IJTIMOIY TARMOQLARNING BIRIDA E’LON QILINGAN “HOKIM BIZGA BOSIM QILYAPTI… QORAQALPOG’ISTONDAN PREZIDENTGA MUROJAAT” NOMLI VIDEOMUROJAAT YUZASIDAN
Da’vogar Taxtako‘pir tuman hokimligi Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizalari bilan murojaat qilib, javobgarlar “BIBSARO-SHODYA-TAXTA”, “DAUIT-TAXTA” va “AGRO MAKS FOOD” fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan er maydonlarini ijaraga berish to‘g’risidagi shartnomalarni bekor qilishni so‘ragan.
“BIBSARO-SHODYA-TAXTA” va “AGRO MAKS FOOD” fermer xo‘jaliklarining iltimosnomalariga binoan, shuningdek, “DAUIT-TAXTA” fermer xo‘jaligidan vakil kelmaganligi sababli sud muhokamalari 2024 yil 12 avgustdan 22 avgustga qoldirilgan.
Ishlarni ko‘rayotgan Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi mehnat ta’tiliga chiqqanligi sababli ushbu ishlar Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudiga o‘tkazilgan.
Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi tomonidan 2024 yil 22 avgust kuni o‘tkazilgan sud majlisida ishdagi mavjud dalillar etarli emasligi sababli da’vogarga qo‘shimcha dalillarni taqdim etish taklif qilingan va sud muhokamasi 2024 yil 30 avgust kuniga qoldirilgan.
2024 yil 30 avgustdagi sud majlisida ham ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlash uchun dalillar etarli emasligi sababli sud tomonidan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslarni jalb qilish va ularga qo‘shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilish lozim topilib, sud muhokamasi 2024 yil
9 sentyabrga qoldirilgan.
Murojaatchilar sudyaning aynan ushbu xatti-harakatlaridan norozilik bildirishib, “sud muhokamasi 9 sentyabrga uchinchi marotaba qoldirilganligini, hokimlik vakiliga hujjatlarni to‘liq taqdim etishni aytganligini hamda soliq organi va Fermerlar kengashini ishga jalb qilgani”ni bildirishgan.
Iqtisodiy protsessual kodeksi 69-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga ko‘ra, dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladi.
Agar sud mavjud dalillar etarli emas deb hisoblasa, ishning ob’ektiv holatlarini aniqlash va nizoni to‘g’ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilishi mumkin.
Oliy sud Plenumining 2023 yil20 noyabrdagi “Sudlarda erga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida”gi 28-sonli qarorining 26-bandida sudlar fermer xo‘jaliklari bilan er uchastkasi ijara shartnomasini bekor qilish to‘g’risidagi ishlarni ko‘rishda Fuqarolik kodeksining 384-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaligining er maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g’risida”gi Nizom talablariga rioya qilinganligini tekshirishlari lozimligi haqida tushuntirish berilgan.
Ishdagi hujjatlarda yuqoridagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar etarli emasligi sababli sud o‘z tashabbusi bilan da’vogar va uchinchi shaxslar vakillariga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif etishni lozim topgan.
Mazkur Kodeks 171-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisiga ko‘ra, sud tarafning qo‘shimcha dalillar taqdim etish yoki uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarurati bilan bog’liq holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g’risidagi iltimosnomasi bo‘yicha sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.
Oliy sud Plenumining 2019 yil 24 maydagi “Birinchi instantsiya sudi tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida”gi 13-sonli qarori 37-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilarida sudlarning e’tibori sud muhokamasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 171-moddasining birinchi qismida sanab o‘tilgan kutilmagan va favqulodda holatlarda keyinga qoldirilishi mumkinligiga qaratilishi lozimligi, ko‘rsatib o‘tilgan holatlar mavjud bo‘lganda, sud muhokamasi sudning tashabbusi bilan ham, ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra ham keyinga qoldirilishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.
Shuningdek, ushbu Kodeks 48-moddasining birinchi qismiga binoan nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar birinchi instantsiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar, agar ish ushbu shaxslarning taraflardan biriga nisbatan huquq yoki majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, da’vogar yoxud javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular tarafning iltimosnomasiga yoki sudning tashabbusiga ko‘ra ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin.
Mazkur vaziyatda ishning holatlari Taxtako‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi, Kadastrlar palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, O‘zagroinspektsiyaning Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, Taxtako‘pir tumani “Suv etkizib berish xizmati” davlat muassasasi, Taxtako‘pir tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi va Taxtako‘pir tumani soliq inspektsiyasining huquq yoki majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi sababli sud ushbu shaxslarni o‘z tashabbusi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb qilishni lozim topgan.
Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudi da’vogar tomonidan aynan Fuqarolik kodeksining 384-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaligining er maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g’risida”gi Nizom talablariga rioya qilinmaganligini inobatga olib, 2024 yil 9 sentyabrdagi ajrimlar bilan da’vo arizalarini ko‘rmasdan qoldirgan.
Mazkur vaziyatda Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi tomonidan sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalariga amal qilingan holda keyinga qoldirilganligi ma’lum qilinadi.