YER UCHASTKALARIGA QONUNIY EGALIK QILISH VA TABIIY RESURSLARGA EGALIK HUQUQINI HIMOYA QILISH: MAʼMURIY JAVOBGARLIKNING HUQUQIY TAHLILI

 

Yer va boshqa tabiiy resurslar har qanday davlatning iqtisodiy taraqqiyoti, ekologik barqarorligi hamda aholi farovonligini taʼminlashda muhim strategik ahamiyatga ega boʻlgan milliy boylik hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda yer resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish hamda yer munosabatlarida qonuniylikni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

 

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yer munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Yer uchastkalarini ajratishning ochiq va raqamlashtirilgan mexanizmlari joriy etildi, yerdan foydalanish ustidan davlat nazorati kuchaytirildi, yer munosabatlarida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizmlar shakllantirildi. Bu oʻzgarishlar yer resurslaridan foydalanishda qonuniylikni taʼminlash bilan birga, mulkiy huquqlarning ishonchli himoya qilinishiga ham xizmat qilmoqda.

 

Shu bilan birga, amaliyotda yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz ulardan foydalanish, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish kabi huquqbuzarliklar uchrab turibdi. Bunday holatlar davlat va jamiyat manfaatlariga, shaharsozlik talablariga hamda boshqa shaxslarning huquqlariga jiddiy zarar yetkazadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 60-moddasi tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilaydi. Mazkur norma yer, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosidan qonunga xilof ravishda foydalanish, yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik huquqini buzuvchi harakatlarning oldini olishga qaratilgan muhim huquqiy kafolat hisoblanadi.

 

Moddaning birinchi qismida yerdan, suvdan, oʻsimlik yoki hayvonot dunyosidan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, shuningdek yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlarni sodir etish uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan. Bu norma davlat mulkini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan qonuniy foydalanish hamda ekologik muvozanatni taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Moddaning ikkinchi qismida yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan yer uchastkasiga nisbatan qonuniy huquq mavjud boʻlmagan holda undan foydalanish uchun maʼmuriy jarima belgilangan. Qonun chiqaruvchi ushbu huquqbuzarlik uchun yuqori miqdordagi jarimalarni nazarda tutish orqali yer munosabatlarida huquqiy intizomni mustahkamlashni maqsad qilgan.

 

Ayniqsa, oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan sanksiyalar qonunchilikning qatʼiyligini namoyon etadi. Bunday harakatlar nafaqat yer qonunchiligini, balki shaharsozlik, arxitektura va ekologik talablarni ham buzishi mumkin.

 

Mazkur moddaning muhim jihatlaridan biri shundaki, qonun birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga huquqbuzarlik oqibatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyatini beradi. Agar shaxs oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasini qaytarsa va qonunbuzilish oqibatlarini bartaraf etsa, u maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bu esa huquqiy taʼsir choralarining jazolash bilan bir qatorda profilaktik ahamiyatga ham ega ekanligini koʻrsatadi.

 

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 60-moddasi yer munosabatlarida qonuniylikni taʼminlashga xizmat qiluvchi muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi. Ushbu norma orqali davlat yer resurslarini muhofaza qilish, mulkiy huquqlarni taʼminlash hamda yerdan oqilona foydalanish sohasida huquqiy tartibni mustahkamlashni koʻzlagan.

 

Sudlar tomonidan mazkur toifadagi ishlar qonun talablari, ishning barcha holatlari va dalillar har tomonlama oʻrganilgan holda koʻrib chiqilishi yer munosabatlarida adolat va qonuniylikni taʼminlashning muhim kafolati hisoblanadi. Shu bilan birga, huquqiy targʻibot ishlarini kuchaytirish, yer qonunchiligi mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish hamda raqamli yer kadastri tizimini yanada takomillashtirish kelgusida bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

Alisher AMETOV,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi