SUD HUJJATLARINI IJRO ETISH TIZIMI TAKOMILLASHTIRILMOQDA

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari doirasida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilib, zamonaviy texnologiyalar qulayliklari amaliyotga joriy etilgan.

«O‘zbekiston – 2030» Strategiyasida belgilanganidek sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish orqali odil sudlov samaradorligini ta’minlash vazifasi belgilangan.

Bu yo‘nalishda aholiga qanday yengilliklar joriy etilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 – yil 3 – yanvardagi PF-1-sonli «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2024 – yil 1 – maydan boshlab:

a) sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish (yuborish, taqdim etish) tartibi joriy etilsin. Bunda:

iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini faqat elektron shaklda berish (yuborish, taqdim etish) tartibi joriy etiladi (O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ijro etilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlari bundan mustasno);

fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sud va ma’muriy sudning hujjatlari asosida beriladigan ijro hujjatlari, qoida tariqasida, elektron shaklda, ijro hujjati O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ijro etilishi lozim bo‘lgan taqdirda yoki taraflarning iltimosnomasiga ko‘ra esa – sudning muhri bilan tasdiqlangan holda qog‘oz shaklda berilishi (yuborilishi, taqdim etilishi) mumkin;

sud hujjatlari asosida beriladigan ijro hujjatlari QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan holda elektron raqamli imzo bilan rasmiylashtiriladi;

yuridik shaxslar tomonidan sud hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlari va ijro ishi yuritishi doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ularning soliq to‘lovchi shaxsiy kabineti orqali olinadi va taqdim etiladi;

jismoniy shaxslar uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki interaktiv xizmatlarni ko‘rsatadigan terminallar orqali sud hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlarini va ijro ishi yuritishi doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlarni olish va taqdim etish imkoniyati yaratiladi;

b) fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilansin. Bunda:

daromadlarning kafolatlangan eng kam miqdori fuqarolarning qarzdorliklari bo‘yicha pul mablag‘larini undirishda qo‘llaniladi va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmiga mos keladi;

fuqaroning bank hisobvaraqlaridan, jumladan bank kartalaridan ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorlik bo‘yicha pul mablag‘larini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmidagi mablag‘lar hisobidan ushlab qolish (hisobdan chiqarish) taqiqlanadi;

v) ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta xarajatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirishga ham tatbiq etilsin.

Farmonga ko‘ra, 2024 – yil 1 – dekabrdan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlovchi «Majburiyatlar reyestri» instituti joriy etilmoqda.

Majburiyatlar reyestri kim tomonidan yuritiladi va undan qanday foydalansa bo‘ladi?

Reyestr Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritiladi.

Qarzdor mol-mulki yo‘qligi sababli undiruv amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganda, u haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda Reyestrga kiritiladi. Qarzdor haqida ma’lumot Reyestrga kiritilgandan keyin unga nisbatan ijro ishi doirasida qo‘llanilgan barcha cheklovlar saqlab qolinadi. Reyestrga kiritilgan qarzdorning mol-mulki va pul mablag‘lari aniqlanganda majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.

Qarzdor ijro hujjati bo‘yicha majburiyatini bajarganda, u vafot etganda, ijro hujjatini berishga asos bo‘lgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilinganda yoxud ijro hujjati bo‘lgan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda, qarzdorning 10 yil davomida mol-mulki yoki pul mablag‘lari haqida ma’lumot aniqlanmaganda yoki qarzdor bankrot deb topilganda, undiruvchining arizasiga ko‘ra, u haqidagi ma’lumotlar Reyestrdan chiqariladi.

Xususan, 2024 – yil 1 – apreldan boshlab:

– sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi;

– sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish bo‘yicha savdo do‘konlarini tanlab olishda mol-mulkni Internet-do‘konlar orqali sotishni amalga oshiruvchi savdo tashkilotlariga ustunlik beriladi.

Sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash, shu orqali aholini sud tizimiga ishonchini oshirish demokratik va huquqiy davlat qurish yo‘lidagi muhim vazifalarining biri hisoblanadi.

Joldasbay KEWNIMJAYEV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudi raisi