Kashandalik-sog’lik kushandasi, umr zavoli

Nukus garnizoni manaviyat va ma’rifat markazi binosida Nukus harbiy sudining sudya yordamchisi R.Nurniyazov, Nukus harbiy prokurorining yordamchisi adliya kapitani Sh.Ramazanov hamda Qoraqalpoq Davlat universitetining yuridika fakulteti talabalari ishtirokida, o’z yigitlik burchini o’tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar bilan 31 may Xalqaro kashandalikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Kashandalik-sog’lik kushandasi, umr zavoli” mavzusida seminar o’tkazildi.

 

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan 1988 yil 31 may kuni Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan.Ushbu sananing global maqsadi hozirgi va kelgusi avlodni tamakining nafaqat sog’liq uchun salbiy jihatlaridan, balki ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy talofatlarning vayronkor oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, har yili tamaki iste’moli oqibatida 6 millionga yaqin kishi hayotdan ko’z yumadi va agar unga qarshi kurashga kirishmasak, bu ko’rsatkich yiliga 8 milliondan oshadi.
Tamaki chekish hamma zararli odatlar orasida eng ko’p tarqalganidir. Insonning zamonaviy hayot tarzida, kashandalik ko’pgina surunkali kasalliklarni keltirib chiqaruvchi, ish qobiliyatini pasaytiruvchi, nogironlikni va o’limning yosharib borayotganligiga sabab bo’luvchi xavfli omillarning asosiylaridan biri bo’lib bormoqda. Butunjahon Sog’liqni saqlash tashkilotining bayonnomalariga asosan, jahonda bir yil davomida 5 million kishi tamaki chekish bilan bog’liq bo’lgan kasalliklar tufayli olamdan ko’z yumadi. Chekuvchining umri chekmaydiganlarga qaraganda, kuniga bir dona sigaret chekkanida ham o’rtacha 5-8 yilga qisqaroq ekan, sutkasiga 2 pachka sigareta chekuvchi kashandalarda umrining qisqarishi 10 yildan oshadi.

Bu — sigaret har olti soniyada bir odamning umriga zomin bo’lmoqda degani. Bugun dunyoda tamaki chekuvchilar soni 1,6 milliardga yaqinlashgan. Bu muammoga qarshi kurashishning eng samarali yo’li sog’lom hayot kechirishni tanlashdir.

 

Mutaxassislar fikricha, sog’lom turmush tarzini yaratishda avvalo tamaki mahsulotlari iste’moliga chek qo’yish zarur. Undagi nikotin moddasi inson salomatligi uchun xavfli bo’lib, yurak, qon-tomir, nafas a’zolari kasalliklarini keltirib chiqarishi, organizmda xavfli o’smalar paydo qilish ehtimoli kuchli. Ular orasida homilador ayollar, go’daklar, bolalar, o’smirlar va yoshlar hammadan ko’p jabr ko’rmoqda.

Seminarda mutasaddilar shu boshqa mavzuga oid ma’lumot va tushunchalar berildi.

 

R.Nurniyazov,

Nukus harbiy sudining sudya yordamchisi