INSON QADRI VA MANFAATLARI UCHUN

 

BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tarixiy nutq so‘zladi. Unda BMT ning hozirgi sessiyasi jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotgan, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchayayotgan va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘layotganligi ta’kidlandi.

 

Buning natijasida dunyo davlatlari o‘rtasida savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelayotganligi, hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilayotganligi e’tirof etildi. Ana shunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g’oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotganligini O‘zbekiston rahbari ushbu yuksak minbardan turib dunyo ahliga yuzlandi.

 

O‘zbekiston huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirishini, mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g’oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgarilab borayotganligiga dunyo ahli guvoh bo‘lmoqda.

 

Joriy yil aprel oyida yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Unda xalqimiz yangilangan Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatladi va islohotlarimizning ortga qaytmaydigan muqarrar tus olishi ta’minlandi. Mana shunday huquqiy asosda “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi qabul qilinib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg’un maqsadlar qo‘yib, O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqda.

Izchil davom etayotgan islohotlar natijasida va xalqning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag’allik ikki barobarga kamayib, bu ko‘rsatkich 2030 yilgacha yana 7 foizga tushirilishi rejalashtirilgan. Aholini ichimlik suvi, sog’liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash ko‘lamini bir necha bor oshirishni belgilagan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha e’tiborga loyiq natijalarga erishilganligi, mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganligi Prezidentimiz nutqida faxr bilan tilga olindi.

 

Bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelinganligi, har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinganligi, buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilinganligi, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilganligi ham ayni haqiqat. Mamlakat rahbarining qat’iy irodasi tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi.

 

Yangi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat ta’qiqlanishi kafolatlab qo‘yildi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarurligini ta’kidlab, bunga chek qo‘yish imkoni borligini O‘zbekiston tajribasi ko‘rsatganligi shunday illatga davlatlar uchun namuna maktabi bo‘lib hisoblanadi.

 

Har bir davlatning eng katta boyligi – Inson kapitalidir. “Inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir”, –deya ta’kidladi Prezidentimiz. “Biz hamma uchun ochiq va sifatli ta’limni kambag’allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omili, deb bilamiz. Mamlakatimiz oxirgi yillarda bu borada katta tajriba to‘pladi – ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga etdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog’chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi”.

 

O‘zbekistonda keyingi yillarda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishini ta’minlash borasida ulkan islohotlar amalga oshirilganligi, milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat ekanligi ham Prezident nutqidan alohida o‘rin olgan. Ayollar va voyaga etmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilinganligi, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan O‘zbekiston manfaatdor ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘z nutqida bugun dunyo ahlini qattiq tashvishga solgan, dunyoda vujudga kelgan keskin ekologik vaziyat haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayayotgan murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganligiga yana bir karra dunyo davlatlarining e’tibori qaratildi.

 

Prezidentimizning tarixiy nutqlarida yana bir global muammo – radikalizm va diniy ekstremizm muammosiga alohida e’tibor qaratilgan. “… ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz zarur”, deya ta’kidladi Prezident.

 

O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyamiz doirasida ilgari ekstremizm g’oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog’lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasi kun tartibida doimo dolzarb turibdi. Bu bu borada O‘zbekiston o‘ziga xos tajriba orttirgani, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasi o‘tkazilgani, uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afg’onistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarilganligi ham ushbu sohadagi insonparvarlik siyosatining yorqin ifodasi ekanligini dunyo davlatlariga namoyish etdi.

 

Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishlari zarurligini ushbu yuksak minbardan turib alohida e’tirof etdi.

 

 

 

Gulistan ESHNAZAROVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi