APELLYATSIYADA HUKM O‘Z KUCHIDA QOLDI: GIYOHVANDLIK VOSITASI BILAN BOG’LIQ ISH BO‘YICHA QAROR O‘ZGARTIRILMADI
Qoraqalpog’iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan tomonidan jinoyat ishlarini qonun talablariga muvofiq, ochiq va shaffof tarzda ko‘rib chiqish amaliyoti izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, navbatdagi bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida giyohvandlik vositalari bilan bog’liq jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instantsiya sudi tomonidan chiqarilgan hukmning qonuniyligi va asosliligi yuzasidan huquqiy baho berildi.
Sud hay’ati raisi X.Berdiklichev, sudyalar D.Razov va A.Ametovdan iborat tarkibda, sud majlisida Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuraturasi bo‘lim katta prokurori A.Niyazimbetov, sudlanuvchi «Yo.Ya» hamda uning himoyachilari ishtirok etdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudining 2025 yil 11 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra, «Yo.Ya» O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Ish materiallariga ko‘ra, sudlanuvchi qonunga xilof ravishda 0,4 gramm miqdordagi geroin giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadisiz, shaxsiy iste’mol qilish maqsadida saqlab kelgan. U 2025 yil 16 iyun kuni Beruniy tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu modda bilan ushlangan.
Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga muvofiq, olingan modda tarkibida faol giyohvand modda — diatsetilmorfin mavjud bo‘lib, u geroin ekani va uning sof og’irligi 0,4 grammni tashkil etishi aniqlangan.
Sudlanuvchi va uning himoyachisi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyatida birinchi instantsiya sudi hukmini o‘zgartirish, engilroq jazo tayinlash so‘ralgan.
Apellyatsiya instantsiyasi tomonidan ish materiallari qonun talablariga muvofiq har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganildi. Birinchi instantsiya sudi tomonidan chiqarilgan hukmda keltirilgan xulosalar ishning haqiqiy holatlariga to‘liq mos kelishi, dalillar esa JPK talablariga muvofiq baholangani aniqlandi.
Shuningdek, jazo tayinlashda sudlanuvchining shaxsi, aybiga iqrorligi, pushaymonligi, oilaviy ahvoli va boshqa engillashtiruvchi holatlar inobatga olingani qayd etildi.
Shu asosda, apellyatsiya instantsiyasi qaroriga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudining 2025 yil 11 sentyabrdagi hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmadi.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya instantsiyasi tomonidan qabul qilingan qaror birinchi instantsiya sudi xulosalarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini yana bir bor tasdiqladi.
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda qonun talablariga qat’iy rioya etilishi, dalillarni har tomonlama va xolis baholash, shuningdek, jazo tayinlashda shaxsga oid barcha holatlarni inobatga olish amaliyoti izchil ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, mazkur qaror giyohvandlik vositalari bilan bog’liq huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabat yuritilishi, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashda sud hokimiyatining qat’iy pozitsiyasini namoyon etadi.
Qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatda har qanday huquqbuzarlikka nisbatan javobgarlik muqarrar bo‘lib, sud qarorlari orqali adolatning ta’minlanishi — huquqiy davlatning eng muhim belgisidir.
Xamra BERDIKLICHEV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi






