VOYAGA ETMAGANLAR HUQUQLARI HIMOYASI KAFOLATI BU BORADAGI QONUNCHILIK YANADA TAKOMILLASHTIRILDI
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida 42-moddasida Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega ekanligi, 44-moddasida Bolalar mehnatining bolaning sog’lig’iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi mustahkamlab qo‘yilgan. Xalqaro mehnat tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalari va boshqa hujjatlarda ko‘zda tutilgan har bir fuqaroning mehnat huquqlari himoyasining Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishi, Konstitutsiyamizning muqaddimasida ta’kidlanganidek, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalarining ustunligi tan olinganligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari mamlakatimizda voyaga etmaganlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarning ustuvorligini ta’minlash maqsadida 2008 yil 4 aprelda “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g’risida”gi Konventsiya (Jeneva, 1973 yil 26 iyun) hamda 2008 yil 8 aprelda “Bolalar mehnatining og’ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g’risida”gi Konventsiya (Jeneva, 1999 yil 17 iyun) ratifikatsiya qilindi.
Ta’kidlash joizki, qonunchiligimizda mehnat sohasida voyaga etmaganlarning huquqlarini himoya qilish, bu borada ularga alohida g’amxo‘rlik ko‘rsatilishini nazarda tutuvchi bir qator me’yorlar mustahkamlab qo‘yilgan. Mehnat kodeksining 412-moddasida O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini qo‘llash taqiqlanadigan ishlar O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini mehnat sharoiti zararli va (yoki) xavfli bo‘lgan ishlarda, er osti ishlarida, shuningdek bajarilishi ularning hayotiga va sog’lig’iga, xavfsizligiga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda (tungi kafe va klublarda, spirtli ichimliklarni, tamaki mahsulotlarini, giyohvandlik va psixotrop moddalarni, toksik preparatlarni ishlab chiqarish, tashish hamda sotish va boshqalar) qo‘llash taqiqlanadi.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarning ular uchun belgilangan yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalardan ortiq bo‘lgan og’irlikdagi yuklarni ko‘tarishi va tashishi taqiqlanadi.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar mehnatining qo‘llanilishi taqiqlanadigan va bajarilishi voyaga etmaganlarning sog’lig’iga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning og’ir yuklarni ko‘tarishi va tashishi chog’ida yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Mehnat kodeksining 415-moddasida Ish vaqtining davomiyligi o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan, o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g’risida”gi Konventsiyaning 3-moddasi talablariga mos keladi. Unga ko‘ra, o‘z xususiyati yoki amalga oshiriladigan sharoitiga ko‘ra, o‘smir sog’lig’i, xavfsizligi yoki ma’naviyatiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan har qanday ish turiga yoki yollanma ish turiga qabul qilish uchun eng kichik yosh o‘n sakkiz yoshdan kam bo‘lmasligi kerakligi nazarda tutilgan.
Mehnat kodeksining 422-moddasida Ota-onadan biri (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxs), shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar hamda bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, agar ishni davom ettirish o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning hayotiga va sog’lig’iga, xavfsizligiga hamda ma’naviy jihatdan kamol topishiga tahdid solayotgan bo‘lsa yoki ularga boshqacha tarzda ziyon etkazishi mumkin bo‘lsa, bunday shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli ekanliklari belgilab qo‘yilgan.
Yuqorida zikr qilingan Konventsiyaning 7-moddasida milliy qonun hujjatlarida agar o‘n uch yoshdan o‘n besh yoshgacha bo‘lgan shaxslarga ularning sog’lig’i va rivojlanishi uchun zararli bo‘lmasa, ularning maktabga qatnashiga, ularning vakolatli hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlangan kasbga yo‘naltirish yoki kasbiy tayyorgarlik dasturlarida ishtirok etishlariga yoki ularning olgan bilimlaridan foydalanish layoqatiga zarar etkazmaydigan bo‘lsa, engil ishlarda ishlashga yoki yollanib ishlashga ruxsat etishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Shu maqsadda bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar davom ettirilib, voyaga etmagan shaxslarga nisbatan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g’risidagi qonun hujjatlarining buzilishi hamda voyaga etmagan shaxsni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi “Voyaga etmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g’risidagi qonun hujjatlari takomillashtirildi.
Ushbu yangi qonunning muhim jihatlaridan biri Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeks “Voyaga etmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g’risidagi talablarni buzish” deb nomlangan yangi 491-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, voyaga etmagan shaxs mehnatidan uning sog’lig’i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek Jinoyat kodeksining 1481-moddasida Voyaga etmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g’risidagi talablarni buzish, ya’ni voyaga etmagan shaxs mehnatidan uning sog’lig’iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish, xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda ushbu qoidalarga og’ishmay rioya qilib kelmoqda. Qolaversa, milliy qonunchiligimizda bola huquqlari va manfaatlari, shuningdek, ularning himoyasiga alohida o‘rin berilgan.
Joldasbay KEWNIMJAEV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining raisi