“MIRANDA QOIDASI”-FUQAROLARNING O‘Z HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING ZAMONAVIY USULI

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi barqaror taraqqiyoti, xalqimiz farovon hayotining mustahkam huquqiy asosi va ishonchli kafolatidir. Bosh qomusimizda ijtimoiy adolat va birdamlik printsiplari joriy etilib, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.

 

Xususan, inson manfaati har narsadan ustun qo‘yilishi e’tirof etildi hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilandi. Bular, inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, inson va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun etarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi va boshqalarda o‘z aksini topdi.

Shuningdek, insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg’or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi. Jumladan, Konstitutsiyamizda hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi hamda shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi qat’iy belgilandi.

Bundan tashqari, shaxsni ushlash chog’ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi konstitutsiya doirasida mustahkamlandi.

Bu kabi normalar shaxsning erkinligini cheklash bilan bog’liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shartligini bildirib, tergov va surishtiruv organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish yoki qamoqda saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir.

Konstitutsiyada shaxsni ushlash chog’ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi kerakligi ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, sukut saqlash huquqi berildi. Ya’ni, xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi” fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilishning zamonaviy usuli sifatida Asosiy qonunda o‘z ifodasini topdi.
Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etilgan. Mazkur norma to‘g’ridan-to‘g’ri amal qiluvchi qoida bo‘lib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.

Qolaversa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi mustahkamlanib, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilandi. Bu qoidalar jinoiy ta’qib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning sha’ni va qadr-qimmatni kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishining oldini oladi.

Yana bir muhim norma — agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlandi. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.

Ma’lumki, insonning ajralmas huquqlardan biri – o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqidir. Bu huquq umume’tirof etilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarda ham o‘z aksini topgan. Shu norma Konstitutsiyamizning 55-moddasida ham belgilanib, har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli ekanligi e’tirof etildi.
Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqaro o‘z buzilgan huquq va erkinliklarini, o‘zgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Bunda fuqaro tomonidan o‘zini himoya qilishda qo‘llaniladigan usullar yoki choralar qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan bo‘lishi lozim.

Shuningdek, fuqaro O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqliligi belgilangan. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlashning huquqiy kafolatidir.

Bundan tashqari, shaxsga davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lganidan so‘ng, xalqaro organlarga murojaat etish huquqining berilayotganligi O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga xizmat qiladi.

Jasur Urazbaev,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi