Oilaviy zo’ravonliklar uchun qonun oldida javobgarlik kuchaytirildi
Oilaviy – maishiy zo’ravonlik muammosi jamiyatimizda uchraydigan eng ko’p muammolardan biri hisoblanadi.
So’nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali yoritilayotgan oilaviy zo’ravonlik bo’yicha turli rezonans holatlarga guvoh bo’lmoqdamiz. Bunga javoban, mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo’ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, bolalar orasida nazoratsizlikning va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, shuningdek nogironligi bo’lgan bolalarni hamda ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O’sib kelayotgan avlodning ravnaqiga, kamol topishiga e’tiborning davlat siyosati darajasiga ko’tarilishi, shubhasiz, har jihatdan tahsinga loyiq. Zero, bugungi tez o’zgarayotgan zamonda xalqaro hamjamiyat va taraqqiy topgan mamlakatlar qatoriga ko’tarilish uchun harakat qilayotgan jamiyat, birinchi navbatda, bugungi unib-o’sib kelayotgan farzandlarining har tomonlama barkamol avlod bo’lib hayotga kirib borishini o’zi uchun eng ulug’, kerak bo’lsa, eng muqaddas maqsad, deb biladi.
O’zbekiston Respublikasining 2023 yil 11 apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarni ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtrilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgarish va qo’shimchlar kiritish to’g’risida” gi 829-sonli Qonuni bilan Ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi kodeksga va Jinoyat Kodeksiga o’zgarishg va qo’shimchalar kirtildi.
Unga ko’ra, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksi 592-moddasi bilan to’ldirilib, unga ko’ra, Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro’zg’or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo’lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog’liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to’sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast etkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog’lig’ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni, qo’rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo’yish, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo’lmasa ma’muriy javobgarlikka tortilishiga va bunday huquqbuzarliklar uchun bazaviy hisoblash miqdorining o’n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o’n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinladi.
Shuningdek Jinoyat Kodeksi 126-1-moddasi bilan to’ldirilib, unga ko’ra ya’ni Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro’zg’or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo’lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog’liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to’sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast etkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog’lig’ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo’rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo’yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilgan bo’lsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo’lmasa jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, oilaviy zo’ravonlik juda keng va kompleks muammo hisoblanib, xuddi shunday keng va kompleks echimni talab qiluvchi illatdir. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda, ushbu illatning paydo bo’lish sabablarining chuqur tadqiq qilinishi, uning echimi bo’yicha davlat tomonidan qonunga kiritilayotgan o’zgarishlar o’z samarasini berishidan umidvormiz.
Ra’no Kamalova,
Jinoyat ishlari bo’yicha Beruniy tuman sudi raisi