SUD FAOLIYATIDA SUN’IY INTELLEKTNI JORIY ETISH VA HUQUQBUZARLIKLARNING OLDINI OLISHDA MAHALLIY ORGANLAR BILAN HAMKORLIKNING AHAMIYATI
Jinoyat ishlari bo’yicha Kegeyli tumani sudi raisi R.Bekmuratova tomonidan tuman hokimligi majlislar zalida tegishli muassasa va tashkilot rahbarlari, mahalla raislari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Unda joriy yilning 21 avgut kuni qabul qilingan «Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 140-sonli Prezident Farmoni va uning ahamiyati hususida soʻz yuritildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur Farmon sud tizimida oshkoralik, shaffoflik va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishni taʼminlashga xizmat qiladi. Uchrashuvda sud faoliyatiga sunʼiy intellektni joriy etish orqali ish yuritishda tezkorlik va xolislikka erishish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish imkoniyatlari kengayayotgani alohida qayd etildi.
Mazkur uchrashuv davomida sud hujjatlarining ijrosini taʼminlash, xususan xususiy ajrimlarning toʻliq va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi yuzasidan masʼul tashkilotlar va mahalla rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi. Sud raisi R.Bekmuratova sud qarorlari ijrosini taʼminlashda har bir rahbar va fuqarolarning huquqiy ongi hamda javobgarligi muhim oʻrin tutishi, shu orqali jinoyatchilikni bartaraf etishda tizimli yondashuv shakllanishini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida, sud va mahalliy organlar oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoatchilik ishtirokida huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.