Nimani xo‘r qilsang – shunga zor bo‘lasan
Hayotning turfa xil yo‘llarida taqdir sinovlariga duch kelgan, umri davomida yaxshi-yomonni anglay bilgan donishmandlardan biri aytgan ekan, dunyo bozorlarini kezdim, lekin bu uch narsa hech bir bozorda sotilmas ekan: biri mehr, biri qadr, biri ota-onadir.
Haqiqatdan ham mehr va qadrga inson hayoti davomida qalb ila erishsa, xudoning in’omi bilan ota-onamiz borki, biz farzandlar dunyoga kelganmiz. Ba’zan kundalik ishlarimiz bilan band bo‘lib, ota-onamizga yetarli e’tibor qilolmay qoldikmi deya savollar beramiz o‘zimizga. Ularning yuzlarida xotirjamlik ko‘rmasak, ko‘nglimiz yorishmaydi. Har bir farzand uchun dunyoda eng yaxshi insonlar bu birinchi navbatda o‘zining ota-onasidir. Chunki, ota-onalarimiz hardoim biz farzandlar haqida qayg‘uradi, har bir yaxshi ishimizdan, yutug‘imizdan olamda yo‘q xursand. Bu narsa o‘zimizga bog‘liq emaski, balki olloh tomonidan berilgan ota-ona va farzand o‘rtasidagi «Myehr rishtasi» deb atalmish buyuk ko‘prikdir.
Aytish joizki, amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 73-moddasida «Ota-ona o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘ligi, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shart» deb ko‘rsatilgan.
Lekin, ayrim kimsalarning farzandlariga mehrsizligini, ular tarbiyasiga befarqligini ko‘rib, axir ularni ham ona dunyoga keltirgan, ota ardoqlab o‘stirgan, ular ham bir paytlar bola bo‘lganku deb o‘ylab qolasan kishi. Shunchalar tuban ketishiga, bemehr bo‘lib qolishiga kimdir yoki nimadir sababchi bo‘lganmi?
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 79-moddasida «Ota-onalar ota-onalik vazifalarini bajarishdan bosh tortsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin» deb belgilab qo‘yilgan.E’tiboringizni shu mavzuga oid bitta masalaga qaratmoqchimiz. (Maqoladagi ism-shariflar, voqealar o‘zgartirilgan. Har qanday o‘xshashlik tasodifdir.)
Ulug‘bek tengdoshlari kabi o‘ynab kulmas, har doim g‘amgin yurar, huddi katta hayotga qadam qo‘yganu, sinovlar girdobida chorasiz qolgan odamlar kabi nigohlari ma’yus edi. Nahotki endigina 6-sinfga qadam qo‘ygan bu bolaning ko‘zlarida shuncha nafrat, ko‘nglida shuncha g‘uborlar yashiringan.
U umid ilinjida derazadan tashqariga tinmay qarardi, hozir onasi keladiyu uni olib ketadigandek tuyulardi. Bugun yana tushida onasini ko‘rib chiqdi, shunday onasi bag‘riga otilgandi, uyg‘onib ketdi. Bir dunyo sog‘inchlari yana yuragini ezdi.
Nima ro‘y berganu bolaning ruhiyati bunchalar a’ziyat chekmoqda…
Sud majlisida da’vogar tuman prokuri fuqarolar Egamberdiyev Mansurbek Maulenovich va Xalmuratova Feruza Nazarovnalarni 2005-yilda tug‘ilgan Maulenov Ulug‘bekga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida da’vo ariza bilan murojaat qilib, o‘smir Maulenov Ulug‘bek mana necha yildirki mehribonlik uyida tarbiyalanib kelayotganligini, javobgarlar M.Egamberdiyev va F.Xalmuratovalar shu paytgacha farzandidan umuman xabar olmaganligini, ularning tarbiyasi bilan qiziqmaganligini, moddiy yordam bermaganligini, shu sababli javobgarlarni ota-onalik huquqidan mahrum qilishni so‘raydi.
Fuqarolar Egamberdiyev Mansurbek va Xalmuratova Feruzalar 2003-yili turmush qurib, qonuniy nikohdan o‘tmasdan birga yashab keladi. O‘rtalarida Maulenov Ulug‘bek ismli farzand dunyoga keladi. Er-xotin turmushning dastlabki kunlaridanoq o‘zaro kelisholmasdi. Arzimagan narsadan janjal chiqardi. Er-xotin bir-birini tushunmas, Mansurbek ayolini odam o‘rnida ko‘rmasdi, u badjahl, sal narsaga jig‘ibiyron bo‘lib janjal chiqaradigan odamlar toifasidan edi. Kezi kelganida farzandini ham ayab o‘tirmasdi. Ayol esa er bir gapni o‘n tushuntirganda zo‘rg‘a ilg‘ab oladigan, fahm-farosatdan yiroq edi. Feruza farzandi uchun bariga chidab kelayotgandi, lekin uning ham sabr kosasi to‘ldimi, nazarida azob-uqubatlardan qochib qutulaman deb o‘yladimi, pul topaman bahonasida Qozog‘iston Respublikasiga ishlagani ketadigan odat chiqardi. Axir bittayu-bitta farzandi bor bu oilaga nima yetishmasdi o‘zi?! Balki o‘zaro hurmat va mehr-oqibat yetishmas?! Kim bilsin yana…
Feruza oxirgi ketganida muqaddas sanalgan dargoh – oila, ulug‘ ne’mat – farzand va uning tarbiyasidan ko‘ra o‘zining halovatini ustun qo‘ydimi, uyga qaytmadi. «Uyingga qayt» deya nasihat qilgan qarindoshlariga erining azoblariga chiday olmasligini pesh qilardi go‘yo, lekin jajjigina farzandining kelajagi nima bo‘lishini hayoliga ham keltirmasdi. Nahotki bu ayol o‘tkinchi hayot qiyinchiliklarini deb, guldek farzandidan voz kechgan bo‘lsa?! Koshki, ota farzandiga mehribon bo‘lsa, huddi begonalerdek berahm edi. Xalqimiz orasida «Ayolning joni qirqta bo‘ladi, ayol farzandi uchun harqanday qiyinchilikka bardosh beradi» degan gaplarni eshitamiz. Haqiqatdan ham farzandlari uchun kerak bo‘lsa toshni kemirgan, mashaqqat ila hayot kechirayotgan mo’tabar onalarimiz qancha, farzandi uchun tog‘ni talqon qilgan mard otalarimiz qancha?!
Mana, Ulug‘bekning bosiq, g‘amgin yurishining asl sababi qayerda, ya’ni ota-ona mehri yetishmasligida edi. Unga erkalab bag‘riga bosadigan ona, mening o‘g‘lim hammadan zo‘r deb faxr ila yelkasidan qoqib qo‘yadigan ota kerak edi. Shunday ota-onasi bor tengdoshlariga ich-ichidan havas qilardi. Lekin insonda hamma narsani tanlash imkoni bo‘lsa ham, ota-onani tanlash imkoniyati berilmaganligini u yosh bola bo‘lishiga qaramasdan judayam yaxshi tushunardi. Lekin jizzakilikda bir-biridan oshib tushadigan, befarqlikda bir-biridan qolishmaydigan ota-ona bola ko‘ngli bilan biron marta qiziqib ko‘rdimi, afsuski yo‘q.
Sud majlisidagi taraflarning tushuntirishlari, ish hujjatlari va aniqlangan holatlarga atroflicha baho berilib, sud tomonidan da’vo arizani qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida» gi 11.09.1998 yil 23-son Qarorining 15-bandida «Ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlashlik deganda – ota-onalik burchlarini uzluksiz ravishda bajarmaslik, o‘z bolalariga qanday bo‘lmasin g‘amxo‘rlik qilmaslik tushuniladi. Ota-onaning o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganliklari ularning bolalarining ma’naviy tarbiyasi, jismoniy rivojlanishi, ta’limi, ijtimoiy foydali mehnatga tayyorgarligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilmaganligida namoyon bo‘ladi» deb ko‘rsatilgan.
Ulug‘bek ham kelajakda ismiga mos ulug‘ inson bo‘lib yetishar balki. Uning ham hayot yo‘lida chinakamiga mehribon insonlar topilar.
Ha, ota-onasiz o‘sib ulg‘ayotgan bolalar qancha dersiz. To‘g‘ri, mehribonlik uylarida ularga hamma sharoitlar muhayyo. Lekin masalaning muammoli tomoni, ota-ona mehrichi…?! Ularning yarimta ko‘nglini kim ham o‘z ota-onasi kabi to‘ldira olardi. Baxtga qarshi, hechkim.
Biz o‘zgalar hayoti, turmush tarziga baho berishdan yiroqmiz, lekin o‘z dilbandidan mehrini darig‘ tutgan yuqorida nomlari tilga olingan «qalbi so‘qirlar» ertaga kimdan ham muruvvat kutardi. Bir kun kelib qarigan chog‘ida farzand dog‘i tutmasmikan ularni yoki taqdirim shu deya o‘zlarini oqlashga bahonalar qidirarmikan, balki qilmishlaridan afsuslanar, buni vaqt ko‘rsatadi?! Shu zamon bir gap beixtiyor esimizga tushadi, xalqimizda «Mehr bersang – mehr topasan, nimani xo‘r qilsang – shunga zor bo‘lasan, borida qadriga yetmaganimizning uvoli tutar» degan gaplari bejizga emasku.
Sh. ABDIJEMILOVA,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi sudyasi.