Mustahkam oila –jamiyat tayanchi


Oila-inson tafakkurining oliy mahsuli. Zotan, bu mo’’jaz maskan umrimizga mazmun, hayotimizga fayz beribgina qolmay, jamiyat ravnaqi, yurt taraqqiyotida muhim o’rin tutadi. Ayni chog’da oiladagi totuvlik va ahillik kishining ongu shuurida hayotga muhabbat, kasbga sadoqat, atrofdagilarga nisbatan hurmat va e’tibor singari yuksak insoniy fazilatlarni ham shakllantiradi.

 

Ammo so’nggi yillarda turli sabablarga ko’ra, oila ajrimlarining oshib borayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Misol uchun, respublika bo’yicha o’tgan 2021 yil davomida 277,4 ming nikoh qayd etilgan bo’lsa, 28,7 ming oila ajrashgan. Bu yangi tuzilgan har 10 oiladan bittasida ajrim ro’y berdi, deganidir.

 

Sudga ajrim uchun ariza topshirayotgan er-xotin tanlagan qarori ham o’ziga, ham jamiyatga, ayniqsa, uning safiga endi qo’shilgan kichik yoshdagi farzandining taqdiriga salbiy ta’sir qilishini anglaydi. Ammo anglash boshqa, natija esa amalda boshqacha tus olmoqda.

 

Oilaviy ajrimlar masalasi bugun yo kechaning gapi emas. Bu borada yozilmagan gap, uni bosib chiqarmagan gazeta, mavzu yangramagan ko’rsatuv qolmadi, hisob. Mutasaddilardan so’rasangiz, “loyihalar amalga oshirilyapti, yarashtirish komissiyalari ishlayapti”dan nariga o’tishmaydi. Lekin murg’ak qalbning tirik etim bo’lishi zamonaviy jamiyatda odatiy holga aylanib bormoqda.

 

Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, ajrashish arafasida turgan, ajrim qayd etilgan oilalarning muammolari bir-biriga o’xshamaydi. Ammo har biri o’z echimiga ega, ajrimga qadar oilani saqlab qolishning imkoniyati ancha yuqori bo’lgan.

 

Ajrashishlarning aksariyat qismiga urf-odatlar, qaynonaning kelinga soliq solishi, kuyovning esa kelin tomondan mulk ta’ma qilishi, kelinlarning ota uyiga “gap tashishi”, telefon va ijtimoiy tarmoqlar, yoshlarning na fikrlash, na pul topish borasida mustaqil emasligi, yigitlarning o’z so’zini o’tkazishga harakat qilishi, qizlarning esa “xo’p”dan yiroqligi, diniy bilimdan bexabarlik, o’zaro hurmat tushunchasining yo’qolishi, besabrlik, aybini tan olmaslik kabi holatlar sabab bo’lmoqda.

 

Achinarlisi, nikoh bekor qilinar ekan uning qiyinchiliklari asosan ayolning zimmasiga tushadi. Chunki aksar hollarda u yashab turgan uyidan bolalari bilan chiqib ketishi hamda  o’zi va bolalarning ta’minotini o’ylashga majbur bo’ladi. Ma’lumotlarga ko’ra, ajrashgan ayollarning beshdan to’rt qismi bugun qayta turmush qurmasdan yolg’iz hayot kechiryapti. Buning oqibatida hozirgi kunda Respublika bo’yicha 220 ming nafar voyaga etmagan bolalar to’liq bo’lmagan oilada ota mehriga zor bo’lib ulg’aymoqda…

 

Shuncha norasida bolani tirik etimga aylantirgan sabab nima?

 

Bunga yosh oilalar vakillarining nikohga bo’lgan mas’uliyatsizligi, farzand taqdiriga bo’lgan loqaydlik bir sabab bo’lsa, yosh oilalarga maslahat berib, ularga bosh bo’lish o’rniga g’urur va kibrga berilgan, bolasining ayblarini xaspo’shlaydigan ota-onalardagi shoshqaloqlik yana bir sabab bo’lmoqda. Aslida oila haqidagi qadriyatlar yoshlar ongiga bolalikdanoq singdirilishi kerak emasmi…?!

 

Inson oilani o’ziga juft tanlash bilan boshlaydi. Munosib umr yo’ldoshi tanlash inson hayotidagi eng muhim hayot mamot masalalaridan biri hisoblanadi. Nasl nasabning qanday davom etishi, farzandlarning tarbiyasi, odob axloqi, sog’lik salomatligi hatto, yaqin qarindoshlar bilan bordi keldining saqlanib qolishi ham bo’lajak umr yo’ldoshiga bog’liq. Oila mustahkam bo’lishi uchun oilada er va xotin shariatimiz ko’rsatmalariga mos holda o’z majburiyatlarni to’liq ado qilishlari shart.

 

Nikohlanuvchilarning avvalo, ish bilan band bo’lishga intilishi, ikkinchidan, oilasini moddiy ta’minlash maqsadida ishlash uchun uzoqqa ketishga oid istaklari keyinchalik boshqa omillar ta’sirida oilaning buzilishiga olib kelgan, deyish mumkin. Er-xotinni ish bilan ta’minlash, oila byudjetini qo’shimcha daromad evaziga mustahkamlash singari muammolarni bartaraf etish u qadar mushkul emas, ya’ni echimini topish mumkin bo’lgan masaladir.

 

Xulosa qilib aytganda, oilani asrab-avaylash, uning mustahkamligini ta’minlash, ajrashish arafasidagi oilalarni yarashtirish eng ezgu amallardan hisoblanadi. Shunday ekan, oilaviy ajrashishlarning oldini olish, er-xotinni o’zaro murosaga keltirish borasida nafaqat sudlar, balki keng jamoatchilik ham alohida jonbozlik ko’rsatishi jamiyatimiz rivojiga munosib ulush qo’shishi shubhasizdir.

 

Zuxra Bayimbetova, 

Jinoyat ishlari bo’yicha Bo’zatov tuman sudi raisi