KORRUPTSIYAGA QARSHI KURASH: HUQUQIY DAVLATNING MUSTAHKAM KAFOLATI

Korruptsiya huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi eng jiddiy xavflardan biri hisoblanadi. U davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligiga putur etkazadi, qonun ustuvorligi tamoyilini zaiflashtiradi hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois korruptsiyaning huquqiy tabiatini chuqur o‘rganish, uning kelib chiqish omillarini tahlil qilish va unga qarshi kurashishning samarali qonuniy mexanizmlarini takomillashtirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir.

 

O‘zbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida”gi Qonuniga muvofiq, korruptsiya — shaxsning o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy yoki boshqa shaxslar manfaati yo‘lida qonunga xilof ravishda foydalanishi, shuningdek bunday foydalanish uchun noqonuniy naf olishi yoki taqdim etishidir. U pora olish va berish, xizmat vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, manfaatlar to‘qnashuvi kabi turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Korruptsiyaviy huquqbuzarliklarning huquqiy tavsifi Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeks va boshqa sohaviy qonun hujjatlarida mustahkamlangan.

 

Jinoyat-huquqiy choralar korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Jinoyat kodeksida pora olish, pora berish, vositachilik qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi qilmishlar uchun qat’iy javobgarlik belgilangan. Jazoning muqarrarligi printsipi korruptsiyaviy jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq faqat jazo choralari bilan cheklanib qolish etarli emas. Ma’muriy va intizomiy javobgarlik, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, deklaratsiya tizimini joriy etish kabi profilaktik mexanizmlar ham korruptsiya xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

 

Korruptsiyaga qarshi kurashishda qonun ustuvorligi tamoyili hal qiluvchi o‘rin tutadi. Konstitutsiyada barcha fuqarolar qonun oldida teng ekani belgilab qo‘yilgan. Agar huquqni qo‘llash amaliyotida tenglik ta’minlanmasa, korruptsiya tizimli xarakter kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, sud hokimiyatining mustaqilligi, sudyalarning daxlsizligi va xolisligi adolatli sudlovni ta’minlashning asosiy kafolatlaridir. Sudlar tomonidan korruptsiyaga oid ishlar qonuniy, asosli va xolis ko‘rib chiqilishi jamiyatda huquqiy ishonchni mustahkamlaydi.

 

Korruptsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslari ham mustahkamlanmoqda. Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat siyosatidagi muvofiqlashtiruvchi organ sifatida profilaktika, tahlil va monitoring vazifalarini amalga oshiradi. Normativ-huquqiy hujjatlarni korruptsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti esa qonun ijodkorligi jarayonidayoq korruptsiyaviy omillarni aniqlash imkonini bermoqda. Bu yondashuv reaktiv emas, balki preventiv mexanizm sifatida ahamiyatlidir.

 

Zamonaviy sharoitda davlat xizmatlarini raqamlashtirish korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biriga aylanmoqda. Elektron hukumat tizimi, onlayn davlat xizmatlari, avtomatlashtirilgan axborot platformalari inson omilini qisqartirib, qaror qabul qilish jarayonlarining shaffofligini oshiradi. Raqamli nazorat mexanizmlari mablag’lar harakatini kuzatish va davlat xaridlarida ochiqlikni ta’minlash imkonini beradi. Bu esa korruptsiya xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

 

Xulosa qilib aytganda, korruptsiyaga qarshi kurashish faqat jinoiy jazo qo‘llash bilan cheklanmaydi. U huquqiy, institutsional va tashkiliy chora-tadbirlarning o‘zaro uyg’un tizimini talab etadi. Qonun ustuvorligi, sud mustaqilligi, shaffof boshqaruv va raqamli transformatsiya kabi omillar korruptsiyaga qarshi kurashishning mustahkam huquqiy poydevorini yaratadi. Adolatli va shaffof jamiyat barpo etish yo‘lida har bir davlat organi va mansabdor shaxs o‘z mas’uliyatini chuqur anglashi zarur.

 

 

Jasurbek BALTABAEV,

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining raisi