O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI JINOYAT-PROTSESSUAL KODEKSIGA KIRITILGAN O‘ZGARITISH VA QO‘SHIMCHALAR ODIL SUDLOV SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA XIZMAT QILADI

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga doir keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirildi.

 

Huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish natijalariga ko‘ra sud ishlarini yuritish jarayoniga yangi institutlar joriy etildi, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi.

Shu bilan birga sudlarda ishning hajmi keskin ortganligi ishlarni qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish imkoniyatining yo‘qolishiga olib kelib, bu fuqarolarning o‘rinli e’tirozlari ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyatlari cheklanganligi sababi mazkur tizimni o‘rta bo‘g’inning — viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali takomillashtirish zarurligidan dalolat bermoqda.

2023 yil 27 sentyabrda qabul qilingan «Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida»gi 869-sonli O‘RQ Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator muhim tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Bu o‘zgartishlar jinoyat protsessini yanada demokratik, shaffof va inson huquqlariga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

 

Sud qarorlarining qayta ko‘rib chiqilishi imkonini beradigan yangi mexanizmlar joriy etildi. Bu, odil sudlovni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, chunki u sud faoliyatining samaradorligini oshiradi.

 

Jumladan, mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rishga, shuningdek qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlarni viloyat sudlariga va ularga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazishga hamda yuqori sudlar tomonidan sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi instantsiya sudlariga yuborish amaliyotini tugatishga doir protsessual normalarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu esa o‘z navbatida, sudyalarning mas’uliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga va noroziliklarning oldini olishga, shuningdek ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

 

Jinoyat protsessual kodeksini takomillashtirish, mamlakatimizda odil sudlov samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim tadbirlardan hisoblanadi. Ushbu o‘zgartishlar, sud tizimining ishlashini yaxshilash, inson huquqlarini himoya qilish va jamiyatdagi huquqiy adolatni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

 

Agzam USPANOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Chimboy tumani sudining raisi