Murojaatlar bilan ishlashning yangi tizimi
Ma’lumki, joriy yilning 23 iyul kuni Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo’yicha videoselektor yig’ilishi o’tkazilib, mazkur tizimni yangicha shakl va yondashuv asosida davom ettirish bo’yicha qator vazifalarni belgilab bergan edi. Shu asosda, Qoraqalpog’iston Respublikasidagi sudlarning raislari tomonidan joylarda ommaviy sayyor qabullar o’tkazilmoqda.
4 avgust kuni Qonliko’l tumanida tashkil etilgan ommaviy sayyor qabullar o’tgan qabullarga nisbatan ancha jonli va ochiq muloqotlar bilan davom etdi. Unda Respublika sudlarining raislari bilan birga Qonliko’l tumani hokimi va tumandagi xalq qabulxonalari mas’ullari, mutasaddi soha vakillari faol ishtirok etdi.
Ma’lumotlar shuni ko’rsatdiki, joriy yil boshidan buyon Qonliko’l tumani fuqarolaridan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasi va vertual qabulxonasiga, shuningdek, o’tkazilgan sayyor qabullar davomida jami 905 ta masala yuzasidan murojaat kelib tushgan, shundan 75 tasi sud-huquq masalalari ya’ni sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar (prokuratura, ichki ishlar va adliya vazirligi)ga tegishli.
Ommaviy sayyor qabul jarayonida fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyat qismi uy-joyni nomiga o’tkazish yoki uyni qaytarib olish, merosxo’rni tayinlash, voyaga etmagan farzandi uchun yoki ota-ona o’z farzandlaridan aliment undirish, nikohdan ajratish, ish joyiga qayta tiklash va ma’naviy zararni undirish, mehnat stajini tasdiqlash, pensiya undirish, yo’l transport xodisasi tufayli tayinlangan sud qarorini o’zgartirish kabi masalalardir.
Qabul davomida 6 nafar fuqaroning murojaatlari ijobiy hal etildi. Ikki nafar fuqaro esa masalasi ijobiy hal bo’lgani uchun sud mas’ullariga o’z minnatdorchiligini bildirdi.
Aholi bilan bunday ochiq muloqotlar “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan xalqparvar tamoyilning yana bir isbotidir.