JINOYATCHILIK VA HUQUQBUZARLIK OQIBATLARINI TUSHUNTIRISH MAQSADIDA SAYYOR SUD MAJLISI TASHKIL ETILDI

Beruniy tumani Yoshlar markazida sudyalarning yoshlar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi hamda sayyor sud jarayoni tashkil etildi.

Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudining tergov sudyasi I.Allaniyazov hamda Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi A.Salievlar ishtirok etdi.

 

 

Uchrashuv davomida tergov sudyasi I.Allaniyazov yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bu illatlarning salbiy oqibatlari haqida fikr yuritdi. U jinoyat sodir etish oqibatlari, mavjud qonunchilikdagi tartiblar va yoshlarning huquqiy ongini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida yoshlarga atroflicha tushuncha berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi PQ-1-sonli qarori asosida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berdi.

 

 

Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi A.Saliev esa O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 11-martdagi O‘RQ-1047-sonli Qonuni mazmun-mohiyatini ta’kidlar ekan, ushbu qonun asosida sud tizimida yaratilgan qulayliklar, xususan, sud jarayonlarining masofaviy shaklda (onlayn tarzda) o‘tkazilishi imkoniyati haqida ma’lumot berdi. Sudya sud majlisining real vaqt rejimida masofadan turib qanday tashkil etilishi mumkinligini yoshlar ishtirokida amaliy tarzda namoyish qilib berdi. Bu esa yoshlar uchun zamonaviy sud tizimi imkoniyatlarini bevosita kuzatish imkonini yaratdi.

 

Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudining tergov sudyasi I.Allaniyazov tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarlikning real oqibatlarini yoshlar ongida yanada mustahkamlash maqsadida sayyor sud jarayoni tashkil etildi. Yoshlar ushbu sud majlisida bevosita ishtirok etib, sud jarayonining qanday kechishini, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini amaliy ravishda kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.

 

Tadbir davomida sudyalar yoshlar bilan ochiq muloqotda bo‘lib, ularning qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berishdi.

 

 

Mazkur uchrashuv yoshlar huquqiy bilimini oshirish va huquqiy madaniyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.