KORRUPTSIYA – JAMIYAT TARAQQIYOTIGA TO‘SIQ

 

Korruptsiya – bugungi kunda jahon miqyosidagi eng og’riqli muammolardan biri hisoblanadi. U faqat iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiribgina qolmay, inson huquqlariga, jamiyat adolat va ishonch muhitiga ham jiddiy putur etkazadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat rahbari sifatida faoliyatining ilk kunlaridanoq korruptsiyaga qarshi kurashishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgiladi. 2016 yilgi saylovoldi dasturida u mazkur illatga qarshi keskin kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish va davlat idoralarida shaffoflikni ta’minlashni asosiy vazifa sifatida ko‘rsatgan edi.

 

Mazkur yo‘nalishdagi ilk huquqiy qadamlardan biri — 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan va 2017 yil 3 yanvarda Prezident tomonidan imzolangan «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi qonun bo‘ldi. Ushbu qonunda birinchi marta korruptsiyaga aniq ta’rif berildi:

 

«Korruptsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy yoki boshqa shaxslar manfaati uchun qonunga xilof ravishda moddiy yoki nomoddiy naf olish yoxud bunday nafni taqdim etishdir.»

 

Xalq tilida aytganda, bu — poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik va mansabdan foydalanish orqali shaxsiy manfaat ko‘rish holatlaridir.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi tizimli kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Joriy yilning 5 martida Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig’ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda sohadagi natijadorlik tahlil qilinib, kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

 

Shuningdek, 2025 yil 21 aprel kuni qabul qilingan PF–71-sonli Farmon bilan korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarini faol jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

 

Shu kuni qabul qilingan PQ–147-sonli qarorda esa davlat organlari va tashkilotlaridagi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini mustaqil va samarali yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi. Unda “halollik vaktsinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilarida korruptsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish vazifasi ilgari surildi.

 

Bundan tashqari, 2025 yil 19 sentyabrdagi PQ–288-sonli qaror orqali fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish, korruptsiya holatlarini ilmiy jihatdan tadqiq etish va ularning sabablarini bartaraf etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjat korruptsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratining kuchayishiga xizmat qiladi.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurash faqat huquqiy yoki ma’muriy choralar bilan cheklanib qolmayapti. Eng muhimi — jamiyat ongida “halollik” qadriyatini qaror toptirish, yosh avlodni pok niyat, adolatparvar ruhda tarbiyalash orqali bu illatga qarshi mafkuraviy immunitet yaratishga e’tibor kuchaymoqda.

 

Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida yaratilgan huquqiy asoslar va amalga oshirilayotgan islohotlar davlat va jamiyatning barqaror rivojiga xizmat qiladi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

 

 

Janat AYMAGANBETOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi