«ADOLAT — INSON ZIYNATI»: NAVOIY VA BOBUR MEROSI BUGUNGI SUD TIZIMI NIGOHIDA

Fevral oyi xalqimiz ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, 9 fevral kuni buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy, 14 fevral kuni esa shoh va shoir, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan.

 

Ushbu sana munosabati bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudida ma’rifat soati tashkil etildi. Tadbirda sudyalar, sud apparati xodimlari, olimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Tadbirni Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi M.Eshimbetov ochib berdi va buyuk bobokalonlarimizning betakror ijodi, ular yaratgan asarlar oradan asrlar o‘tishiga qaramasdan bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bebaho ma’naviy meros ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ularning adolat, halollik, insonparvarlik va qonun ustuvorligiga oid g’oyalari zamonaviy sud tizimi faoliyati uchun ham nodir ma’naviy dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.

 

Ma’rifat soatida Qoraqalpoq davlat universiteti filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Latofat Tojiboeva ham ishtirok etib, Navoiy va Bobur merosining adolat, halollik va insonparvarlik g’oyalari bilan qanchalik boy ekanini mazmunli misollar orqali yoritib berdi.

Ta’kidlanganidek, Alisher Navoiy “Adl ila olam obod” degan g’oyani ilgari surib, adolatni jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sharti sifatida ko‘rgan. Uning asarlarida rahbar shaxs halol, vijdonli va xalq dardiga befarq bo‘lmasligi lozimligi bot-bot ta’kidlanadi. Navoiy uchun adolat — faqat huquqiy tushuncha emas, balki inson ziynati, ma’naviy poklik mezonidir.

 

 

Zahiriddin Muhammad Bobur esa o‘zining “Boburnoma” asarida odil boshqaruv, rostgo‘ylik va insof haqida teran fikrlar bildirgan. U zulmni qoralab, davlat kuch-qudratining mustahkamligi ham adolatga bog’liq ekanini ta’kidlaydi. Bobur qarashlarida inson sha’ni va qadrini asrash — har qanday hukmning asosiy mezoni sifatida namoyon bo‘ladi.

 

Tadbir davomida ishtirokchilar buyuk ajdodlarimiz merosidagi huquqiy va axloqiy qarashlar bugungi sud-huquq islohotlari bilan uyg’un ekanini alohida qayd etdilar. Zero, zamonaviy sud tizimining asosiy maqsadi ham — qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda adolat muhitini yanada mustahkamlashdan iborat.

Qizg’in savol-javoblar va fikr almashuvlar bilan davom etgan tadbirda ishtirokchilar tomonidan adolat va halollik tamoyillari sudya va sud xodimlari faoliyatida eng ustuvor qadriyat ekani ta’kidlandi.

 

Xulosa qilib aytganda, bunday ma’rifiy tadbirlar nafaqat tarixiy merosimizni chuqur anglash, balki har bir xodimning kasbiy mas’uliyati va ma’naviy daxldorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Zotan, adolat — bu faqat sud qarorlarida emas, avvalo inson qalbida shakllanadi. Navoiy va Bobur merosi esa ana shu adolatli qalbni tarbiyalaydigan beqiyos ma’naviy maktabdir.