HUQUQ VA ERKINLIKLARIMIZ KAFILI

 

Mustaqil mamlakatimizning yangi konstitutsiyasi 155 moddadan iborat. U bevosita xalqimiz tomonidan qabul qilindi. Ta’kidlash lozimki, biz qabul qilgan ushbu bosh qomusimizda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarlarga oid yangi normalar belgilandi.

 

Ushbu huquqlar – inson huquqlarining bir turi bo‘lib, u bizga munosib hayot kechirish, jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlarni kafolatlaydi. Bunda, har bir kishi farovonlikka erishishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi hamda baxtli bo‘lishi va o‘z hayotidan rozi bo‘lishini ta’minlash nazarda tutiladi.

 

Masalan, mehnat qonunchiligida homiladorlik yoki farzandlari borligi bilan bog’liq sabablarga ko‘ra ishga qabul qilmaslik ta’qiqlangan. Konstitutsiyada esa ushbu norma mustahkamlanib, unga kӯra homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlandi.

 

Bosh qomusimizning 42-moddasida “har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.

 

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi.

 

Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”-deb belgilandi.

 

Bu normalarning belgilanishi, fuqarolarning mehnat huquqlarini amalga oshirish, ularni ish bilan ta’minlash va ishsizlikdan himoyalash munosib mehnat uchun munosib ish haqi bilan ta’minlash ijtimoiy davlatning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

 

Konstitutsiyaning 43-moddasida davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag’allikni qisqartirish choralarini ko‘rish va davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag’batlantirishi mustahkamlandi.

 

Bir sӯz bilan aytganda, shu va inson qadri himoyasiga qaratilgan boshqa normalar fuqarolarning barcha huquqlarining kafolatlanganligini tasdiqlovchi huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qilishini anglatadi.

 

 

 

Zebo BAZARBAEVA,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi sudyasi