OILAVIY ZO‘RAVONLIK – BU JINOYAT

 

Oila – har bir inson uchun qutlug’ maskan, mehr-oqibat va totuvlik qo‘rg’onidir. Ammo afsuski, ba’zan ayrim xonadonlarda mehr o‘rnida zo‘ravonlik, totuvlik o‘rnida dahshat hukm suradi. Bu esa nafaqat bir inson, balki butun oilaning, hatto jamiyatning ma’naviy asoslariga zarba beradi.

 

Shuni qat’iy ta’kidlash kerak: oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik – shaxsiy masala emas, bu jinoyatdir!

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida: «Hech kim qiynoqqa solinishiga, sha’nini kamsituvchi munosabat yoki jazoga duchor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi» deb qat’iy belgilab qo‘yilgan.

 

Bundan tashqari, 2019 yilda qabul qilingan “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g’risida”gi Qonun va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g’risida”gi Qonunda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qat’iy kurashish mexanizmlari nazarda tutilgan.

 

Agar zo‘ravonlik holati og’ir oqibatlarga olib kelmagan bo‘lsa, u holda u Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeks asosida ko‘rib chiqiladi. Masalan: Kodeksning 52-2-moddasiga ko‘ra, oilaviy-maishiy zo‘ravonlik uchun aybdor shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining bir qismidan bir necha barobarigacha jarima yoki ma’muriy qamoq (15 kungacha) jazo qo‘llaniladi.

 

Shuningdek, sud tomonidan zo‘ravon shaxsga nisbatan maxsus himoya orderi chiqarilishi mumkin. Bu orderga ko‘ra, aybdor muayyan muddat davomida jabrlanuvchi bilan muloqot qilish, uyiga kirish yoki boshqa yo‘llar bilan unga tazyiq o‘tkazish huquqidan mahrum etiladi.

 

Agar zo‘ravonlik takrorlansa yoki jiddiy oqibatlarga olib kelsa, ish Jinoyat kodeksi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Bu erda alohida ta’kidlash joiz:

 

Jinoyat kodeksi yangi modda ya’ni Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha 126-1-moddasi kiritilib, unga muvofiq, bu turdagi jinoyatni sodir qilgan shaxslar uchun jazo choralari og’irlashtirildi.

 

Agar zo‘ravonlik og’ir oqibatlarga, masalan, doimiy sog’liqqa zarar yoki o‘limga olib kelsa, javobgarlik yanada og’irlashadi.

 

Sudlarda ko‘rilayotgan ishlar shundan dalolat bermoqdaki, ko‘pincha oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari – ayollar va bolalar. Ular ko‘p yillar davomida qo‘rquvda yashashga majbur bo‘ladi. Ammo sud qarorlari shuni ko‘rsatmoqdaki, zo‘ravonlik qilgan shaxs qanchalik yaqin qarindosh bo‘lmasin, u qonun oldida javob beradi va jazodan qochib qutula olmaydi.

 

Bir misol: oilada erkak o‘z turmush o‘rtog’ini muntazam haqorat qilib, urib-so‘kib kelgan. Sud tomonidan uning qilmishi oilaviy-maishiy zo‘ravonlik deb baholandi va u ma’muriy qamoqqa olindi, shuningdek jabrlanuvchiga himoya orderi berildi. Bu kabi misollar har kuni sudlarda ko‘rib chiqilmoqda.

 

Oilaviy zo‘ravonlik – bu faqat bir xonadonning ishi emas. Bu jinoyat, bu jamiyatning ma’naviyatiga qaratilgan tahdid.

 

Har birimiz bunday holatlarga befarq bo‘lmasligimiz shart. Agar zo‘ravonlikka guvoh bo‘lsak, tegishli organlarga xabar berish – insoniy burchimizdir.

 

Eng muhimi, barcha fuqarolar bilishi kerak: oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun jazo muqarrar. Qonun buzgan har bir shaxs albatta javobgarlikka tortiladi!

 

 

Maxmud Bayniyazov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘manoy tumani sudi raisi