1600 AQSh dollari evaziga ishga kiritib berishni va’da qilgan firibgar ushlandi

 

Hayotda birovning haqiga xiyonat qilish, firib berish orqali mo’may daromad topishga intilish tufayli yuzi qaro bo’lgan, el oldida jinoyatchi sifatida boshi egilgan odamlar uchrab turadi. Biroq, ularning achchiq qismati negadir boshqalarga o’rnak bo’lmaydi, bu boshi berk ko’chani tark etishga undamaydi. Go’yoki o’zini hammadan aqlliday hisoblab, qilmishimni hech kimga sezdirmayman , yopiqlik qozon yopiqligicha qolaveradi, deb o’ylaydi. Lekin qing’ir ishning oxiri voy ekanligini hayot qayta-qayta tasdiqlamoqda.

 

Tumandagi davlat muassasalaridan birida ishlab yurgan, gulday ikki farzandning onasi Gulruh (ismlar o’zgartirildi) ham topganiga qanoat qilmay, oson pul topish yo’liga o’tganida bu haqda chuqurroq o’ylab ko’rmadi.

 

Hamkasb dugonasi Halimadan uning bir qarindoshi o’z mutaxassisligi bo’yicha ish izlayotganini, ishsiz qiynalayotganini eshitib, buni go’yo o’zi uchun oson pul topishga imkonday qabul qildi. Darrov tanishlari orqali uning ishini hal qilib berishini, buning uchun o’sha qiz tezroq 1600 dollar pulni topib berishi kerakligini aytdi. Dugonasini pora bersa, ishi oson bitishini aytib, qiziqtirdi. U rozilik bildirdi.

 

Gulruh o’sha kuni aytilgan joyda Halimaning qarindoshi pullarni olib kelsa, undan keyingi ishlarini o’zicha xomcho’t qilib turganida go’yo xayollari ro’yoga aylanganday bo’ldi: o’sha qizdan aytilgan summadagi dollarni va hujjatlarini olib sumkasiga solib, endi jo’namoqchi bo’layotgan vaqtida uni ma’muriy organlar xodimlari qo’lga olishdi.

 

Yaqinda sodir etgan ushbu holati uchun Gulruhning qarshisiga ochilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo’yicha tuman sudida batafsil muhokama qilindi. Sud hay’ati ish bo’yicha to’plangan barcha hujjatlarni o’rganib, taraflarning ko’rsatmalarini eshitib, Gulruhning qilmishiga yarasha jazo tayinladi.

 

Asqar SAFAROV,

jinoyat ishlari bo’yicha Amudaryo  tuman sudi raisi