OILA TINCHLIGI — JAMIYAT BARQARORLIGI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g’ini ekanligi hamda davlat muhofazasida bo‘lishi belgilangan. Bu norma oilada tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlikni ta’minlash nafaqat shaxsiy, balki jamiyat uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, Konstitutsiyada erkak va ayolning nikohda teng huquqli ekani belgilab qo‘yilgan. Demak, oilaviy nizolarni hal etishda har ikki tomonning huquq va manfaatlarini hurmat qilish muhimdir.

Oila — inson hayotidagi eng muhim ijtimoiy muhitlardan biri. Unda inson mehr, hurmat, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni his qiladi. Biroq turli xarakter, dunyoqarash, ehtiyoj va hayotiy qarashlarning to‘qnashuvi natijasida oilada nizoli vaziyatlar ham yuzaga kelishi mumkin. Bunday nizolar o‘z vaqtida to‘g’ri hal etilmasa, oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Oilaviy nizolarning kelib chiqishiga turli omillar sabab bo‘ladi. Jumladan, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro tushunmovchilik, moliyaviy qiyinchiliklar, ishsizlik, maishiy muammolar, farzand tarbiyasiga turlicha yondashuv, qarindoshlarning oilaviy hayotga ortiqcha aralashuvi, ishonchsizlik va muloqot etishmasligi shular jumlasidandir. Ayrim hollarda esa kichik kelishmovchiliklar yig’ilib borib, jiddiy mojaroga aylanishi mumkin.

 

Nizoning o‘zi har doim ham oila buzilishiga olib keladigan salbiy holat emas. Muammoni tinch yo‘l bilan muhokama qilish va bir-birini eshitish orqali kelishmovchilikni bartaraf etish mumkin. Asosiy muammo nizo vaqtida haqorat, tahdid, zo‘ravonlik yoki bir-birini kamsitish kabi usullarning qo‘llanilishidadir. Bunday munosabatlar oiladagi ishonch va hurmatni susaytiradi.

 

Oilaviy nizolarning eng katta ta’sirlaridan biri farzandlar ruhiyatida namoyon bo‘ladi. Doimiy janjal muhitida ulg’aygan bolada qo‘rquv, xavotir, o‘ziga ishonchsizlik va o‘qishga qiziqishning pasayishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Shuning uchun ota-ona nafaqat o‘z munosabatlari, balki farzandlarining ruhiy xotirjamligi haqida ham o‘ylashi lozim.
Oilada sog’lom muhitni saqlash uchun, avvalo, samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish zarur. Har bir oila a’zosi o‘z fikrini xotirjam bayon qilishi, boshqalarning fikrini esa hurmat bilan tinglashi kerak. Muammoni hal qilishda «kim aybdor?» degan savoldan ko‘ra, «muammoni qanday hal qilamiz?» degan yondashuv ko‘proq samara beradi.

Shuningdek, oila a’zolari o‘rtasida ishonch va mas’uliyatni mustahkamlash muhim. Er-xotin bir-birining mehnati va hissasini qadrlashi, muhim qarorlarni imkoni boricha birgalikda qabul qilishi lozim. Moliyaviy masalalar, farzand tarbiyasi va maishiy vazifalar bo‘yicha oldindan kelishib olish ko‘plab tushunmovchiliklarning oldini olishi mumkin.

 

Agar nizo mustaqil ravishda hal bo‘lmasa, oilaviy psixolog, mediator yoki boshqa tegishli mutaxassisga murojaat qilish ham foydali. Mutaxassis vaziyatga xolis baho berib, taraflarga muammoni tinch va konstruktiv tarzda hal qilishga yordam berishi mumkin.

 

Nizo — bu oilaning tugashi emas, balki yangi bosqichga o‘tish uchun signal deb tushunish lozim. Sog’lom oila umuman urishmaydigan emas, balki nizolardan to‘g’ri xulosa chiqaradigan oiladir.

 

Sud amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, oilaviy nizolar faqat er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik bilan cheklanib qolmaydi. Bunday nizolar nikohdan ajratish, aliment undirish, otalikni belgilash, farzandning kim bilan yashashini aniqlash, bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash, umumiy mol-mulkni bo‘lish va boshqa huquqiy masalalarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun har qanday oilaviy nizoni hal etishda, avvalo, oila a’zolarining huquq va qonuniy manfaatlarini, ayniqsa voyaga etmagan farzandlar manfaatini himoya qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Xulosa qilib aytganda, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash har bir oila a’zosining mas’uliyatidir. O‘zaro hurmat, sabr-toqat, ochiq muloqot va kechira bilish oiladagi ko‘plab nizolarning oldini olishga xizmat qiladi. Eng muhimi, har qanday kelishmovchilikda inson qadri, oila tinchligi va farzandlar manfaati ustuvor bo‘lishi kerak.

 

Azamat ABDIRASULIEV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng’irot tumanlararo sudi raisi