SUDLARNING CHINAKAM MUSTAQILLIGINI TA’MINLASH— ODIL SUDLOV SIFATINI OSHIRISHNING MUHIM OMILI

 

Bugungi kunda jahonda global tahdidlar transformatsiyalashayotgan murakkab sharoitda har bir davlat oldida, eng avvalo, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, inson uchun munosib va farovon hayot kechirish sharoitlarini yaratish vazifasi turibdi. Ushbu strategik muhim maqsadlarga erishishda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni o‘zining asosiy vazifasi etib belgilagan davlat hokimiyatining mustaqil tarmog’i — sud hokimiyati alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Shubhasiz, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifati ko‘p jihatdan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi bilan bevosita bog’liq. Shu bois xalqaro-huquqiy hujjatlarda ham sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga oid aniq kafolatlar belgilangan. Jumladan, BMT tomonidan 1985 yilda qabul qilingan Sud hokimiyati mustaqilligining asosiy printsiplarining 1-bandiga muvofiq, sud hokimiyati mustaqilligi davlat tomonidan kafolatlanadi hamda mamlakat Konstitutsiyasi yoki qonunlarida mustahkamlanadi. Barcha davlat organlari va boshqa institutlar sud hokimiyati mustaqilligini hurmat qilishi va himoya qilishi shart.

 

Shu ma’noda, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, «sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish hisoblanadi. Bu bo‘yicha ham so‘rov, ham javobgarlik qattiq bo‘ladi».

 

Mamlakatimiz milliy huquq tizimida sud hokimiyati mustaqilligi alohida kafolatlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasida sudyalar mustaqil ekanligi, faqat qonunga bo‘ysunishi, sudyaning odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga har qanday shaklda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

 

Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar qonunlarimizda yanada batafsil rivojlantirilgan. Jumladan, “Sudlar to‘g’risida”gi Qonunning 67-moddasiga ko‘ra, sudyalarning mustaqilligi quyidagi kafolatlar orqali ta’minlanadi:

 

sudyalarni qonunda belgilangan tartibda saylash, tayinlash va ozod qilish;

sudyalarning daxlsizligi;

odil sudlovni amalga oshirishda qat’iy protsessual taomillarga rioya etilishi;

qaror qabul qilishda sudyalar maslahatining sir saqlanishi hamda uni oshkor etishni talab qilishning taqiqlanishi;

sudga hurmatsizlik qilish yoki muayyan ishlarni hal etishga aralashganlik, sudyalar daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishi;

 

sudyalarga davlat hisobidan ularning yuksak maqomiga munosib moddiy va ijtimoiy ta’minot yaratilishi.

 

Mazkur qonun normalari talablari buzilgan taqdirda, qonunchilikda tegishli javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Xususan, sudga hurmatsizlik qilganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 180-moddasida, tergov yoki sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun esa Jinoyat kodeksining 236-moddasida qat’iy javobgarlik belgilangan. Bu esa sud hokimiyati mustaqilligiga oid kafolatlarni yanada mustahkamlaydi.

 

Xulosa qilib aytganda, sud hokimiyatining mustaqilligi — odil sudlov sifatini oshirishning eng muhim kafolatidir. Ushbu tamoyil Konstitutsiya va qonunlarimizda alohida mustahkamlab qo‘yilgan. Sud hokimiyati mustaqilligiga qarshi qaratilgan har qanday harakat ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, qonun bilan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, «sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxs qo‘li etadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart».

 

Azat IMATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi

BOLA HUQUQLARI — DAVLAT HIMOYASIDAGI OLIY QADRIYAT

 

Bola huquqlari — bu har bir bola, ya’ni 18 yoshga to‘lmagan shaxs hech qanday cheklovlarsiz ega bo‘lishi lozim bo‘lgan asosiy huquq va erkinliklar majmuidir. Bolalar va yoshlar kattalar bilan bir xil inson huquqlariga ega ekani xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘la tan olingan. Shu bilan birga, bolalarning jismoniy va ruhiy jihatdan himoyaga muhtojligi ular uchun qo‘shimcha kafolatlar va alohida g’amxo‘rlik zarurligini ham taqozo etadi.

 

Bola huquqlari tushunchasi o‘z ildizini Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy g’oyalaridan oladi. Mazkur hujjatda “onalik va bolalik alohida g’amxo‘rlik va yordam olish huquqini beradi”, deb belgilab qo‘yilgan. Bu norma bolalarning barcha umumiy inson huquqlariga teng egaligini e’tirof etgan holda, ularni himoya qilishga alohida yondashuv zarurligini ko‘rsatadi.

 

1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan BMTning Bola huquqlari to‘g’risidagi konventsiyasi bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim xalqaro hujjat hisoblanadi. Ushbu Konventsiya insoniyat tarixida eng ko‘p ratifikatsiya qilingan inson huquqlari shartnomasi sifatida bolalar hayotida tub burilish yasadi. O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo‘shilib, bolalar oldidagi xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.

 

Shundan so‘ng O‘zbekiston Konventsiyaga doir bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi, bolalar pornografiyasi hamda bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga oid Fakultativ protokollarni ham ratifikatsiya qildi. Davlat tomonidan Konventsiya ijrosi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga muntazam ravishda milliy hisobotlar taqdim etib kelinmoqda.

 

Konventsiyada bolalar huquqlarini himoya qilishning asosiy printsipi sifatida “bolaning eng yaxshi manfaati” tamoyili belgilangan. Bu tamoyil har qanday qaror, chora-tadbir yoki huquqiy ta’sir avvalo bolaning manfaatiga xizmat qilishi shartligini anglatadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham bolalar huquqlari alohida o‘rin egallaydi. Asosiy qonunning XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanib, unda davlatning bolalar oldidagi majburiyatlari mustahkamlangan. Jumladan, Konstitutsiyaga ko‘ra, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning bevosita majburiyati hisoblanadi.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyil asosida bolalar manfaatlariga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. “Inson qadri uchun” g’oyasi hamda “hech kimni orqada qoldirmaslik” printsipi doirasida yangilangan Konstitutsiyada bolalar huquqlarini himoya qilishga doir kafolatlar yanada kuchaytirildi.

 

Ayniqsa, 2024 yil 14 noyabrda qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g’risida”gi Qonun bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari uchtadan oltitagacha kengaytirilib, g’amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya va bulling kabi holatlar ham huquqiy jihatdan aniq belgilab qo‘yildi.

 

Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2025 yil 24 dekabr kuni “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g’risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat bolalarni himoya qilishga qaratilgan davlat siyosatini tizimli va uzoq muddatli asosda amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

 

Strategiyaga muvofiq, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki xavf ostidagi bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish, ularning dastlabki ko‘rsatuvlarini videoyozuv orqali qayd etish, vasiylik va homiylik organlari ishtirokini ta’minlash, shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida xabar bermagan mansabdor shaxslar uchun javobgarlik joriy etish kabi muhim mexanizmlar belgilandi.

 

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida qabul qilingan qonunlar va Prezident Farmonlari bolani himoya qilishni faqat oila yoki alohida institutlar vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyati sifatida belgilamoqda. Bolaning huquqi va qadri — davlat siyosatidagi eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilib, uni ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.

 

Alisher AMETOV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

BOLALARNI ZO‘RAVONLIKNING BARCHA SHAKLLARIDAN HIMOYA QILISH — DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI

 

Ma’lumki, 2025 yil 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g’risida”gi Farmon qabul qilindi. Mazkur hujjat mamlakatimizda bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida muhim va tarixiy qadam sifatida e’tirof etilmoqda.

 

Ushbu Farmon faqatgina rasmiy-huquqiy hujjat bo‘lib qolmasdan, balki har bir bolaning tinch, sog’lom va baxtli bolalikka bo‘lgan haq-huquqini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli davlat strategiyasidir. Zero, bolalar — jamiyatning eng nozik, eng himoyaga muhtoj qatlami hisoblanadi.

 

Afsuski, hayotda bolalar turli shakldagi zo‘ravonlikka duch kelishi mumkin. Jumladan:

  • oiladagi qattiqqo‘llik va bee’tiborlik,
  • maktab yoki jamoat joylarida tahqirlash va bosim,
  • internet makonidagi kiberbulling,
  • psixologik yoki jismoniy tazyiq holatlari.

Avval ham mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunlar mavjud edi. Biroq yangi qabul qilingan Farmon mazkur muammoga tizimli, kompleks va uzoq muddatli yondashuvni taklif etmoqda. Ya’ni, zo‘ravonlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, xavfli omillarni bartaraf etish strategiyaning asosiy maqsadi sifatida belgilangan.

 

2026–2030 yillarga mo‘ljallangan mazkur strategiyaning bosh maqsadi — bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, ular uchun xavfsiz muhit yaratish hamda huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ta’minlashdan iborat.

 

Bu esa quyidagilarni anglatadi:

  • har bir bola o‘zini himoyalangan his qilishi lozim;
  • bolaning fikri va ovozi eshitilishi shart;
  • muammoga duch kelgan bola hech qachon yordamsiz qolmasligi kerak.

Strategiyada qator muhim yangilik va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan. Jumladan, barcha qarorlar qabul qilinishida “bolaning eng yaxshi manfaati” asosiy mezon sifatida belgilanmoqda. Ya’ni, har qanday chora-tadbir avvalo bolaga zarar etkazmasligi, aksincha uning manfaatiga xizmat qilishi lozim.

 

Farmonda faqat jazolovchi choralar emas, balki profilaktikaga qaratilgan mexanizmlar ham alohida o‘rin olgan. Xususan:

  • ota-onalarning bola tarbiyasi bo‘yicha huquqiy va psixologik savodxonligini oshirish,
  • ta’lim muassasalarida psixologik xizmatlarni kuchaytirish,
  • bolalarga o‘z huquqlari va himoya mexanizmlari haqida tushuncha berishga qaratilgan choralar belgilab olingan.

 

Shuningdek, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik masalasi ham yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Endi bolalar bilan bog’liq muammolar ta’lim, sog’liqni saqlash, ichki ishlar, ijtimoiy himoya va sud organlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va axborot almashuvi asosida hal etiladi.

 

Zo‘ravonlikka uchragan yoki xavf ostidagi bolalarning kimga murojaat qilishini, qaerdan va qanday yordam olishini bilishi uchun oson, ishonchli va samarali himoya tizimlari joriy etilishi ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

 

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon ijrosi jarayonida bolani tarbiyalash va uni himoya qilish faqat oilaning emas, balki butun jamiyatning mas’uliyati ekanligi yana bir bor tasdiqlanmoqda. Davlat ushbu hujjat orqali har bir bolaning taqdiriga befarq emasligini, uni eshitishga, himoya qilishga va har bir voyaga etmagan shaxs uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini namoyon etmoqda.

 

 

Xamra BERDIKLICHEV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi

MA’LUMOT OSHKOR QILGANLIK — JAVOBGARLIK: YOPIQ SUDLARDA HUQUQIY NAZORAT MUSTAHKAMLANDI

 

Hozirgi kunda sudlar tomonidan aksariyat ishlar ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqiladi va hal etiladi. Biroq qonunda belgilangan hollarda, ba’zi ishlar sudning qarori bilan yopiq majlislarda ko‘rib chiqilishi mumkin. Konstitutsiyaning 137-moddasiga ko‘ra, barcha sudlar ishlari asosan ochiq bo‘lishi shart, yopiq majlislar esa faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda amalga oshiriladi.

 

Shu bilan birga, yopiq sud majlislarini o‘tkazish tartibi va shartlari qat’iy belgilangan. Bu masalalar Konstitutsiya, “Sudlar to‘g’risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g’risida”, “Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g’risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g’risida”gi qonunlar hamda Fuqarolik, Jinoyat, Iqtisodiy va Ma’muriy protsessual kodekslarda, shuningdek, Oliy sud Plenumining 2020 yil 21 fevraldagi 04-son qarorida mufassal tartibga solingan.

 

Yopiq sud majlislarida ishtirok etuvchi sudya, kotib, prokuror, da’vogar, javobgar va boshqa shaxslar ish tafsilotlarini ruxsatsiz oshkor qilishlari mumkin emas. Ilgari, qonunda bunday ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik kam yoritilgan edi.

 

Shu munosabat bilan, 2025 yil 26 sentyabrda qabul qilingan O‘RQ-1084-son Qonuni yopiq sud majlislari ma’lumotlari va tafsilotlarini sud ruxsatisiz oshkor qilgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritdi. Xususan, Jinoyat kodeksining 239-moddasida yopiq sud majlislarida muhokama qilingan ma’lumotlarni sud ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

 

Qonunchilikka kiritilgan bu o‘zgartirishlar yopiq sud majlislarida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlarning himoyasini ta’minlab, ishtirokchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladi. Shu bilan birga, sudlarning mustaqilligi va nufuzini mustahkamlashda muhim omil sifatida xizmat qiladi.

 

Azat IMATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi Ma’muriy sudi sudyasi

MA’MURIY SUD ISHLARINI YURITISH TO‘G’RISIDAGI QONUNCHILIK TAKOMILLASHTIRILMOQDA

 

Bugungi kunda jahon miqyosida globallashuv jarayonlarining kuchayishi har bir davlat oldida, avvalo, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda farovon hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish vazifasini dolzarb qilib qo‘ymoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda fuqarolarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashni taqozo etadi.

 

Mazkur jarayonda ma’muriy sudlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, ma’muriy sudlarning asosiy vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishdan iborat.

 

Ushbu vazifalarning to‘laqonli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan ma’muriy sud ishlarini yuritishda qo‘llaniladigan protsessual majburlov choralari doirasi bilan bevosita bog’liq. Shu ma’noda, ma’muriy sudlarning huquqiy ta’sir choralarini yanada kengaytirish orqali davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining samarali va ishonchli himoya etilishini ta’minlash imkoniyatlari yanada oshadi.

 

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi kodeksi asosida ma’muriy sudlar tomonidan sud jarimalari, shuningdek, xususiy ajrim va xabarnoma shaklida protsessual ta’sir choralari qo‘llanilib kelinmoqda. Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksida ham sud faoliyatini ta’minlashga qaratilgan qator muhim normalar belgilangan.

 

Jumladan, mazkur Kodeksning 180-moddasida sudga hurmatsizlik qilganlik, 181-moddasida esa sudning xususiy ajrimi (qarori) bo‘yicha choralar ko‘rmaslik uchun ma’muriy javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Nizolarni hal etish jarayonida ushbu toifadagi huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, bunday ishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 245-moddasiga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar, 245¹-moddasiga muvofiq iqtisodiy sudlar hamda 245⁴-moddasiga muvofiq fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.

 

Endilikda mazkur sohada yangi bosqich boshlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi PQ–33-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi qonunchilikni takomillashtirish Kontseptsiyasida nizolarni hal etish jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g’risidagi ishlarni ko‘rish vakolatini ma’muriy sudlarga ham berish nazarda tutilgan.

 

Shu bilan birga, ushbu Qarorda ma’muriy sud ishlarini yuritishda qo‘llaniladigan protsessual majburlov choralarining doirasini aniq belgilash va ularni tizimli ravishda takomillashtirish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Bu esa ma’muriy sudlarning huquqiy ta’sir imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Davlatimiz rahbarining mazkur Qarori sohada izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi qonunchilikni takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ilg’or xorijiy tajribaga muvofiq ma’muriy sudlar faoliyatida yangi institut va mexanizmlarning joriy etilishi davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining samarali va ishonchli himoya etilishini ta’minlashga, pirovardida esa O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imijining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

 

 

Azat IMATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi

MA’MURIY SUDLARDA FOTOTASVIRGA TUSHURISH VA VIDEOYOZUVGA OLISH TARTIBI

 

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi Kodeksining 143-moddasiga asosan, ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televidenie orqali translyatsiya qilinishiga ishni ko‘rayotgan sudning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

 

Sud muhokamasining oshkoraligi, sudlar faoliyatiga bog’liq axborot olish huquqining amalga oshirilishining, shuningdek, sudlar tomonidan ushbu masalaga bog’liq qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi tomonidan 2020 yil 21 fevral kuni 4-sonli «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g’risida»gi qarori qabul qilinib, qarorning 14-bandiga asosan, qonunga muvofiq:

 

a) ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:

 

fuqarolik ishini ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;

 

jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishni ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan;

 

b) ochiq sud majlisida audioyozuvni amalga oshirishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:

 

fuqarolik ishini ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;

 

jinoyat ishi va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishni ko‘rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.

 

Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar har qanday ish bo‘yicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, iqtisodiy ish yoki ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ish ko‘rilayotganda esa, shuningdek, audioyozuv olib borishlari mumkin.

 

Protsess ishtirokchilari iltimosnomalarini, ommaviy axborot vositalari vakillari murojaatlarini qanoatlantirish yoki rad etish haqida sud joyida ajrim chiqaradi va sud majlisi bayonnomasiga kiritadi.

 

Sud ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning to‘g’riligi, haqqoniyligi, xolisligi va ishonchliligi uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida yozib qo‘yiladi.

 

Sud majlisi borishini qonunda yo‘l qo‘yilgan ko‘rinishda qayd etishni amalga oshirayotgan shaxslar harakati sud majlisi tartibiga xalaqit bermasligi lozim.

 

Sud majlisida ishtirok etayotgan va uning borishini qayd etish huquqidan foydalanayotgan shaxslar tomonidan bu huquqning suiiste’mol qilinishi sud majlisi tartibini buzish hisoblanadi. Bunday holda sud aybdor shaxslarga nisbatan protsessual qonunda nazarda tutilgan ta’sir choralarini qo‘llashga haqli.

 

 

 

Janat AYMAGANBETOVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi  

SUD TIZIMIDA HALOLLIK — USTUVOR TAMOYIL

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan 2025-yil 8-noyabr kuni tasdiqlangan media-reja ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

 

Mazkur tadbir doirasida birinchi marta sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalar hamda xodimlari bilan korruptsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish, har qanday korruptsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga bag’ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvning o‘ziga xos jihati shundaki, unga sudyalar va sud xizmatchilarining ota-onalari ham taklif etildi. Bu esa sud tizimida halollik, poklik va mas’uliyat tamoyillarini faqat xizmat faoliyatidagina emas, balki oilaviy muhit orqali ham mustahkamlashga qaratilgan yondashuv ekanini ko‘rsatadi.

 

Muloqot davomida sud tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, profilaktik chora-tadbirlar xususida atroflicha fikr almashildi. Ta’kidlanganidek, sudya va sud xodimining har bir qarori, har bir xatti-harakati jamiyatning odil sudlovga bo‘lgan ishonchi bilan bevosita bog’liq.

 

Shuningdek, uchrashuvda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, qonun ustuvorligini amalda qaror toptirish, korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunning eng dolzarb talablaridan biri ekani alohida qayd etildi. Korruptsiyaga qarshi keskin va tizimli kurash sud tizimining nufuzi va adolat tamoyillarini mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekani ta’kidlandi.

 

Bunday tadbirlar sudyalar va sud xodimlarning huquqiy ongi, kasbiy mas’uliyati va ma’naviy immunitetini yanada kuchaytirishga xizmat qilib, jamiyatda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni oshirishga muhim hissa qo‘shadi.

SUD OSHKORALIGI — ADOLATLI SUDLOV KAFOLATI

 

Sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi demokratik jamiyatning muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Mazkur printsiplar fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sud faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash hamda huquqiy xabardorlik darajasini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g’risida”gi qarori aynan shu maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, sudlar tomonidan qonun normalarining bir xilda va to‘g’ri qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Qarorda ta’kidlanganidek, sud muhokamasi oshkoraligi jamoatchilikka sudlar faoliyati to‘g’risida o‘z vaqtida, xolis va ishonchli axborot taqdim etish imkonini beradi. Bu esa odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati sifatida sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshiradi.

 

Shu bilan birga, sud muhokamasining oshkoraligi sudya mustaqilligi printsipiga zid bo‘lmasligi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, sudyalar mustaqil bo‘lib, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Ommaviy axborot vositalari yoki jamoatchilik tomonidan sud faoliyatiga har qanday bosim o‘tkazishga, ish natijasini oldindan bashorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Plenum qarorida sud majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirok etish tartibi aniq belgilab berilgan. Ochiq sud majlislarida jurnalistlar ishtirok etishi axborot olishning qonuniy usuli hisoblanadi va ularning sud majlisi zaliga kirishiga asossiz to‘sqinlik qilish qonunga xilof hisoblanadi. Shu bilan birga, ish qonun talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rilgan hollarda, shaxsiy hayot daxlsizligi, davlat yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan sirlar himoya qilinishi shart.

 

Qarorda axborot olish huquqining barcha uchun teng ekani alohida qayd etilgan. Fuqarolarning tili, jinsi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi kafolatlanadi. Sudlar tomonidan taqdim etiladigan axborot o‘z vaqtida va qonun bilan belgilangan muddatlarda berilishi lozim.

 

Shuningdek, sud qarorlarini e’lon qilish masalalari ham aniq tartibga solingan. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, qonunda nazarda tutilgan istisnolardan tashqari, oshkora e’lon qilinishi shart. Bu sud faoliyati ochiqligini ta’minlash bilan birga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.

 

Xulosa qilib aytganda, sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash — adolatli sudlov, qonuniylik va ochiq jamiyatni barpo etishning muhim shartidir. Mazkur Plenum qarori sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada kuchaytirishga, sudga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

 

Utkirjon  SABIROV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi

IJTIMOIY TARMOQLARDA E’LON QILINGAN BILDIRISH YUZASIDAN

 

Ayrim axborot manbalarida fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudida ko‘rilayotgan ish asossiz ravishda cho‘zilgani haqida tarqatilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g’ri kelmaydi.

 

Fuqaro G.Tashimovaning «TILLA-MAKON» MChJ hamda «KO`CHMAS MULK SAVDO XIZMATI» MChJ Xorazm filialiga nisbatan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vo arizasi 2025 yil 10 iyul kuni sudga kelib tushgan va ish belgilangan tartibda qo‘zg’atilgan.

 

Ish bir necha sud majlislarida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, javobgarlardan birining manzilini aniqlash zarurati hamda sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanishi sababli qonunchilikka muvofiq ravishda muddatlar uzaytirilgan va ish vaqtincha to‘xtatilgan.

 

2025 yil 28 noyabr kuni da’vogar tomonidan qo‘shimcha da’vo arizasi kiritilgan bo‘lib, sud jarayonida nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya qilinmagani aniqlangan. Shu asosda da’vo arizasi sudning ajrimi bilan ko‘rmasdan qoldirilgan.

 

Mazkur ajrim ustidan hozirga qadar shikoyat keltirilmagan.

 

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining matbuot xizmati

OILA — JAMIYAT TAYANCHI

«Oilaga e’tibor — o‘zligimizga e’tibordir.

Oilani saqlab qolmasak, biz o‘zligimizni yo‘qotamiz».

Shavkat Mirziyoev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Jamiyatning asosiy bo‘g’ini bo‘lgan oila inson hayotida eng muhim ijtimoiy institutlardan biri hisoblanadi. Oila nafaqat shaxsiy ehtiyojlarni qondirish, balki jamiyatda barqarorlik, tartib va ma’naviy qadriyatlarni saqlashda ham hal qiluvchi o‘rin tutadi. Inson shaxs sifatida aynan oilada shakllanadi, uning dunyoqarashi, mehnatga munosabati, axloqiy va ma’naviy qadriyatlari shu muhitda qaror topadi.

 

Nikoh va oilaviy munosabatlarning mustahkamligi davlatning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-madaniy va ma’naviy rivoji uchun muhim asos hisoblanadi. Shu bois oila huquqi huquq sohalari orasida alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir inson oilaga muhtoj, oila esa jamiyat taraqqiyotining poydevoridir.

 

Mamlakatimizda oilani mustahkamlash, yosh avlodni jismoniy va ma’naviy sog’lom qilib tarbiyalashga doimiy e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar, Prezident farmon va qarorlari asosida oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar, ko‘p bolali oilalar, yolg’iz ota-onalar, maktab o‘quvchilari va talabalarga davlat tomonidan moddiy hamda ma’naviy yordam ko‘rsatish tizimi izchil yo‘lga qo‘yildi. Bu esa sog’lom avlodni tarbiyalash uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

 

Oilaviy munosabatlarni huquqiy tartibga solishdan asosiy maqsad — oilaning mustahkam bo‘lishini ta’minlash, munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch, hurmat va hamjihatlik asosida qurishdan iborat. Shu bilan birga, oila a’zolarida o‘zaro mas’uliyat hissini shakllantirish ham qonunchilikning muhim vazifalaridan sanaladi. Er-xotin, ota-ona va bolalar, shuningdek, boshqa qarindoshlar o‘rtasidagi qonun bilan belgilangan majburiyatlarni sidqidildan bajarish oila barqarorligining asosiy omillaridan biridir.

 

O‘zbekiston Respublikasi oila qonunchiligiga muvofiq, xotin-qizlar va erkaklar oilaviy munosabatlarda teng shaxsiy va mulkiy huquqlarga ega. Ular huquqlardan teng foydalanishi bilan birga, majburiyatlarni ham barobar ado etishlari lozim. Mamlakatimizda ayollarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, ularning mehnatiga munosib haq to‘lanishi, turli sohalarda o‘z qobiliyatini namoyon etishi qonun bilan kafolatlangan.

 

Jamiyat va davlatning oilaga bo‘lgan g’amxo‘rligi ijtimoiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bosh maqsad esa aholining turmush farovonligini oshirish, inson manfaatlarini ta’minlashdan iborat. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi — adolatli va barqaror jamiyat qurishning asosiy shartlaridan biridir.

 

Oila mustahkam bo‘lsa — jamiyat barqaror, kelajak esa farovon bo‘ladi.

 

 

 

Zulfiya BERDIMURATOVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi

Skip to content