DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TGAN HUJJAT HAM HAR DOIM QONUNIYLIKNI ANGLATMAYDI
Sud amaliyotida ayrim holatlarda fuqarolar yoki tadbirkorlar muayyan mulkka oid kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgani yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini uning mutlaq qonuniyligi sifatida qabul qiladi. Biroq huquqiy munosabatlarda har qanday davlat ro‘yxatining qonuniyligi, avvalo, uning qanday huquqiy asosga tayangani bilan belgilanadi.
Yaqinda To‘rtko‘l tuman sudida ko‘rib chiqilgan ma’muriy ish aynan shu masalaning huquqiy mohiyatini yana bir bor ochib berdi.
Fuqaro N.A Kadastr organi tomonidan MJtKning 60-moddasi 3-qismi asosida tayinlangan ma’muriy jarima ustidan shikoyat bilan sudga murojaat qildi. Uning fikricha, do‘konga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va tegishli idoralar tomonidan berilgan hujjatlarga ishonib faoliyat yuritgani uchun uning harakatlarini o‘zboshimchalik deb baholash mumkin emas edi.
Sud muhokamasi jarayonida mazkur vajlar har tomonlama tekshirildi. Kadastr organi vakillari, davlat yer nazorati materiallari, arxiv ma’lumotlari hamda boshqa hujjatlar o‘zaro taqqoslandi.
Tekshirishlar davomida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos sifatida ko‘rsatilgan tuman hokimining qarori arxivda mavjud ekani, biroq ushbu qarorda fuqaro N.A ning nomi umuman qayd etilmagani aniqlandi. Demak, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun huquqiy asos sifatida keltirilgan hujjat mazmuni bilan rasmiylashtirilgan kadastr ma’lumotlari o‘rtasida nomutanosiblik mavjud bo‘lgan.
Shu sababli davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlikning o‘zi huquqning mutlaq qonuniyligini anglatmasligi, agar uning asosidagi huquqiy hujjat talablarga javob bermasa, vakolatli organ tomonidan qabul qilingan qaror qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi sud muhokamasida o‘z tasdig‘ini topdi.
Ishni ko‘rish jarayonida huquqbuzar o‘zining muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmaganini, uch nafar farzandi borligini, vaqtincha ishsiz ekanini, shuningdek, qasddan qonun buzish niyati bo‘lmaganini bayon qildi. Himoyachi tomonidan ham «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun normalariga tayanildi.
Biroq sud har bir keltirilgan vajni ish materiallari bilan solishtirib baholadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 31 va 33-moddalarida nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlarni qo‘llash uchun qonun talab qilgan asoslar mavjud emasligi, huquqbuzarlik oqibatlari bartaraf etilmagani hamda Kadastr organi xulosalari obyektiv dalillar bilan tasdiqlangani aniqlandi.
Natijada sud Kadastr agentligi qarori qonun talablariga muvofiq qabul qilingan, degan xulosaga keldi va huquqbuzarning shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirdi.
Ushbu ishdan chiqadigan muhim huquqiy xulosa shuki, har qanday davlat ro‘yxati yoki rasmiy hujjatning yuridik kuchi uning tashqi ko‘rinishi bilan emas, balki uning huquqiy asoslari qonuniyligi bilan baholanadi. Agar davlat ro‘yxatini amalga oshirishga asos bo‘lgan hujjat haqiqiy huquqiy asosga ega bo‘lmasa yoki unda ziddiyatlar mavjud bo‘lsa, bunday holat sud tomonidan huquqiy baholanishi tabiiydir.
Qonun ustuvorligi aynan shunda namoyon bo‘ladiki, sud har qanday nizoda shaxsning subyektiv qarashlariga emas, balki tekshirilgan dalillar, hujjatlar va qonun talablariga tayanadi. Bu esa mulkiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, davlat ro‘yxatining ishonchliligini muhofaza qilish hamda yer resurslaridan qonuniy foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Baurjan SABUROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudining tergov sudyasi






