoslarsiz egallangani aniqlandi.
Shuningdek, sud huquqbuzarning moddiy ahvoliga ham huquqiy baho berdi. Elektron axborot tizimi orqali olingan ma’lumotlarga ko‘ra, uning bir nechta transport vositalari mavjudligi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi, doimiy ish haqi olishi, turmush o‘rtog‘ining ham rasmiy daromadga ega ekani aniqlandi. Bu holatlar uning jarimani to‘lash imkoniyati yo‘qligi haqidagi vajlarini tasdiqlamadi.
MJtKning 31 va 33-moddalari sudga jazoni yengillashtirish huquqini bersa-da, bunday qaror faqat yetarli huquqiy asoslar va ishonchli dalillar mavjud bo‘lgandagina qabul qilinishi mumkin. Mazkur ishda esa bunday asoslar aniqlanmagani sababli sud Kadastr organining qarorini qonuniy va asosli deb topdi hamda shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirdi.
Bu ish yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, sud uchun eng muhim mezon — ishonchli dalil va obyektiv ma’lumotdir. Fuqaroning shaxsiy fikri yoki subyektiv e’tirozlari huquqiy dalillar bilan tasdiqlanmagan taqdirda sud qarorini o‘zgartirish uchun asos bo‘la olmaydi.
Yer munosabatlari sohasida har qanday qurilish yoki yerdan foydalanish ishlarini faqat qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirish, tegishli hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirish kelgusida huquqiy nizolarning oldini oladi. Sud amaliyoti ham aynan qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir ish bo‘yicha xolis, adolatli qaror qabul qilishga xizmat qiladi.
Baurjan SABUROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudining tergov sudyasi






