YANGILANGAN KONSTITUTSIYADA MULK HUQUQI KAFOLATLARI

 

Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.

Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 41-modda

 

Ma’lumki, jamiyatning iqtisodiy negizini mulk tashkil etadi. Shuningdek, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi ham mulk bilan, mulkning kimlarga tegishli ekanligi bilan belgilanadi. Mulksiz ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish, mamlakatda xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonsiz. So‘nggi yillar davomida yurtimizda xususiy mulk ustuvorligini ta’minlash va hamda uning huquqiy muhofazasini kuchaytirishga oid bir qator qonunlar qabul qilindi.

 

Xususan, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, mulkiy, shu jumladan er uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlash, xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, davlat idorasining rasmiy ma’lumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqini himoya qilish tizimini joriy etish shular jumlasidandir.

 

Yurtimizda so‘nggi yillarda tadbirkorlar huquqlari yanada keng himoya qilinayotgani ham bejiz emas. Soha egalarining huquqiy himoyasi kuchaytirilayotgani, ularga ko‘plab imtiyoz va engilliklar berilayotgani ularni ruhlantiribgina qolmay, iqtisodiyotimizning rivoji, xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Tan olish kerak, xususiy mulkni himoya qilish sohasidagi amalga oshirilgan islohotlar va ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan xususiy mulk daxlsizligi bilan bog’liq muammo va nizolar mavjud edi.  Xususan, davlat organi mansabdor shaxsning noqonuniy qarori asosida xususiy mulkni “snos” shaklida olib qo‘yishi, mulkdorga etkazilgan zararni qoplamasligi, asossiz vajlar bilan ko‘chmas mol-mulkni buzish kabilar mulkdorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgandi.

 

O‘zbekiston uchun muhim siyosiy hujjat hisoblangan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 41-moddasiga ko‘ra,  endi “Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi”, deb belgilab qo‘yilgan.

 

Konstitutsiyamizga ushbu moddaning kiritilgani aholining turmush farovonligini oshirish, yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, mulkchilik munosabatlarini huquqiy jihatdan kafolatlash, xususiy mulkning daxlsizligini kuchaytirishga katta turtki bo‘ldi. Fuqarolarning mulki bilan bog’liq munosabatlarning huquqiy jihati, aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlari daxlsizligini kafolatlash bilan bog’liq normalar konstitutsiya orqali mustahkamlab qo‘yildi va sudlarda ularning himoyasi hamda  daxlsizligini ta’minlash mustahkamlandi.

 

Bunda uy-joy mulkdorlariga nisbatan 2 turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilandi: sud kafolati va uy-joydan mahrum etilganda kompensatsiya olish kafolati. Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Bunda sud tomonidan mulk huquqini bekor bo‘lishiga sabab bo‘luvchi holatlar amaldagi qonun hujjatlari asosida ob’ektiv tarzda ko‘rib chiqiladi. Albatta, mazkur tartib mulkdor har qanday holatda asossiz ravishda mulk huquqidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.

 

Ikkinchi kafolat, ya’ni uy-joydan mahrum etilganda kompensatsiya olish kafolati mulkdor iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yo‘naltirilgani bilan e’tiborga molik. Mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorni shu uy-joy va etkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi.

 

Jumladan, Konstitutsiyada ilk marotaba er xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi nazarda tutildi. Ushbu norma asosiy qonundagi haqiqiy inqilobiy yangiliklardan biri sifatida mulkchilik munosabatlaridagi bo‘shliqni to‘ldirdi.

 

Bundan tashqari, sud orqali xususiy mulk himoyasi va daxlsizligini ta’minlash maqsadida xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi, mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini to‘liq joriy etishga to‘sqinlik qiluvchi tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi.

 

Xususan, er uchastkalariga bo‘lgan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan hujjatlarni, shu jumladan Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yo‘li bilan er uchastkasiga bo‘lgan huquqni tugatish amaliyotiga chek qo‘yildi. Ushbu hujjatlar faqat sud tomonidan bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi belgilandi.

 

Mulk daxlsizligi har kimning o‘z boyliklariga egalik qilish, foydalanish va boshqarish huquqiga ega ekanidir. Bu huquq odamlarga o‘z mulkidan qanday foydalanishni erkin tanlash imkonini beradi va qonun oldida tenglikni yaratadi. Konstitutsiyamizning 66-moddasida ta’kidlanganidek, “Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar etkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak».

 

Bugun mulkdor va  tadbirkorlar nimaga ishonadi? Ular qachonki, o‘z mulki ishonchli himoya qilinishiga ishonsagina investitsiya kiritadi, biznesini rivojlantirishga bor vujudi bilan harakat qiladi. Bu ishonchning mustahkamligi esa belgilangan qonunlarning qat’iy belgilangan tartibda ishlashiga bog’liq. Bundan ham mulkdor, ham davlat iqtisodiyoti rivojlanadi.

 

Umuman olganda, Konstitutsiyada mulkdorlarning mulk daxlsizligi tamoyillarining mustahkamlangani ularning mol-mulkiga  o‘zboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda tortib olish va ulardan foydalanish holatlaridan himoya qilinishini ta’minlaydi. Bu mulkdorlarning o‘z mulkiga egalik qilishlari va ulardan foydalanishlari uchun zamin yaratib, davlatga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlaydi.

 

 

Sayora AYTNIYAZOVA,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi sudyasi