DALILLARNING MAQBULLIGI MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

 

To‘rtko‘l tuman Ichki ishlar bo‘limi binosida jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudi tashabbusi bilan o‘quv-amaliy yig’ilish bo‘lib o‘tdi.

 

Yig’ilishda jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudi raisi B. Polvanov, tergov sudyasi B. Saburov, shuningdek tuman ichki ishlar bo‘limi rahbarlari, jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari, tergovchilar va profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.

 

Tadbirda “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarori muhokama qilindi.

 

Yig’ilishda ta’kidlanidek, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi va dastlabki tergov organlari hamda sud tomonidan har bir jinoyat ishini yuritishda jinoyat-protsessual qonuni normalariga qat’iy amal qilinishi zarur. Xususan, dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash jarayonida qonun talablariga og’ishmay rioya etish muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.

 

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan yoki unga rioya qilishdan har qanday chekinish — u qanday sabab bilan yuz berganligidan qat’iy nazar — shu yo‘l bilan olingan dalillarning maqbul emas deb topilishiga sabab bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.

 

Nomaqbul dalillar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi va ulardan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 82–84-moddalarida nazarda tutilgan holatlarni isbotlash hamda ayblov asosiga qo‘yish uchun foydalanish mumkin emasligi haqida ishtirokchilarga atroflicha tushuntirish berildi.

 

Yig’ilish davomida tergov sudyasi B. Saburov jinoyat ishini sudgacha bo‘lgan bosqichda amalga oshiriladigan protsessual harakatlar — ya’ni tintuv o‘tkazish, shaxsni qamoqqa olish, lavozimidan chetlashtirish va boshqa jarayonlarda amaliyotda yo‘l qo‘yilayotgan ayrim xato va kamchiliklarga to‘xtalib, ularni bartaraf etish zarurligini ta’kidladi.

 

Shuningdek, muhokama jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.