«ODIL SUDLOV — 2030»: RAQAMLAR ORTIDA INSON TAQDIRI

 

«Odil sudlov — 2030» strategiyasi — mamlakatimizda sud-huquq sohasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjat.

 

Menimcha, uning eng muhim jihati shundaki, strategiya markazida — inson turibdi. Ya’ni insonning huquqi, uning erkinligi, qonuniy manfaati va, eng muhimi, adolatga bo‘lgan ishonchi. Strategiyada sud tizimini rivojlantirishning 6 ta ustuvor yo‘nalishi belgilangan.

 

Bular — «Xalqchil sud», «Adolat qo‘rg’oni», «Kafolatlangan adolat», «Adolat posbonlari», «Raqamli odil sudlov» va «Xalqaro e’tirof».

 

Bu yo‘nalishlar doirasida 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan 160 ta aniq chora-tadbir belgilangan. Shuningdek, 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta asosiy maqsad nazarda tutilgan.

 

Albatta, raqamlar muhim. Lekin fuqaro uchun eng muhimi — bu islohotlar uning hayotida qanday aks etadi?

Menimcha, buni eng avvalo sudga murojaat qilgan inson his qilishi kerak.

Fuqaro sudga kelganda sarson bo‘lmasligi kerak.

«Qaysi sudga murojaat qilaman? Qanday hujjat kerak? Yana qaerga borishim lozim?» degan savollar bilan ovora bo‘lmasligi kerak.

Aksincha, sudga kelgan inson o‘z muammosi eshitilishiga va qonuniy echim topishiga ishonch hosil qilishi kerak.

 

Ana shu nuqtai nazardan, strategiyadagi «Adolat qo‘rg’oni» yo‘nalishi alohida ahamiyatga ega.

 

«Adolat qo‘rg’oni» — bu, avvalo, inson huquqlari ishonchli himoya qilinadigan, har qanday tashqi ta’sir va aralashuvdan xoli bo‘lgan mustaqil sud tizimi degani.

Chunki inson sudga, odatda, oddiy hayotiy masala bilan murojaat qiladi.

 

Kimdir oilaviy nizo bilan keladi. Kimdir meros masalasida huquqini himoya qilmoqchi bo‘ladi. Yana kimdir mehnat, mulk yoki qarz bilan bog’liq muammosini hal qilish uchun sudga murojaat qiladi.

 

Har bir inson uchun esa uning muammosi — muhim.

 

Shuning uchun sud har bir ishga xolis yondashishi, taraflarni teng eshitishi va qarorni faqat qonun hamda dalillarga asoslanib qabul qilishi kerak.

Bu erda sudya mustaqilligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

 

Sudya qaror qabul qilayotganda kimningdir mavqeiga yoki ta’siriga emas, qonunga tayanadi. Sudya mustaqilligi — sudya uchun imtiyoz emas.

Bu — fuqaroning adolatli sudlovga bo‘lgan huquqi kafolati. Strategiyada sudni insonga yanada yaqinlashtirishga ham katta e’tibor qaratilgan.

 

Xususan, 2030 yilga qadar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarni 208 ta tuman va shaharda bosqichma-bosqich tashkil etish belgilanmoqda. Buning ahamiyati juda katta. Chunki ayrim hollarda inson o‘zining oddiy hayotiy muammosi bo‘yicha sudga borish uchun o‘nlab, hatto yuzlab kilometr yo‘l bosishiga to‘g’ri keladi.

 

Masalan, oilaviy masala yoki meros nizosi uchun odam boshqa tumanga borib kelishga majbur bo‘lmasligi kerak.

 

Sud insonga yaqin bo‘lishi kerak. Shuningdek, «Yagona darcha» tamoyilining joriy etilishi ham fuqarolar uchun katta qulaylik yaratadi. Inson bir hujjat uchun bir nechta xonaga kirib chiqmasligi, qaerga va qanday murojaat qilishini oson bilishi kerak.

 

Yana bir muhim masala — sud qarorining tushunarli bo‘lishi.

 

Menimcha, inson sud qarorini o‘qiganda, eng avvalo, bitta savolga javob topishi kerak: «Nega sud aynan shunday qaror qabul qildi?» Shuning uchun qaror qonuniy va asosli bo‘lishi bilan birga, aniq, mantiqiy va oddiy fuqaro tushunadigan darajada ravshan bayon qilinishi muhim. Adolat esa faqat qarorning o‘zi emas. Ishning o‘z vaqtida ko‘rilishi, taraflarning tengligi ta’minlanishi, har bir dalilga xolis baho berilishi va qabul qilingan qarorning o‘z vaqtida ijro etilishi ham adolatning bir qismi.

 

Strategiyada sudyalarni sudlovga bevosita aloqador bo‘lmagan vazifalardan ozod qilish ham nazarda tutilgan.

 

2028 yildan «sud ma’murchiligi» institutining joriy etilishi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Ya’ni sudyaning asosiy vazifasi — xo‘jalik yoki ma’muriy ishlar bilan emas, odil sudlov bilan shug’ullanish.

 

Chunki sudyaning vaqti qanchalik ko‘p odil sudlovga yo‘naltirilsa, sud qarorlarining sifati ham shunchalik oshadi. Shuning uchun men «Adolat qo‘rg’oni»ni shunday tasavvur qilaman: uning poydevori — qonun ustuvorligi. Mustahkam devorlari — sud mustaqilligi. Uning ichida esa har bir insonning huquqi va qonuniy manfaati ishonchli himoya qilinishi kerak.

 

Eng muhimi — bu qo‘rg’on hamma uchun birdek mustahkam bo‘lishi shart.

 

Chunki adolatning haqiqiy qiymati — uning kimgadir emas, barchaga birdek ta’minlanishida. Va ishonchim komilki, «Odil sudlov — 2030» strategiyasida belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilsa, sudga bo‘lgan ishonch ham, qonunga bo‘lgan hurmat ham yanada yuksaladi.

 

 

 

 

Nizamatdin ABDAKIMOV,

Qoraqaplog’iston Respublikasi sudi sudyasi

SUDGA ISHONCH QAERDAN BOSHLANADI? «ADOLAT QO‘RG’ONI»DAN

«Odil sudlov — 2030» strategiyasida belgilangan muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri — «Adolat qo‘rg’oni».

Bu nomning o‘zida katta ma’no bor. Chunki sud, avvalo, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan, har qanday ta’sir va aralashuvdan xoli bo‘lgan mustahkam tayanch bo‘lishi kerak.

Bugungi sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadi ham — insonni sudga emas, sudni insonga yanada yaqinlashtirishdir.

Fuqaro o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilganda ortiqcha ovoragarchilik, byurokratik to‘siqlarga duch kelmasligi kerak. Shu maqsadda sudlarga murojaat qilish tartibini soddalashtirish, «yagona darcha» tamoyilini kengaytirish, sudlarni aholiga yaqinlashtirish va uzoq hududlarda yashayotgan fuqarolar uchun ham odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu erda yana bir muhim masala bor. Sudga murojaat qilgan inson, eng avvalo, uning gapi eshitilishini, ishiga xolis va adolatli baho berilishini kutadi. Shuning uchun sud jarayonida taraflarning tengligi, har bir dalil va vajga xolis baho berish, ishlarni oqilona muddatlarda ko‘rib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sud qarorlari ham fuqaro uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Qaror qanchalik murakkab huquqiy hujjat bo‘lmasin, uning mazmuni aniq, mantiqiy va ravshan bayon etilsa, inson o‘z huquqi va majburiyatini yaxshiroq anglaydi.

Albatta, «Adolat qo‘rg’oni»ning eng muhim ustunlaridan biri — sudya mustaqilligidir. Sudya qaror qabul qilishda faqat qonunga, ish bo‘yicha to‘plangan dalillarga va o‘zining huquqiy ishonchiga tayanadi. Uning faoliyatiga har qanday tashqi ta’sir yoki aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligi — odil sudlovning eng muhim kafolatidir.

Shu bilan birga, sudyalarni sudlovga bevosita aloqador bo‘lmagan vazifalardan ozod qilish, sudlarning tashkiliy va ma’muriy faoliyatini samarali tashkil etish ham sud mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Zero, sud — faqat nizoni hal qiladigan muassasa emas. Sud — insonning huquqi, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan muhim davlat instituti.

Shu ma’noda, «Adolat qo‘rg’oni» — shunchaki chiroyli nom emas. Uning zamirida aniq maqsad mujassam: inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va mustaqil sudlovni kafolatlash.

Adolatning haqiqiy mezoni esa — har bir insonning huquqi qonun oldida birdek himoya qilinganida namoyon bo‘ladi. Sudga ishonch mustahkam bo‘lsa, jamiyatda qonunga ishonch ham mustahkam bo‘ladi.

 

Jetkinshek QDIRNIYAZOV
jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘manoy tumani sudi tergov sudyasi

O‘ZBEKISTONDA MA’MURIY SUDLARDA YANGI VAKOLATLAR VA TARTIBLAR

 

 Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yangi huquqiy institutlarni amaliyotga joriy etilib, sudlarning roli yanada oshirilmoqda.

 

Bu borada, 2026-yil 14-avgustda qabul qilingan O‘RQ–1165-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Qonunga muvofiq, m a’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy organ mansabdor shaxsining yoki uning vakilining sudga kelmaganligi oqibatlari to‘g‘risidagi norma kiritildi.

 

Unga ko‘ra, ma’muriy organning qarori yoki uning mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan berilgan arizani (shikoyatni) ko‘rishda mansabdor shaxsning yoki uning vakilining sud majlisidagi ishtiroki majburiy hisoblanadi. Ushbu arizani (shikoyatni) ko‘rishda mansabdor shaxs yoki uning vakili sud majlisida ishtirok etmagan taqdirda sud muhokamasi keyinga qoldiriladi.

 

Ma’muriy organ mansabdor shaxsining yoki uning vakilining sud muhokamasida ishtirok etmagani sud tomonidan uzrli deb topilmagan taqdirda, sud mansabdor shaxsga nisbatan sud jarimasini qo‘llashga haqli.

 

Ma’muriy organ mansabdor shaxsining yoki uning vakilining ishtiroki ishning har tomonlama, to‘liq va to‘g‘ri hal qilinishiga to‘sqinlik qilmagan taqdirda, ish davlat organi mansabdor shaxsining yoki uning vakilining ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi ma’muriy sud tomonidan nizolarni hal etish jarayonida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibini nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda, ya’ni мa’muriy sudlar tomonidan nizolarni hal etish jarayonida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlarini aniqlasa, мa’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180- va 181-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishi mumkin.

 

Bundan tashqari, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga «ishonchning huquqiy himoyasi» prinsipi kiritildi. Unga ko‘ra, manfaatdor shaxsning ma’muriy organ qaroriga nisbatan qonun bilan qo‘riqlanadigan ishonchi himoya qilinadi.

 

Yana bir muhim yangilik – qonun bilan ma’muriy sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi.

 

Unga ko‘ra, ma’muriy organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka mos kelmaydigan va shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida dastlabki eshituv o‘tkaziladi.

 

Sudya dastlabki eshituvni ariza sudga kelib tushgan kundan boshlab 20 kundan kechiktirmay o‘tkazishi kerak.

 

Dastlabki eshituvda arizachining talablari va javobgarning e’tirozlari aniqlashtiriladi, arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Bundan tashqari, arizachiga zarur dalillarni, javobgarga esa o‘z fikrini yozma ravishda taqdim etish bo‘yicha tushuntirishlar beriladi. Sudya arizadagi talablar va ish bo‘yicha mavjud dalillarga dastlabki huquqiy baho ham beradi.

 

Dastlabki eshituv yakunlari bo‘yicha sud arizani ko‘rmasdan qoldirish, kelishuv bitimini tasdiqlash yoki ishni sud muhokamasiga tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.

 

Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonun fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarina himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga, sudlarga murojaat qilishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga, sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga, shuningdek davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.

 

 

Sarbinaz ABDIKARIMOVA,

 Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudya katta yordamchisi

AYOL SHA’NI VA BOLA HUQUQLARI — QONUNNING OLIY HIMOYASIDA

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 martdagi PF-33-sonli Farmoni mamlakatda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini tubdan kuchaytirish hamda ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga chek qo‘yishga qaratilgan muhim tarixiy hujjatdir. Mazkur Farmon jamiyatda sog’lom muhitni shakllantirish va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasizlik kayfiyatini mustahkamlashni maqsad qilgan.

 

Jamiyatning sog’lomligi va kelajagi ayollar hamda bolalarning qanchalik xavfsiz va baxtli yashashi bilan belgilanadi. Shu bois, davlatimiz tomonidan inson qadrini ulug’lash, ayniqsa, xotin-qizlar va voyaga etmaganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida qat’iy choralar ko‘rilmoqda. 2026 yil 3 mart kuni qabul qilingan Prezident Farmoni bu boradagi islohotlarni yangi, yuqori bosqichga olib chiqdi.

 

Farmonning asosiy ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari:

 

Erta nikohlarning oldini olish: Nikoh yoshiga etmagan shaxslar bilan haqiqatda oilaviy munosabatlarga kirishish holatlariga chek qo‘yish va ota-onalarning mas’uliyatini oshirish.
Yosh oilalarni rag’batlantirish: Ikkala taraf ham kamida 21 yoshga to‘lib, birinchi marta nikoh qurganda davlat tomonidan alohida imtiyozlar va Ijtimoiy reestrdagi oilalar uchun 1,5 baravar oshirilgan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, grantlar) berish tizimi joriy etiladi.

Zo‘ravonlikka qarshi raqamli himoya: Himoya orderi berilgan xotin-qizlarning telefonlariga zudlik bilan xabar berishni ta’minlovchi «SOS» chaqiruv («my.ihma.uz») mobil ilovasi o‘rnatiladi.
Ta’limda «Ikkinchi imkoniyat»: Homilador talaba-qizlar va 3 yoshgacha farzandi bor talabalarga akademik ta’til davrida masofaviy o‘qish hamda ta’limni tiklash bo‘yicha engilliklar beriladi.
Yangi jinoiy javobgarliklar: Xalqaro standartlar asosida femitsid (jinsi sababli o‘ldirish), stalking (ta’qib qilish), kiberzo‘ravonlik va onlayn gruming (internet orqali bolaning ishonchiga kirish) kabi zamonaviy tahdidlar uchun qonuniy javobgarlik belgilash vazifasi qo‘yildi.

Professional tergov va sudlov: 2027 yil 1 yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlari faqat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

 

Xulosa o‘rnida, mazkur hujjat yurtimizda xotin-qizlar va bolalar daxlsizligini ta’minlash, oila institutini maishiy zo‘ravonliklardan holi tarzda mustahkamlash yo‘lidagi eng kompleks va sobitqadam qadamdir. Zero, ayol va bola himoyalangan yurtning kelajagi hamisha farovon va qudratli bo‘ladi.

 

 

 Janat AYMAGANBETOVA,

 Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi   

OILA TINCHLIGI — JAMIYAT BARQARORLIGI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g’ini ekanligi hamda davlat muhofazasida bo‘lishi belgilangan. Bu norma oilada tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlikni ta’minlash nafaqat shaxsiy, balki jamiyat uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, Konstitutsiyada erkak va ayolning nikohda teng huquqli ekani belgilab qo‘yilgan. Demak, oilaviy nizolarni hal etishda har ikki tomonning huquq va manfaatlarini hurmat qilish muhimdir.

Oila — inson hayotidagi eng muhim ijtimoiy muhitlardan biri. Unda inson mehr, hurmat, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni his qiladi. Biroq turli xarakter, dunyoqarash, ehtiyoj va hayotiy qarashlarning to‘qnashuvi natijasida oilada nizoli vaziyatlar ham yuzaga kelishi mumkin. Bunday nizolar o‘z vaqtida to‘g’ri hal etilmasa, oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Oilaviy nizolarning kelib chiqishiga turli omillar sabab bo‘ladi. Jumladan, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro tushunmovchilik, moliyaviy qiyinchiliklar, ishsizlik, maishiy muammolar, farzand tarbiyasiga turlicha yondashuv, qarindoshlarning oilaviy hayotga ortiqcha aralashuvi, ishonchsizlik va muloqot etishmasligi shular jumlasidandir. Ayrim hollarda esa kichik kelishmovchiliklar yig’ilib borib, jiddiy mojaroga aylanishi mumkin.

 

Nizoning o‘zi har doim ham oila buzilishiga olib keladigan salbiy holat emas. Muammoni tinch yo‘l bilan muhokama qilish va bir-birini eshitish orqali kelishmovchilikni bartaraf etish mumkin. Asosiy muammo nizo vaqtida haqorat, tahdid, zo‘ravonlik yoki bir-birini kamsitish kabi usullarning qo‘llanilishidadir. Bunday munosabatlar oiladagi ishonch va hurmatni susaytiradi.

 

Oilaviy nizolarning eng katta ta’sirlaridan biri farzandlar ruhiyatida namoyon bo‘ladi. Doimiy janjal muhitida ulg’aygan bolada qo‘rquv, xavotir, o‘ziga ishonchsizlik va o‘qishga qiziqishning pasayishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Shuning uchun ota-ona nafaqat o‘z munosabatlari, balki farzandlarining ruhiy xotirjamligi haqida ham o‘ylashi lozim.
Oilada sog’lom muhitni saqlash uchun, avvalo, samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish zarur. Har bir oila a’zosi o‘z fikrini xotirjam bayon qilishi, boshqalarning fikrini esa hurmat bilan tinglashi kerak. Muammoni hal qilishda «kim aybdor?» degan savoldan ko‘ra, «muammoni qanday hal qilamiz?» degan yondashuv ko‘proq samara beradi.

Shuningdek, oila a’zolari o‘rtasida ishonch va mas’uliyatni mustahkamlash muhim. Er-xotin bir-birining mehnati va hissasini qadrlashi, muhim qarorlarni imkoni boricha birgalikda qabul qilishi lozim. Moliyaviy masalalar, farzand tarbiyasi va maishiy vazifalar bo‘yicha oldindan kelishib olish ko‘plab tushunmovchiliklarning oldini olishi mumkin.

 

Agar nizo mustaqil ravishda hal bo‘lmasa, oilaviy psixolog, mediator yoki boshqa tegishli mutaxassisga murojaat qilish ham foydali. Mutaxassis vaziyatga xolis baho berib, taraflarga muammoni tinch va konstruktiv tarzda hal qilishga yordam berishi mumkin.

 

Nizo — bu oilaning tugashi emas, balki yangi bosqichga o‘tish uchun signal deb tushunish lozim. Sog’lom oila umuman urishmaydigan emas, balki nizolardan to‘g’ri xulosa chiqaradigan oiladir.

 

Sud amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, oilaviy nizolar faqat er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik bilan cheklanib qolmaydi. Bunday nizolar nikohdan ajratish, aliment undirish, otalikni belgilash, farzandning kim bilan yashashini aniqlash, bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash, umumiy mol-mulkni bo‘lish va boshqa huquqiy masalalarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun har qanday oilaviy nizoni hal etishda, avvalo, oila a’zolarining huquq va qonuniy manfaatlarini, ayniqsa voyaga etmagan farzandlar manfaatini himoya qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Xulosa qilib aytganda, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash har bir oila a’zosining mas’uliyatidir. O‘zaro hurmat, sabr-toqat, ochiq muloqot va kechira bilish oiladagi ko‘plab nizolarning oldini olishga xizmat qiladi. Eng muhimi, har qanday kelishmovchilikda inson qadri, oila tinchligi va farzandlar manfaati ustuvor bo‘lishi kerak.

 

Azamat ABDIRASULIEV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng’irot tumanlararo sudi raisi

MUROJAATLAR — ADOLAT KO‘ZGUSI: SUD TIZIMIDA YANGICHA MUNOSABATLAR DAVRI

 

Bugungi kunda davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Endi «fuqaro davlat uchun emas, davlat fuqaro uchun» degan shior real haqiqatga aylanmoqda. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa, sud tizimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Ilgari sud muassasalari ko‘pchilik uchun «yopiq qo‘rg’on» sifatida qabul qilinar edi. Odamlar o‘z muammolari bilan sudga murojaat qilishdan cho‘chir, sud jarayonlarining murakkabligi esa ularni charchatar edi. Bugungi islohotlarning asosiy maqsadi esa — inson qadrini ulug’lash, adolatni har bir insonning qalbi va xonadoniga olib kirishdan iborat.

Raqamlashtirish — adolatning yangi kuchi

Sud tizimidagi «Yangi davr»ni raqamlashtirishsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. «E-SUD» elektron hujjat almashish tizimi, sud majlislarini onlayn translyatsiya qilish, sud hujjatlarini elektron shaklda olish kabi imkoniyatlar fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olmoqda. Eng muhimi, murojaatlarni «inson omili»siz ko‘rib chiqish korruptsiya xavfini keskin kamaytiradi.

Endilikda fuqaro o‘z murojaatining qaysi bosqichda ekanligini, uning ijrosi kimga yuklatilganini masofadan turib kuzatish imkoniyatiga ega. Bu — sudga bo‘lgan ishonchni tiklashning eng ishonchli yo‘llaridan biri hisoblanadi.

Muammolarga echim — mahallada

Sud tizimida aholi muammolarini hal etishning eng samarali yo‘li sifatida sayyor qabullar amaliyoti keng joriy etildi. Sudyalarning o‘zlari fuqarolarning yashash joylariga, mahallalarga chiqib, ularning dard-tashvishlarini tinglashi, joyida huquqiy tushuntirish berishi yoki muammolarni sud tartibida hal etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi yuzlab insonlarning hayotini engillashtirmoqda.

Bunday muloqotlarda odamlar nafaqat qonuniy echimni, balki o‘zlariga nisbatan e’tibor va g’amxo‘rlikni ham his qilmoqda. Zero, adolat nafaqat sud zalida, balki insonlarning roziligida, ularning muammolari o‘z vaqtida hal etilishida ham namoyon bo‘ladi.

Yangi davr — yuksak mas’uliyat

Bugungi kunda sud tizimi xodimlari oldiga qo‘yilayotgan talablar ham o‘zgardi. Endilikda sudya yoki sud apparati xodimi faqat hujjatlarni rasmiylashtiruvchi emas, balki muammoni chuqur his etadigan, qonun doirasida insonparvar qaror qabul qila oladigan shaxs bo‘lishi ham talab etilmoqda.

Albatta, tizimda hali kamchiliklar, muammolar mavjud. Lekin eng muhimi — bugungi sud tizimi kamchiliklarni yashirmasdan, ularni ochiq muhokama qilmoqda va bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Xulosa qilib aytganda, murojaatlar bilan ishlashdagi ushbu «yangi davr» — xalqning davlatga, adolatga bo‘lgan ishonchining ortishi demakdir. Adolatli sudlov esa — kuchli jamiyat va taraqqiy etgan davlatning asosidir.

 

Azat IMATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi

Gulmira BAYNAZAROVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi

SUD TIZIMI ISLOHOTLARI IZCHIL DAVOM ETMOQDA

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026 yil 8 iyun kuni «Sudlarda komplaens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g’risida»gi Farmon imzolandi.

 

Mazkur Farmon sud organlarining ichki boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, unda uchta muhim maqsad belgilab berilgan.

 

Birinchi maqsad — sudlarda korruptsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning professional tizimini joriy etish orqali korruptsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish.

Ikkinchi maqsad — sud apparatiga ishga qabul qilishda shaffof tartib-taomillarga asoslangan ochiq tanlov hamda meritokratiya tamoyilini joriy etish.

 

Uchinchi maqsad — sud tizimiga jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va sud organlarini Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarning amaliy ishtirokchisiga aylantirish.

 

Farmonda belgilangan vazifalar quyidagi to‘rt asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:

— sud apparati xodimlari o‘rtasida korruptsiyaning oldini olish;

— Komplaens nazorat xizmatini tashkil etish;

— sudyalar korpusida korruptsiyaga murosasizlik madaniyatini shakllantirish;

— Farmon ijrosini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq muddatlar, mas’ul idoralar va amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi «yo‘l xaritasi» belgilangan.

 

Farmonning eng muhim tashkiliy yangiliklaridan biri — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparatida Komplaens nazorat xizmatini tashkil etishdir. Mazkur xizmat Oliy sud raisiga bevosita bo‘ysunadi va 3 ta shtat birligidan iborat bo‘ladi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida jami 15 ta komplaens inspektori lavozimini joriy etish nazarda tutilgan.

 

Komplaens nazorat xizmatining asosiy vazifalariga korruptsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, kasb etikasi qoidalariga rioya etilishini doimiy monitoring qilish, ishga qabul qilish jarayonida oshkoralik va xolislikni ta’minlash, shuningdek, xodimlar va ularning oila a’zolari — turmush o‘rtog’i hamda voyaga etmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini yuritish kiradi.

 

Farmon bilan sud apparatini boshqarishda yangi yondashuv — HR-meritokratik tamoyillarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, «vacancy.sud.uz» portalini ishlab chiqish va ishga tushirish nazarda tutilgan. Mazkur platforma orqali sud apparatidagi barcha bo‘sh lavozimlar ochiq va raqobatli tanlov asosida e’lon qilinadi. Nomzodlar sun’iy intellekt yordamida saralash, test sinovlari hamda kasbiy ko‘nikmalarni baholash bosqichlaridan o‘tkaziladi.

 

«SudHR» elektron platformasi esa sud tizimida xodimlar bilan ishlashning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan. U orqali xodimlar faoliyati monitoringi, ularning kasbiy o‘sish traektoriyasi, malaka oshirish rejalari va samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash jarayonlari raqamli, shaffof va ob’ektiv tarzda amalga oshiriladi.

 

Farmonda belgilangan chora-tadbirlar rivojlangan davlatlar sud tizimining ilg’or va sinovdan o‘tgan tajribasini milliy sud tizimiga moslashtirish, korruptsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga ko‘tarish, korruptsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda samarali ichki nazorat mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.

 

 

Ibrayim ALLANIYAZOV
Jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudining tergov sudyasi

KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH: JAZO EMAS, ADOLAT USTUVORLIGI

 

Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga toʻsqinlik qiladigan, davlat boshqaruvi samaradorligi va fuqarolarning qonunga boʻlgan ishonchiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xavfli illatdir.

 

Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish bugun faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu — davlat organlari, fuqarolik jamiyati va har bir fuqaroning umumiy masʼuliyatidir.

 

Sudya sifatidagi faoliyatim davomida shu haqiqatga amin boʻldimki, korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat jazoni kuchaytirishning oʻzi yetarli emas. Eng muhimi — qonunbuzarlikka olib keladigan shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash, ularni bartaraf etish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdir.

 

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlash va profilaktik mexanizmlarni kuchaytirish maqsadida 2026-yil 22-iyunda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

 

Mazkur qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

 

Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlarning huquqiy doirasi yanada aniqlashtirilib, ayrim korrupsiyaviy qilmishlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

 

Bunda asosiy maqsad faqat jazolash emas, balki korrupsiyaga qarshi huquqiy immunitetni kuchaytirish, mansabdor shaxslarning qonunga itoatkorligi va masʼuliyatini oshirishdan iborat.

 

 

Sud hokimiyatining asosiy vazifasi — qonun ustuvorligi va odil sudlovni taʼminlash.

 

Korrupsiyaga oid jinoyatlar boʻyicha ishlarni koʻrib chiqishda bu talab yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bunday ishlar koʻpincha mansab, xizmat vakolati va shaxsiy manfaatlar bilan bogʻliq boʻladi.

 

Biroq shaxsning lavozimi, mavqei yoki jamiyatdagi oʻrni sud uchun ustuvor mezon boʻla olmaydi.

 

 

Har bir ishda jinoyat tarkibi, shaxsning aybi, qilmishning oqibatlari va boshqa barcha holatlar qonun talablari asosida sinchiklab tekshirilishi lozim.

 

Javobgarlik muqarrarligi — har qanday holatda jazo tayinlash degani emas. Bu, avvalo, jinoyat sodir etgan va aybi qonuniy tartibda isbotlangan shaxsning javobgarlikdan chetda qolmasligini taʼminlashdir.

 

Shu bilan birga, aybsiz shaxsning asossiz javobgarlikka tortilishiga yoʻl qoʻymaslik ham odil sudlovning ajralmas talabidir.

 

 

Yangi qonunning muhim jihatlaridan biri korrupsiyaga oid jinoyatlarning huquqiy doirasini aniqlashtirish bilan bogʻliq.

 

Bu, oʻz navbatida, huquqni qoʻllash amaliyotida yagona yondashuvni shakllantirish, korrupsiyaviy xususiyatga ega qilmishlarni aniq farqlash va ularga nisbatan qonuniy huquqiy baho berish imkonini kengaytiradi.

 

Korrupsiyadan olingan noqonuniy daromadlarni yashirish yoki ularni qonuniylashtirishga qaratilgan harakatlarni ham korrupsiyaga qarshi kurashish tizimidan chetda qoldirmaslik muhimdir.

 

Chunki korrupsiyaga qarshi kurashish faqat pora berish yoki olish holatini aniqlash bilan cheklanmasligi kerak. U korrupsiya orqali orttirilgan manfaat va mablagʻlarning keyingi harakatiga ham daxldor boʻlishi lozim.

 

 

Korrupsiyaga qarshi kurashishda javobgarlik muqarrarligi prinsipi alohida oʻrin tutadi.

 

Yangi qonunchilikda ayrim korrupsiyaviy xususiyatga ega qilmishlar uchun javobgarlikning kuchaytirilishi ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

 

Ayniqsa, mansabdor shaxslarning xizmat vakolatlaridan foydalanishi bilan bogʻliq qilmishlarga huquqiy baho berishda aniq mezonlarning belgilanishi muhim.

 

Mansabdor shaxsga berilgan vakolat — shaxsiy imtiyoz emas, balki jamiyat oldidagi masʼuliyatdir.

 

Shuning uchun xizmat vakolatidan qonunga zid ravishda foydalanish nafaqat muayyan shaxsga, balki davlat organiga boʻlgan ishonchga ham zarar yetkazadi.

 

 

Zamonaviy yondashuv korrupsiya sodir boʻlgandan keyin unga qarshi chora koʻrish bilan cheklanmasligi kerak.

 

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, davlat organlari va tashkilotlarida ichki nazoratni kuchaytirish — profilaktikaning muhim vositalaridir.

 

Shu jihatdan yangi qonun bilan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat va komplayens mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan yondashuvlar alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, ularni minimallashtirish choralarini ishlab chiqish, tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni takomillashtirish — huquqbuzarlik sodir boʻlgandan keyin uni bartaraf etishdan koʻra samaraliroq profilaktik yondashuvdir.

 

Chunki korrupsiyaga qarshi kurashishning eng yaxshi natijasi koʻrilgan jinoyat ishlarining koʻpligida emas, balki jinoyat sodir etilishiga imkon beruvchi sharoitlarning kamayishida namoyon boʻladi.

 

 

Korrupsiyaga qarshi kurashishda yana bir muhim yondashuv — korrupsiyaviy xavf-xatarlarni hududlar va sohalar kesimida aniqlashdir.

 

Bunday yondashuv korrupsiyaga qarshi choralarni umumiy tarzda emas, balki aniq xavf mavjud boʻlgan sohalar va jarayonlarga yoʻnaltirish imkonini beradi.

 

Davlat xaridlari, ruxsat berish, litsenziyalash, yer munosabatlari, byudjet mablagʻlaridan foydalanish, kadrlar bilan bogʻliq qarorlar kabi sohalardagi korrupsiyaviy xavflarni tizimli tahlil qilish ularning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Shu maʼnoda korrupsiyaga qarshi kurashishda statistika faqat sodir etilgan jinoyatlarni hisoblash vositasi emas, balki kelgusidagi profilaktika choralarini belgilash uchun muhim manba boʻlishi kerak.

 

 

Korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda fuqarolik jamiyatining ishtiroki ham muhim.

 

Korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsning huquqlari himoya qilinmasa, bunday holatlar haqida xabar berishga nisbatan ishonchsizlik paydo boʻlishi mumkin.

 

Shu bois korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni huquqiy himoya qilish, ularni taʼqibdan asrash va qonunchilikda belgilangan tartibda ragʻbatlantirish mexanizmlarini kuchaytirish muhim qadamdir.

 

Biroq bu yerda ham asosiy huquqiy mezon — xolislik.

 

Korrupsiya haqidagi har qanday xabar vakolatli organlar tomonidan qonun doirasida tekshirilishi lozim. Xabar berishning oʻzi shaxsning aybdorligini anglatmaydi.

 

Aybdorlik faqat qonunda belgilangan tartibda isbotlangandagina huquqiy oqibat keltirib chiqaradi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunchilik choralari bilan bir qatorda inson omili ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

 

Halollik, vijdonan mehnat qilish, xizmat vakolatidan shaxsiy manfaat yoʻlida foydalanmaslik kabi qadriyatlar jamiyatda qanchalik mustahkam boʻlsa, korrupsiya uchun shunchalik kam imkoniyat qoladi.

 

Ayniqsa, yosh avlodda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim.

 

Yoshlarga korrupsiyaning huquqiy oqibatlarini tushuntirish bilan birga, ularga halollikning qadrini anglatishimiz kerak. Zero, korrupsiyaga qarshi immunitet jazo qoʻrquvidan emas, qonunga hurmat va halollik eʼtiqodidan shakllanadi.

 

Sudya uchun korrupsiyaga qarshi kurashish — faqat jinoyatga jazo tayinlash emas.

 

Bu — har bir ishda qonun ustuvorligini taʼminlash, shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish, dalillarga xolis baho berish va adolatli qaror qabul qilish demakdir.

 

Sudning har bir qonuniy va asosli qarori jamiyatda qonunga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi.

 

Shuning uchun sudyaning masʼuliyati faqat qaror qabul qilish bilan cheklanmaydi. Uning har bir qarori ortida inson taqdiri, jamiyatning adolatga boʻlgan ishonchi va qonun ustuvorligi turadi.

 

Korrupsiyaga oid jinoyat ishlarida sudning xolisligi va mustaqilligi ayniqsa muhim. Sud jamoatchilikdagi talabni emas, qonunni mezon qilishi lozim.

 

Zero, qatʼiylik — qonuniylikdan, adolat esa xolislikdan boshlanadi.

 

2026-yil 22-iyunda qabul qilingan mazkur qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlash, profilaktika mexanizmlarini kuchaytirish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Biroq qonun qanchalik mukammal boʻlmasin, uning samarasi amaliyotda qanday qoʻllanishiga bogʻliq.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari va har bir fuqaroning oʻrni bor.

 

Mening sudya sifatidagi qatʼiy ishonchim shuki: qonun hamma uchun bir xil ishlagan joyda adolat qaror topadi; adolat qaror topgan jamiyatda esa korrupsiyaga oʻrin qolmaydi.

 

Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashishning eng kuchli quroli — nafaqat jazo, balki qonun ustuvorligi, ochiqlik, halollik va odil sudlovga boʻlgan ishonchdir.

 

 

Erpolat BERDIYEV,

Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻngʻirot tumani sudi raisi

 

HOMIYLIK VA VASIYLIK BO‘YICHA SUD AMALIYOTI: HUQUQIY ASOSLAR VA DOLZARB MASALALAR

 

Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish har qanday huquqiy davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, voyaga etmaganlar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlarini ta’minlashda vasiylik va homiylik instituti muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur institut nafaqat ijtimoiy muhofaza vositasi, balki inson huquqlarini ta’minlashning samarali huquqiy mexanizmi ham hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga muvofiq, davlat etim bolalarni va ota-ona qaramog’idan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi hamda bolalarning huquqlarini himoya qiladi. Ushbu konstitutsiyaviy norma vasiylik va homiylik munosabatlarini tartibga soluvchi barcha huquqiy mexanizmlarning asosini tashkil etadi.

 

Vasiylik va homiylikka oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining vasiylik va homiylik sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.

 

Fuqarolik kodeksining tegishli normalariga ko‘ra, vasiylik o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga etmaganlar hamda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga nisbatan belgilanadi. Homiylik esa o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga etmaganlarga, shuningdek, muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan o‘rnatiladi.

 

Sud amaliyotida mazkur toifadagi ishlar asosan fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish, muomala layoqatini cheklash, vasiy yoki homiy harakatlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish hamda vasiylik va homiylik bilan bog’liq nizolarni hal etish bilan bog’liq hollarda uchramoqda.

 

Amalda sudlar tomonidan ko‘rilayotgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g’risidagi ishlar alohida ehtiyotkorlik bilan ko‘rib chiqilishi lozim. Chunki bunday qaror insonning bir qator fuqarolik huquqlarini mustaqil amalga oshirish imkoniyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli sudlar mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasi, tibbiy hujjatlar va boshqa dalillarni har tomonlama baholaydi.

 

Fuqarolik protsessual qonunchiligiga muvofiq, shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish bilan bog’liq ishlar alohida ish yurituv tartibida ko‘riladi. Bunda sudning asosiy vazifasi nafaqat huquqiy faktni aniqlash, balki inson huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashdan iboratdir.

 

Sud amaliyotida voyaga etmagan bolalar manfaatlari bilan bog’liq masalalar ham muhim o‘rin egallaydi. Bola huquqlari to‘g’risidagi Konventsiya talablaridan kelib chiqqan holda, har qanday qaror qabul qilishda bolaning eng yaxshi manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun sudlar vasiy yoki homiyni aniqlashda nomzodning shaxsiy fazilatlari, yashash sharoiti, bolaga bo‘lgan munosabati hamda uning tarbiyasi uchun yaratilgan imkoniyatlarni sinchiklab baholaydi.

 

Ayrim hollarda vasiy yoki homiy tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari ham uchrab turadi. Xususan, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarishda qonun talablariga rioya etmaslik yoki uning manfaatlariga zid harakat qilish holatlari aniqlanganda, sudlar qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli huquqiy choralarni qo‘llaydi.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug’lash va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar natijasida vasiylik va homiylik organlari hamda sudlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada takomillashtirildi. Bu esa mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha qarorlarning qonuniyligi va adolatliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

 

Xulosa qilib aytganda, vasiylik va homiylik instituti inson huquqlarini ta’minlashning muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi. Sudlar tomonidan ushbu toifadagi ishlar Konstitutsiya, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan printsiplari asosida ko‘rib chiqilishi huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir. Bu jarayonda har bir qarorning markazida inson manfaati, ayniqsa bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning huquqlari turishi lozim.

 

 

Sarbinaz OPAEVA,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining sudyasi

TABIIY RESURSLARGA EGALIK QILISH HUQUQINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK HAMDA YER UCHASTKALARIGA QONUNIY EGALIK QILISH TARTIBI  

 

 

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yer munosabatlarini tartibga solish, yer resurslaridan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash hamda ushbu sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan keng koʻlamli huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yer uchastkalarini ajratish tizimining raqamlashtirilishi, ochiq elektron auksion mexanizmlarining joriy etilishi hamda davlat yer nazoratining zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Shu bilan birga, amaliyotda yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz qurilish ishlarini amalga oshirish yoki yerdan belgilangan maqsadga zid ravishda foydalanish holatlari hamon uchrab turibdi. Bunday qonunbuzarliklar nafaqat yer munosabatlarida qonuniylik tamoyiliga putur yetkazadi, balki davlat va jamiyat manfaatlariga, shuningdek boshqa shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.

 

Shu bois tabiiy resurslarga egalik qilish huquqini muhofaza qilish, yer uchastkalariga nisbatan huquqlarning qonuniy asoslarda vujudga kelishini taʼminlash hamda mazkur sohada huquqbuzarliklarning oldini olish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasida yer munosabatlari qonunchilik bilan qatʼiy tartibga solingan boʻlib, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar va tartiblarga muvofiq vujudga keladi. Bugungi kunda yer uchastkalarini olishning eng asosiy mexanizmi elektron onlayn-auksion tizimi hisoblanadi. Ayrim hollarda esa qonunchilikda belgilangan tartibda xususiylashtirish orqali ham yer uchastkalariga mulk huquqi rasmiylashtirilishi mumkin.

 

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ogʻzaki kelishuvlar, huquqiy kuchga ega boʻlmagan hujjatlar yoki turli vaʼdalar yer uchastkasiga nisbatan huquqni vujudga keltirmaydi. Yer uchastkasidan foydalanish yoki unda qurilish ishlarini boshlash faqat vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan huquq mavjud boʻlgan taqdirdagina qonuniy hisoblanadi.

 

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida yer va boshqa tabiiy resurslarga oid huquqbuzarliklar uchun qatʼiy javobgarlik belgilangan.

 

Jumladan, yerdan, suvdan, oʻsimlik yoki hayvonot dunyosidan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlarni sodir etish, shuningdek tabiatdan maxsus foydalanish huquqini boshqalarga berish fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qoʻllashga sabab boʻladi.

 

Shuningdek, yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olish yoki unga nisbatan qonuniy huquq mavjud boʻlmagan holda undan foydalanish fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari, mansabdor shaxslar uchun esa 70 baravari miqdorida jarima qoʻllanilishiga asos boʻladi.

 

Qonunchilik yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan holda qurilish ishlarini amalga oshirishga nisbatan yanada qatʼiy yondashuvni belgilagan. Bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, mansabdor shaxslarga esa 400 baravari miqdorida jarima tayinlanishi mumkin.

 

Koʻrinib turibdiki, qonunchilikda belgilangan mazkur taʼsir choralari birinchi navbatda yer munosabatlarida qonuniylikni taʼminlash, davlat va jamiyat manfaatlarini muhofaza qilish, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.

 

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-sentyabrdagi PQ–287-sonli qarori bilan yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda davlat yer nazoratini raqamlashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi.

 

Mazkur qarorga muvofiq, Kadastr agentligining «E-YER NAZORAT» axborot tizimi davlat yer nazoratini amalga oshirishning yagona elektron platformasi etib belgilandi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab yer qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ular boʻyicha tegishli choralar koʻrishga doir vazifalar asosan mazkur tizim orqali amalga oshirilmoqda.

 

Tizim kosmik suratlar, aerokosmik monitoring hamda davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan boʻlib, yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish va yerdan maqsadsiz foydalanish holatlarini qisqa muddatlarda aniqlash imkonini beradi.

 

Shuningdek, «Oʻzbekkosmos» agentligi tomonidan yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida muntazam aerokosmik monitoring oʻtkazilib, huquqbuzarliklar ehtimoliga qarab hududlar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratiladi. Bu esa davlat nazorati samaradorligini yanada oshirish bilan birga huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

 

Amaliyot shuni koʻrsatadiki, koʻplab huquqbuzarliklar fuqarolarning huquqiy bilimi yetarli emasligi yoki turli ogʻzaki kelishuvlarga ishonishi natijasida sodir etilmoqda. Ayrim hollarda yer uchastkasiga nisbatan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilmasdan qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Bu esa keyinchalik moliyaviy zararlar, maʼmuriy javobgarlik va turli sud nizolariga sabab boʻladi.

 

Shu sababli har bir fuqaro yer uchastkasini sotib olish yoki undan foydalanishdan oldin uning huquqiy maqomini sinchiklab tekshirishi zarur. Xususan, yer uchastkasi elektron onlayn-auksion orqali ajratilganligi yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga muvofiq rasmiylashtirilganligi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi hamda huquqni tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligiga ishonch hosil qilinishi lozim.

 

Bundan tashqari, yer xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan taqdirda ham, uning ayrim qismlarida shaharsozlik, sanitariya, ekologiya yoki muhandislik kommunikatsiyalari bilan bogʻliq cheklovlar mavjud boʻlishi mumkin. Shuning uchun qurilish ishlarini boshlashdan avval vakolatli tashkilotlardan tegishli xulosa va ruxsatnomalarni olish huquqiy xavflarning oldini olishning eng samarali usuli hisoblanadi.

 

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, yer munosabatlarida qonuniylikka qatʼiy rioya qilish huquqiy davlatning muhim talablaridan biridir. Yer uchastkalarini faqat qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻlga kiritish, ulardan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek har qanday qurilish ishlarini tegishli ruxsatnomalar asosida amalga oshirish fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan birga, yer resurslaridan oqilona foydalanish va kelajak avlodlar uchun ushbu boylikni asrab-avaylashga xizmat qiladi.

 

 

Dawletbay RAZOV,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi 

Skip to content