IQTISODIY SUDLARIDA KORPORATIV NIZOLAR BO‘YICHA ISH YURITUV

 

Korporativ nizolar deganda, ishtirokchilar o‘rtasida, ishtirokchilar bilan xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari o‘rtasida, shu jumladan aktsiyadoralar o‘rtasida, aktsiyador bilan aktsiyadorlik jamiyati o‘rtasida xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar tushuniladi.

Iqtisodiy sudlari Iqtisodiy protsessual kodeksining 30-moddasiga asosan qo‘yidagi korporativ nizolarni hal qiladi:

1) yuridik shaxsni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish bilan bog’liq nizolar;

2) xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarning, ulushlarning, kooperativlar a’zolari paylarining mansubligi, ularga yuklamalar belgilash va ulardan kelib chiqadigan huquqlarni amalga oshirish bilan bog’liq nizolar, bundan xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni, ulushlarni, kooperativlar a’zolarining paylarini o‘z ichiga oluvchi meros mol-mulkni yoki er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish bilan bog’liq holda yuzaga keladigan nizolar mustasno;

3) yuridik shaxs ishtirokchilarining (muassislarining, a’zolarining) yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish va (yoki) bunday bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash haqidagi da’volari bo‘yicha nizolar;

4) qimmatli qog’ozlar emissiyasi bilan, shu jumladan emitentning boshqaruv organlari qarorlari yuzasidan nizolashish bilan, emissiyaviy qimmatli qog’ozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlar, emissiyaviy qimmatli qog’ozlar chiqarish (qo‘shimcha ravishda chiqarish) natijalari bo‘yicha hisobotlar (xabarnomalar) yuzasidan nizolashish bilan bog’liq nizolar;

5) qimmatli qog’ozlarni nominal saqlovchilarning aktsiyalar va boshqa qimmatli qog’ozlarga bo‘lgan huquqlarni hisobga olish, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarni qimmatli qog’ozlarni joylashtirish va (yoki) ularning muomalasi munosabati bilan qimmatli qog’ozlarning nominal saqlovchilari tomonidan amalga oshirish bilan bog’liq faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar;
6) yuridik shaxs ishtirokchilarining umumiy yig’ilishini chaqirish to‘g’risidagi nizolar;

7) yuridik shaxs boshqaruv organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish to‘g’risidagi nizolar.

Qonunga muvofiq korporativ nizolar bo‘yicha ishlar jumlasiga boshqa nizolar ham kiritilishi mumkin.

Korporativ nizolarni hal etishda O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g’risida»gi, «Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g’risida»gi, «Xo‘jalik shirkatlari to‘g’risida»gi qonun va boshqa qonunosti hujjatlari qo‘llaniladi.
Korporativ nizo ishtirokchilarini aniqlash g’oyat muhim ahamiyatga ega.

Korporativ nizolarni hal etishda xo‘jalik shirkati va jamiyatining ishtirokchisi (aktsiyadori) ekanligini aniqlash uchun to‘liq va kommandit shirkatlardan ta’sis shartnomasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi; mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlardan ta’sis shartnomasi (agar muassislar soni ikki va undan ortiq bo‘lsa) va jamiyat ustavining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi; aktsiyadorlik jamiyatlaridan aktsiyadorlar reestridan ko‘chirma talab qilib olinishi lozim.

Jamiyat direktori, jamiyat boshqaruvi a’zolari, ishonchli boshqaruvchi hamda jamiyat o‘rtasida «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g’risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 79-moddasining sakkizinchi qismiga asosan tuzilgan shartnoma bo‘yicha yuzaga keladigan nizo jamiyat faoliyatidan kelib chiqsa-da, iqtisodiy sudiga taalluqli emas. Chunki ushbu nizo mehnat munosabatlaridan kelib chiqadi. Xuddi shu qoida mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi (direktor) hamda jamiyat o‘rtasida «Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g’risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 39-moddasining ikkinchi qismiga asosan tuzilgan shartnoma bo‘yicha yuzaga kelgan nizolarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Agar aktsiyador ayni vaqtda jamiyatning xodimi bo‘lib, mehnatga oid nizo yuzasidan iqtisodiy sudga murojaat qilgan bo‘lsa, bunday da’vo arizasi IPKning 311-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga o‘tkaziladi, agar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish va iqtisodiy sud ishini yuritishni tugatish to‘g’risida ajrim chiqariladi.

Aktsiyadorlik jamiyatining boshqaruv organlarining (umumiy yig’ilish, kuzatuv kengashi, ijroiya organi) qarorlarini to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish haqidagi da’volar bo‘yicha javobgar bo‘lib ushbu boshqaruv organlari emas, balki jamiyatning o‘zi hisoblanadi. Da’vo arizasida javobgar sifatida muayyan boshqaruv organi ko‘rsatilganligi, da’vo arizasini qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning boshqaruv organlari qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g’risida berilgan da’vo arizalarini ish yuritishga qabul qilish masalasi ham xuddi shu tartibda hal etiladi.

 

 

Gawhar ZARIPOVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi