OILAVIY (MAISHIY) ZO‘RAVONLIK VA TAZYIQLARGA QARSHI KURASHISH — BARQAROR OILA GAROVI
Oila — jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, uning barqarorligi esa har bir davlatning ma’naviy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojining muhim omili hisoblanadi. Afsuski, ayrim hollarda oila muhitida ham ziddiyatlar va zo‘ravonlik holatlari kuzatilmoqda.
Oiladagi zo‘ravonlik — bu ijtimoiy jarayon bo‘lib, turli ko‘rinishlarda deyarli har to‘rtinchi oilada namoyon bo‘ladi. Bu illatdan eng ko‘p jabr ko‘ruvchi toifalar — ayollar, bolalar, qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslardir.
Millatimiz uchun oila muqaddas sanaladi. Ayniqsa, ayol-qizlarimiz oila tinchligi, farzandlar farovonligi yo‘lida bor kuch va mehnatini ayamaydi. Shu bilan birga, ayrim hollarda ularning o‘z oilasida zo‘ravonlik va tazyiqlarga duch kelayotgani jamiyat uchun jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlikka uchragan ayollarning 60–70 foizi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmaydi. Bu holat zo‘ravonlikning ko‘pincha yashirin tus olishiga va uning salbiy oqibatlarining chuqurlashishiga sabab bo‘ladi.
Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik — insonga nisbatan uning yaqin qarindoshi yoki bir ro‘zg‘orda yashayotgan shaxs tomonidan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy bosim o‘tkazish shaklidagi tajovuzkor xatti-harakatlardir.
Bu turdagi zo‘ravonlik jismoniy — kaltaklash, tana jarohati yetkazish; ruhiy — haqorat qilish, tahdid va qo‘rqitish; iqtisodiy — moliyaviy manbalarni nazorat qilish yoki ularni cheklash; jinsiy — shaxsning irodasiga qarshi majburlash ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Bunday holatlarda zo‘ravon shaxs qurbon ustidan hukmronlik o‘rnatishga, uni qo‘rqitish yoki bo‘ysunishiga erishishga intiladi. Bu esa oilaviy muhitdagi ishonch va hurmatni yo‘qotib, ijtimoiy munosabatlarning izdan chiqishiga sabab bo‘ladi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish, jabrlanuvchilarni himoya qilish va javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qator huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2023-yil 11-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-sonli Qonuniga muvofiq, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, 2024-yil 21-oktyabrda qabul qilingan «Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi va Jinoyat kodeksining 126¹-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritildi. Unga ko‘ra, bolalarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun alohida javobgarlik belgilandi.
Bu o‘zgarishlar davlatimiz tomonidan inson huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning sha’ni hamda qadr-qimmatini himoya qilishga qaratilganligini ko‘rsatadi.
Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash faqatgina jabrlanuvchining yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu umumjamiyat ishidir. Zo‘ravonlikka uchragan inson ko‘pincha ruhiy jihatdan yezilgan bo‘ladi va mustaqil ravishda to‘g‘ri qaror qabul qilishga qiynaladi. Shu bois, bunday holatlarda nafaqat yaqinlar, balki davlat va jamoat tashkilotlari ham uning yonida bo‘lishi shart.
Zo‘ravonlik — shaxsga qarshi jinoyat, uning erkinlik va huquqlariga tajovuzdir. Shuning uchun ham jamiyatda bu boradagi huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, mavjud noto‘g‘ri qarashlarni o‘zgartirish zarur.
Xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, oilaviy munosabatlarda tenglik va hurmatni ta’minlash, zo‘ravonlikka olib keladigan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish — barqaror oila va sog‘lom jamiyat garovidir.
Bunda davlat organlari, mahalla fuqarolar yig‘ini, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining yaqin hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka qarshi kurash — faqat huquqiy emas, balki ma’naviy, tarbiyaviy vazifa hamdir. Har birimiz bu yo‘lda mas’ullik bilan yondashsak, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Gulistan BISENOVA,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tuman sudi raisi