OILAVIY ZO‘RAVONLIKKA QARSHI QONUN USTUVORLIGI: YANGI HUQUQIY KAFOLATLAR AMALIYOTDA
O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida tizimli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2025 yil 9 aprel kuni qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g’risida”gi Qonun mazkur yo‘nalishdagi huquqiy kafolatlarni yanada mustahkamladi.
Mazkur Qonunga muvofiq, Oila kodeksiga kiritilgan muhim qo‘shimchalardan biri — sud tomonidan nikohdan ajratish ishlari ko‘rilayotganida oilaviy (ijtimoiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muddat tayinlanmasligi hisoblanadi. Bu norma zo‘ravon munosabatlar davom etishining oldini olish, jabrlanuvchi shaxsning xavfsizligini ta’minlash va uning haq-huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 59-2-moddasida oilaviy (ijtimoiy) zo‘ravonlik tushunchasiga huquqiy jihatdan aniq ta’rif berilgan. Unga ko‘ra, quyidagi harakatlar oilaviy zo‘ravonlik hisoblanadi:
turmush o‘rtoq, sobiq turmush o‘rtoq, birga yashovchi shaxs yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxs tomonidan boshqa shaxsning ta’lim, mehnat, sog’liqni saqlash, mulk huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish;
shaxsiy buyumlar va mol-mulkka qasddan zarar etkazish;
shaxs sha’nini kamsitish, uni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan majburiy ajratib qo‘yish kabi xatti-harakatlar.
Agar ushbu harakatlarda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, ular ma’muriy huquqbuzarlik sifatida baholanib, 10 dan 20 baravargacha bazaviy hisoblash miqdorida jarima yoki 10 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi bilan jazolanadi.
Moddaning ikkinchi qismida esa, jabrlanuvchi shaxsga engil tan jarohati etkazish, sog’lig’i yomonlashishiga olib kelgan zo‘ravon xatti-harakatlar ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan. Bu holatlarda jarima miqdori saqlanadi, lekin ma’muriy qamoq muddati 15 sutkagacha oshiriladi.
Yangi huquqiy o‘zgarishlar, xususan, sud tomonidan yarashish muddati belgilanmasligi kabi normalar oilaviy zo‘ravonlikka uchragan shaxslar uchun muhim kafolat hisoblanadi. Bu kabi huquqiy yondashuvlar-zo‘ravonlikni rag’batlantirmaslik, jabrlanuvchilarni takroriy zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning daxlsizligi va sha’nini tiklash kabi muhim ijtimoiy maqsadlarga xizmat qiladi.
Qabul qilingan Qonun nafaqat oilaviy zo‘ravonlikka qarshi samarali kurashishni, balki oilalarda sog’lom muhit yaratish, xotin-qizlar va bolalarning huquqiy himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, har bir fuqaro, xususan, ayollar va yoshlar o‘z huquqlarini bilishi va himoya qilish mexanizmlaridan xabardor bo‘lishi jamiyat barqarorligi uchun muhim shartlardan biridir.
Janat AYMAG’ANBETOVA
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyasi