PLENUM QARORI – YAGONA SUD AMALIYOTI KAFOLATI

Nukus tuman sudi binosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 24 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g’risida»gi 1-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag’ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

 

 

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda jazo tayinlash amaliyotini yanada takomillashtirish, qonun normalarini to‘g’ri va bir xilda qo‘llashni ta’minlash, shuningdek, Plenum qaroriga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga etkazishdan iborat bo‘ldi.

 

 

Seminarda jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tumani sudining raisi G.Bisenova, tergov sudyasi G.Utepbergenova, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari ishtirok etdilar.

 

 

Tadbir davomida Plenum qaroriga kiritilgan yangiliklar, xususan jazo tayinlashda jinoyatning og’irlik darajasi, shaxsning aybdorlik shakli, sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi, engillashtiruvchi va og’irlashtiruvchi holatlarni inobatga olish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, sud amaliyotida uchrayotgan ayrim muammoli jihatlar tahlil qilinib, yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

 

 

Ishtirokchilar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlashda adolat, qonuniylik va insonparvarlik tamoyillariga qat’iy rioya etish muhim ekani alohida qayd etildi. Yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar sud amaliyotida jazolarning mutanosibligini ta’minlash, shaxsning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

 

Seminar yakunida ta’kidlanganidek, bunday muloqot va o‘zaro tajriba almashuvlar sud amaliyotini takomillashtirish, adolat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.