HAKAMLIK SUDLARI FAOLIYATINING YANGI HUQUQIY BOSQICHI
Huquqiy davlat barpo etish yo‘lida sud-huquq sohasini izchil takomillashtirish, nizolarni hal etishning muqobil mexanizmlarini rivojlantirish hamda davlat mablag’laridan oqilona foydalanishni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada 2026 yil 21 aprelda qabul qilingan «Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g’risida»gi O‘RQ–1141-son Qonun mazkur sohadagi huquqiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda hakamlik sudlari tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni tezkor va samarali hal etishning muqobil instituti sifatida shakllandi. Natijada davlat sudlarining ish yuki kamaydi, tadbirkorlik muhitining jozibadorligi oshdi, shartnomaviy munosabatlarda ishonch mustahkamlandi. Biroq amaliyot hakamlik sudlari faoliyatini tashkil etish, ularning huquqiy maqomini aniqlashtirish, sudyalar malakasiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish hamda davlat manfaatlari bilan bog’liq munosabatlarda aniq huquqiy cheklovlarni belgilash zaruratini ko‘rsatdi.
Yangi Qonun aynan shu ehtiyojlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, u hakamlik muhokamasini xalqaro huquqiy standartlarga yaqinlashtirish, uning shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan.
Qonunning eng muhim yangiliklaridan biri davlat organlari, davlat muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hakamlik bitimi taraflari bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligining qonun darajasida mustahkamlanganidir. Mazkur cheklov davlat mulki va byudjet mablag’larining xususiy tartibdagi hakamlik muhokamalari orqali hal etilishining oldini olishga, davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, qonun bilan hakamlik sudlarida ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lmagan nizolar doirasi ham yanada aniqlashtirildi. Endi er munosabatlari, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilash, ma’muriy, oilaviy hamda mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar, shuningdek byudjet mablag’larini undirish bilan bog’liq ishlar hakamlik sudlarida ko‘rilmaydi. Bu esa jamoat manfaatlariga daxldor munosabatlarni davlat sudlari tomonidan ko‘rib chiqish printsipini yanada mustahkamlaydi.
Qonunning yana bir muhim jihati — hakamlik sudyalarining kasbiy tayyorgarligiga oid yangi talablarning joriy etilganidir. Endilikda hakamlik sudyalari Adliya vazirligi tasdiqlaydigan maxsus o‘quv dasturlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishi va muntazam ravishda malakasini oshirib borishi shart. Bu talab hakamlik muhokamalarining sifati, qabul qilinadigan qarorlarning qonuniyligi va asosliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, qonun manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan muhim protsessual kafolatlarni ham nazarda tutgan. Jumladan, muayyan nizoda hakamlik sudyasi sifatida ishtirok etgan shaxs keyinchalik aynan shu ish bo‘yicha taraflarning vakili sifatida qatnashishiga cheklov o‘rnatildi. Bu xolislik va mustaqillik printsiplarining amalda ta’minlanishi uchun muhim huquqiy kafolatdir.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksga yangi 175<sup>9</sup>-moddaning kiritilishi ham alohida ahamiyatga ega. Unga ko‘ra, hakamlik sudlarini qonunga xilof tashkil etish, davlat organlarini noqonuniy ravishda hakamlik bitimiga jalb qilish yoki davlat tashkilotlari tomonidan qonunga zid ravishda hakamlik sudi qarorlarini ixtiyoriy ijro etish uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu esa qonun talablariga rioya etilishini ta’minlovchi ta’sirchan huquqiy mexanizm sifatida xizmat qiladi.
Qonunning yana bir muhim yo‘nalishi byudjet intizomini mustahkamlash bilan bog’liq. Byudjet kodeksi va «Davlat xaridlari to‘g’risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar byudjet mablag’larining sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish, g’aznachilik nazorati samaradorligini oshirish hamda davlat moliyaviy manfaatlarini sudlarda himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur Qonun nafaqat hakamlik sudlari faoliyatini tartibga solishga, balki davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni aniq chegaralashga ham xizmat qiladi. Bu esa huquqiy aniqlikni ta’minlash, sud amaliyotida yagona yondashuvni shakllantirish va investitsiya muhitini yanada yaxshilash uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonun hakamlik sudlari institutini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, uning faoliyatining ochiqligi va ishonchliligini oshirish, malakali hakamlik sudyalari korpusini shakllantirish, davlat manfaatlari va byudjet mablag’larini ishonchli himoya qilishga qaratilgan muhim huquqiy hujjatdir. Mazkur islohotlar huquqiy davlat barpo etish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda odil sudlovning muqobil mexanizmlarini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Abilay ADILOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi






