QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR

 

O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida»gi qonuni 2024 yil 21 noyabr kuni qabul qilinib, ushbu qonunning o‘zida Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi belgilab qo‘yildi.

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda insonning o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun teng imkoniyatlar yaratish, ishning haqiqiy holatlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona aniqlashga doir qonun talablariga so‘zsiz rioya etish, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi printsiplarini hayotga tatbiq etish orqali inson huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Shu bilan birga jamiyat hayotining turli sohalarini jadal raqamlashtirish, odamlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yanada ko‘proq hamkorlik qilishi va buning oqibatida jinoyatlar sodir etilishi, raqamli muhitda fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi hollarining keng tarqalishi raqamli dalillarning institutsionallashtirilishini va ular bilan bog’lik ishlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari mustahkamlanishini talab etmoqda.

 

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi kodeksiga raqamli dalillar tushunchasini, raqamli dalillarni to‘plash, taqdim etish, mustahkamlash, ko‘zdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yo‘q qilish tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

 

Bundan tashqari «Notariat to‘g’risida»gi, «Hakamlik sudlari to‘g’risida»gi va «Sud ekspertizasi to‘g’risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida raqamli dalillarni guvohlantirish va ularni tekshirish tartibi nazarda tutilmoqda.

 

Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g’risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio-, videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmog’ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalillardir.

 

Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlansa, yo‘l qo‘yiladi.

 

Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga yo‘l qo‘yilishi o‘zidan mazkur ko‘chirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan ta’minlanadi.

 

Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalarini qog’ozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qog’ozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.

 

Tergovga kadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron ma’lumotlar tarzida shakllantirilgan audio-, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.

 

Raqamli dalilning ko‘chirma nusxasi ish materiallari bilan birga saqlanadi.

 

Ushbu Qonun fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

 

 

Janat AYMAG’ANBETOVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi