YOLG’ON XABARLAR ORTIDAGI JAVOBGARLIK: QONUN NIMANI TALAB QILADI?  

 

Shimoli-g’arbiy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda internet va ijtimoiy tarmoqlarda milliy armiyamiz haqida tarqatilayotgan yolg’on, isbotlanmagan va bo‘hton ko‘rinishdagi axborotlarning oldini olish, shuningdek, harbiy xizmatchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan targ’ibot-tadbir uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpog’iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog’iston bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirga jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi sudyasi Azamat Shinibekov ham ishtirok etib, mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlar orqali asossiz va bo‘hton axborot tarqatishning salbiy oqibatlari, shuningdek, bunday harakatlar uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari haqida atroflicha so‘z yuritdi.

 

 

 

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda axborot texnologiyalari jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylangan. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot olish imkoniyatlari kengaygan bir paytda, afsuski, yolg’on va asossiz xabarlar ham tez sur’atlarda tarqalmoqda. Bunday axborotlar nafaqat ayrim shaxslar obro‘-e’tiboriga, balki ijtimoiy barqarorlikka ham jiddiy tahdid solishi mumkin.

 

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi sudyasi Azamat Shinibekov o‘z chiqishida internetda asossiz axborot tarqatish faqat axloqiy muammo emas, balki qonunbuzarlik, ayrim hollarda esa jinoyat sifatida baholanishini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli normalarida yolg’on axborot tarqatish, haqorat qilish va kiberhujumlar uchun javobgarlik belgilangani qayd etildi.

 

Shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda sud organlarining roli alohida ekani ta’kidlandi. Sudlar faqat jazo choralarini qo‘llash bilan cheklanmay, aholini huquqiy ongini oshirish, kiberxavfsizlik sohasida ogohlikni kuchaytirishga ham xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

 

 

 

Sud amaliyotidagi misollar asosida yolg’on axborot tarqatish orqali shaxslar va tashkilotlarga katta ma’naviy hamda moddiy zarar etkazilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, har bir internet foydalanuvchisi tarqatayotgan axborotining haqqoniyligiga mas’uliyat bilan yondashishi, qonun doirasida harakat qilishi lozimligi ta’kidlandi.

 

 

 

Alohida qayd etilganidek, milliy armiyamiz haqida isbotlanmagan va bo‘hton axborotlarni tarqatish davlat va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi, harbiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli, axborot tarqatish bilan bog’liq noqonuniy harakatlar O‘zbekiston qonunchiligida jinoyat sifatida belgilangan.

 

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.