HADYA SHARTNOMASI TUSHUNCHASI, UNI BEKOR QILISH VA HAQIQIY EMAS DEB TOPISH TARTIBI
Bugungi kunda sudlardagi statistik ma’lumotlardan fuqarolar o‘rtasida hadya shartnomasini bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish to‘g’risidagi nizolar ham bor ekanligi ko‘rinadi.
Avvalombor hadya shartnomasi – bu qanday shartnoma degan savol tug’ilishi bejiz emas, albatta.
Ushbu shartnomaga O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 502-moddasida qo‘yidagicha tushuntirish berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga o‘ziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi, yoxud uni o‘zi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi.
Agar ashyo yoki huquq muqobil berilganida yo bo‘lmasa, muqobil majburiyat mavjud bo‘lganida shartnoma hadya deb tan olinmaydi. Bunday holda bu shartnomaga nisbatan ushbu Kodeks 124-moddasining ikkinchi qismi qoidalari, ya’ni qalbaki va ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi haqidagi norma qo‘llaniladi. Demak, yuridik oqibatlar tug’dirish niyati bo‘lmagan holda, nomigagina tuzilgan bitim (qalbaki bitim) o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir. Agar bitim boshqa bitimni niqoblash maqsadida tuzilgan bo‘lsa (ko‘zbo‘yamachilik bitimi), taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimga doir qoidalar qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 113-moddasiga ko‘ra, haqiqiy bo‘lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog’liq bo‘lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.
Bitim haqiqiy bo‘lmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim bo‘yicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin bo‘lmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart.
Hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sog’lig’iga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yo‘l qo‘yiladi.
Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan o‘ldirgan taqdirda hadya qiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega.
Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega bo‘lgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tadbirkor yoki yuridik shaxsning bankrotlik to‘g’risidagi qonun hujjatlari qoidalarini buzib, bankrot deb e’lon qilinishidan oldingi bir yil ichida tadbirkorlik faoliyati bilan bog’liq mablag’lar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin.
Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qo‘yilishi mumkin.
Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan bo‘lsa, qaytarishi lozim.
Demak shartnomani bekor qilish bilan haqiqiy emas deb topishning farqi quyidagilardan iborat:
– shartnomani haqiqiy emasligiga asos uning noqonuniyligidir. Bekor qilishga esa – uning qonuniyligi nizolashilmasdan shartnomani bekor qilishga sabab bo‘ladigan holatlarning yuzaga kelishi sabab bo‘ladi.
– shartnomani bekor qilish u amalda bo‘lgan vaqtdagi o‘zaro huquq va majburiyatlarga ta’sir etmasdan, faqatgina kelgusidagi huquq va majburiyatlarga taalluqlidir.
Qayd qilish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan bitimlar bilan bog’liq nizolarni sudda ko‘rish amaliyoti tez-tez umumlashtirilib boriladi va sudlarda bitimlarga oid munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini to‘g’ri tatbiq qilish, shu bilan birga sud amaliyotida nizoli huquqiy munosabatlarga nisbatan qo‘llanishi lozim bo‘lgan moddiy qonun normalarini aniqlash va ishni to‘g’ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni har tomonlama tekshirish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilib kelinadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan 2006 yil 22 dekabrda “Sud amaliyotida bitimlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini tatbiq qilishda vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g’risida”gi 17-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, Qarorda aynan yuqorida qayd qilinganidek hadya shartnomasi bo‘yicha nizolarni ko‘rib chiqishda qanday moddiy huquq normalari qo‘llanilishi va nizoni hal etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Zulfiya BABADJANOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi