8 000 000 so’m asosiy qarzini undirildi
“A” mas’uliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda da’vogar deb yuritiladi) bilan “T” xususiy korxonasi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) o’rtasida 2017 yil 01 iyunda 9/K-II-sonli xizmat ko’rsatish shartnoma imzolangan.
Da’vogar tomonidan shartnomada nazarda tutilgan majburiyat bajarilib, 2017 yil 01 iyun kungi 9/K-II-sonli shartnama, 2017 yil 31 avgustdagi 18/P-sonli hisob-varaq fakturasiga asosan da’vogar tomonidan javobgarga jami 16 000 000 so’mlik xizmatlar ko’rsatilgan. Ko’rsatilgan xizmatlar javobgar tomonidan qabul qilib olinib, ko’rsatilgan xizmatlar uchun faqat 8 000 000 sӯm to’lab berilgan. Natijada javobgarning da’vogar oldida 8 000 000 so’m qarzdorligi vujudga kelgan va to’lanmagan.
Shu bois, da’vogar javobgardan 8 000 000 so’m asosiy qarzini undirish to’g’risida da’vo ariza bilan sudga murojaat qilgan.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234-moddasiga asosan, majburiyatlar – shartnomadan, ziyon etkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda ko’rsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqishi nazarda tutilgan. Mazkur holda majburiyatlar haq evaziga xizmat ko’rsatish shartnomasidan kelib chiqqan.
Fuqarolik kodeksining 703-moddasiga ko’ra, haq evaziga xizmat ko’rsatish shartnomasi bo’yicha ijrochi buyurtmachining topshirig’i bilan ashyoviy shaklda bo’lmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq to’lash majburiyatini oladi.
Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga asosan, majburiyatlar shartnoma shartlari va qonunchilik talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi lozim.
Qayd qilingan holatlar va qonun talablaridan kelib chiqib, sudning 2021 yil 06 iyul kungi hal qiluv qarori bilan javobgar “T” xususiy korxonasidan da’vogar “A” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 8 000 000 so’m asosiy qarz undirilgan.
Spartak Niyazov
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining
iqtisodiy ishlar bo’yicha sudyasi