ADOLATGA ZAMONAVIY YO’L: “RAQAMLI SUD” DAVRI BOSHLANDI
Har bir davlatning qudrati – uning adolatida. Adolat qonun ustuvorligi va fuqarolarning huquqlari ta’minlanishida o‘z ifodasini topadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda sud tizimini zamonaviylashtirish, xalq uchun qulay va ishonchli mexanizmlarni yaratish ustuvor vazifaga aylangan.
2025 yil 21 avgust kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Farmon ana shu yo‘nalishdagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Unda “Raqamli sud” kontseptsiyasi asosida sud tizimiga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish belgilandi.
Sud ishlari endi qog’ozbozlikdan xalos etiladi. “Raqamli sud” kontseptsiyasi orqali ariza berishdan oldin sun’iy intellekt muhokamaning taxminiy natijasini va xarajatlarni hisoblaydi, murojaatlar elektron tarzda yuboriladi, taraflar sudga borish shartisiz, masofadan turib ishtirok etadi, sud hujjatlari va materiallar bila
n onlayn tanishish mumkin bo‘ladi, sud xarajatlari elektron hisoblanadi va to‘lanadi, bayonnomalar real vaqtda avtomatik shakllantiriladi, sud hujjatlari sun’iy intellekt yordamida tayyorlanadi.
Bu nafaqat sud ishlarini soddalashtiradi, balki fuqarolar uchun shaffof va adolatli jarayonni ta’minlaydi.
2025 yil yakuniga qadar poytaxtda iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha “Raqamli sud” majlis zallari tashkil etiladi. Uning natijalariga ko‘ra, 2026–2027 yillarda butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.
Farmon bilan tasdiqlangan dastur qator yangi servislarni o‘z ichiga oladi:
-2025 yil 1 dekabrdan – normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushadi;
-2025 yil yakuniga qadar – sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash dasturi yaratiladi;
-2026 yil 1 yanvardan – my.sud.uz portalida sun’iy intellekt maslahatchisi ishlaydi;
-2026 yil 1 martdan – sud ma’lumotlarini Yagona davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyati yaratiladi;
-2026 yil yakuniga qadar – 5 ta yangi interaktiv xizmat va “Shaxsiy kabinet”ning yangilangan versiyasi ishga tushiriladi.
Sudlar axborot tizimlari “Raqamli hukumat” platformasi bilan bog’lanib, ortiqcha ma’lumot talab qilish bartaraf etiladi. Ma’muriy jarimalarni onlayn kuzatish va elektron to‘lash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Oliy sud tarkibida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt departamenti tashkil etiladi. U raqamli islohotlarni joriy etish, axborot xavfsizligini ta’minlash va “Raqamli sud” kontseptsiyasini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi.
“Raqamli sud” – bu faqat texnologiya emas. Bu – xalqning davlatga ishonchini oshirish, inson huquqlarini kafolatlashning yangi pog’onasidir.
O‘zbekiston sud tizimida yangi davr boshlandi. Bu davr – innovatsiyalar va adolat uyg’unlashgan “Raqamli sud” davridir.
Dawletbay RAZOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi