ISHGA JOYLASHISH HUQUQI

Unumli va ijodiy mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shug’ullanish har kimning mutlaq huquqidir.

 

Har kim ish beruvchiga bevosita murojaat qilish yoki mehnat organlarining bepul vositachiligi orqali, shuningdek, xususiy bandlik agentliklarining xizmatlari vositasida ish joyini erkin tanlash huquqiga egadir.Ishga joylashtirish mehnatga layoqatli aholining bandligini ta’minlash uchun iqtisodiy, tashkiliy, moliyaviy va huquqiy tadbirlar majmuidan iboratdir. Ishga joylashtirish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

ish beruvchiga bevosita murojaat qilish yo‘li bilan;

mehnat organlarining bepul vositachiligi orqali;

xususiy bandlik agentliklari xizmatlari orqali.

 

Davlat ish bilan ta’minlash turini, shu jumladan, turli mehnat rejimidagi ishni tanlash erkinligini; ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdan va mehnat shartnomasini g’ayriqonuniy ravishda bekor qilishdan himoyalanishni; maqbul keladigan ish tanlash va ishga joylashishga bepul yordam berishni; har kimga kasbga va ishga ega bo‘lishda, mehnat qilish va ish bilan ta’minlanish shart-sharoitlarida, mehnatga haq olishda, xizmat pog’onasidan yuqorilab borishda teng imkoniyatlar yaratishni; yangi kasbga (mutaxassislikka) bepul o‘qitishni, mahalliy mehnat organlarida yoki ularning yo‘llanmasi bilan boshqa ta’lim muassasalarida stipendiya to‘lab malakasini oshirishni; boshqa joydagi ishga qabul qilinganda moddiy xarajatlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya to‘lashni; haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun muddatli mehnat shartnomalari tuzish imkoniyatini kafolatlaydi.
Ishga joylashtirish kafolatlarini taqdim etish tartibi Qonun va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.

Ish beruvchi ish beruvchining arizasida ko‘rsatilgan malaka talablarini inobatga olgan holda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarni ishga joylashtirishni tashkil etish uchun ish joylarining belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga joylashtirish uchun yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilishi shart.

Quyidagi sabablarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin xodimlar uchun ish qidirish davrida ikki oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga to‘langan bir oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi: – xodimning ish beruvchi bilan birgalikda boshqa hududda ishlashga o‘tishdan bosh tortishi sababli; xodimning sog’lig’i tufayli tibbiy xulosaga muvofiq sog’ligiga xavf tug’dirmaydigan boshqa ishga o‘tkazishdan bosh tortishi; texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ishlar (xizmatlar) hajmining qisqarganligi munosabati bilan;

tashkilot muassislari (ishtirokchilari) yoki ta’sis hujjatlarida vakolat berilgan yuridik shaxs organlarining qarori bilan tashkilotning tugatilishi; xodimning malakasi etarli bo‘lmaganligi yoki sog’lig’i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiqligi sababli; shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga qayta tiklanishi sababli; tashkilotni tugatish to‘g’risidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirishi munosabati bilan.

Ushbu kafolatlar tashkilot mulkdorning almashishi munosabati bilan, tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, tashkilotda bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham tatbiq etiladi.

Agar ushbu xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab o‘n kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsalar, mahalliy mehnat organi bergan ma’lumotnomaga binoan uchinchi oy uchun ham oldingi ish joylaridan o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlarga uch oy mobaynida maqbul keladigan ish topib berilmagan taqdirda, ular ishsiz deb e’tirof etiladilar.

Basharti ish beruvchi nochor (bankrot) deb topilsa, u bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan xodimlar ish haqi va o‘zlariga tegishli boshqa to‘lovlar xususida boshqa barcha kreditorlarning talablariga nisbatan imtiyozli huquqdan foydalanadilar. Tugatilayotgan tashkilotlarning mablag’i bo‘lmagan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlarga kompensatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg’armasi mablag’lari hisobidan to‘lanadi.

O‘zbekiston Respublikasining «Aholi bandligi to‘g’risida»gi 2020 yil 20 oktyabrdagi qonuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishga joylashtiriladigan davlatda himoya qilish: – O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari; Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi; yuboruvchi tashkilotlar; nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

 

 

Saodat QAIPNAZAROVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi