KORRUPTSIYAGA MUROSASIZ MUNOSABAT — USTUVOR VAZIFA

 

Qorao‘zak tumanida milliy qonunchiligimizdagi yangi o‘zgarishlar va  korruptsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag’ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Qorao‘zak tumani sudi raisi B.Urumbaev va tergov sudyasi R.Matkurbanov, tuman prokuraturasi,  ichki ishlar hamda adliya bo‘limi rahbarlari ishtirok etdi.

 

 

Tadbirda sudyalar tomonidan  O‘zbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilinib, korruptsiya jamiyat taraqqiyotiga, qonun ustuvorligiga hamda fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchiga jiddiy tahdid soluvchi salbiy illat ekani alohida ta’kidlandi.

 

 

Shuningdek, Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida korruptsiya davlat taraqqiyotiga eng katta tahdid sifatida qayd etilgani eslatib o‘tildi. Unga qarshi kurashish maqsadida 2026 yildan boshlab barcha sohalarda korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, har bir davlat idorasida komplaens va ichki nazorat tizimlarini joriy etish belgilangani ta’kidlandi. Davlat mablag’larining har bir so‘mi uchun shaxsiy javobgarlikni oshirish, qonun oldida barchaning tengligini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilandi.

 

 

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlashda sudlar faoliyatiga ham alohida mas’uliyat yuklanishi qayd etildi. Xususan, korruptsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha qonun talablarini qat’iy va xolis qo‘llash, jazo tayinlashda adolat va mutanosiblik printsiplariga amal qilish, shuningdek, sud jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash orqali jamiyatda qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

 

 

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 24 noyabrda qabul qilingan 22-sonli qarori ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur qaror bilan jinoyat uchun jazo tayinlashda mutanosiblik printsipi, sud amaliyotida yagona yondashuv hamda jazolarni qo‘llashda aniq mezonlar yanada mustahkamlandi. Shuningdek, probatsiya tizimi, majburiy jamoat ishlari, aybga iqrorlik to‘g’risidagi kelishuvlar va ayrim toifadagi shaxslarga nisbatan jazo tayinlash amaliyoti takomillashtirilgani qayd etildi.

 

 

 

Yig’ilish korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu borada barcha mutasaddi idoralar qatori sudlar faoliyatining ham hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani, qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirishda tizimli va murosasiz yondashuv muhim ekani alohida ta’kidlandi.