OTA-ONA NAZORATISIZ QOLAYOTGAN BOLALAR: HUQUQIY MAS’ULIYAT VA XAVFSIZLIK MASALASI
Bugungi kunda ayrim ota-onalarning bandligi sababli bolalar nazoratsiz qolayotgan holatlar uchrab turadi. Ba’zan bolalar qo‘shnilar yoki qarindoshlarga topshiriladi, ayrim hollarda esa ular umuman nazoratsiz qolib, ko‘cha, bozor, transport vositalari yoki boshqa jamoat joylarida yolg‘iz yurishga majbur bo‘ladi. Ko‘rinishidan oddiydek tuyulgan bunday holatlar aslida bolaning hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ko‘plab huquqbuzarliklar, yo‘l-transport hodisalari va turli noxush voqealar ko‘pincha aynan ota-ona nazoratining yetishmasligi bilan bog‘liq. Kichik yoshdagi bolaning ko‘chada yolg‘iz yurishi, begona shaxslar bilan muloqot qilishi yoki transport qatnovi zich bo‘lgan joylarda harakatlanishi uning hayoti uchun bevosita xavf tug‘diradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 73-moddasiga ko‘ra, bolani tarbiyalash, uning xavfsizligini ta’minlash hamda har tomonlama rivojlanishi uchun g‘amxo‘rlik qilish ota-onaning asosiy burchi hisoblanadi. Ushbu majburiyatni lozim darajada bajarmaslik turli huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasida ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Bunday holatlar sodir etilgan taqdirda jarima qo‘llanilishi, takror sodir etilganda esa javobgarlik yanada kuchaytirilishi mumkin.
Mazkur kodeksning 47¹ va 47²-moddalarida esa ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli organlarga o‘z vaqtida yetkazmaslik yoki bunday bolalarni joylashtirish jarayonida qonun hujjatlari talablarini buzish uchun ham ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Bu normalar nafaqat ota-onalar, balki mahalla faollari, ta’lim muassasalari rahbarlari hamda bolalar bilan ishlovchi boshqa mas’ul shaxslarga ham taalluqlidir.
Shu bois, voyaga yetmaganlarning xavfsizligini ta’minlash masalasida ota-onalar alohida mas’uliyat bilan yondashishlari zarur. Bolaning yoshi va yetukligini hisobga olgan holda uni nazoratsiz qoldirmaslik, ayniqsa kichik yoshdagi bolalarning ko‘chada yolg‘iz yurishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir.
Bundan tashqari, mahalla, maktab va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish ham katta ahamiyatga ega. Ko‘chada yoki jamoat joylarida nazoratsiz qolgan bolalarni ko‘rgan fuqarolar tegishli tashkilotlarga xabar berish orqali ularning xavfsizligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shishlari mumkin.
Xulosa qilib aytganda, bolalar xavfsizligini ta’minlash — nafaqat ota-onalarning, balki butun jamiyatning muhim vazifasidir. Qonunlarda belgilangan talab va majburiyatlarga rioya qilish orqali biz bolalarimizning sog‘lom, xavfsiz va barqaror kelajagini ta’minlashimiz mumkin.
Zuxra AYAPOVA,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘zatov tumani sudi raisi






