KREDIT SHARTNOMALARINING IQTISODIY SUDLARDA KO‘RIB CHIQILISHI BILAN BOG‘LIQ MASALALAR
Bugungi kunda banklar va moliya institutlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga kreditlar berish amaliyoti keng tarqalgan. Kredit shartnomalari – ikki tomonlama huquqiy majburiyatlarni belgilovchi asosiy hujjatlardan hisoblanadi. Biroq, amaliyotda ushbu shartnomalar bo‘yicha nizolar kelib chiqishi va ular iqtisodiy sudlarda ko‘rib chiqilishi holatlari ko‘plab uchramoqda. Kredit shartnomalarini huquqiy jihatdan ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, kredit shartnomasi fuqarolik qonunining maxsus turi bo‘lib, bank va qarz oluvchi o‘rtasida tuziladi. Unda kredit miqdori, foiz stavkalari, qaytarish muddatlari va shartlari aniq ko‘rsatiladi. Qonun buzilishi holatlari – asosiy nizo manbai hisoblanadi. Kredit shartnomalari bo‘yicha nizolar faqat yuridik shaxslar va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida yuzaga kelgan taqdirdagina iqtisodiy sud yurisdiksiyasiga kiradi. Jismoniy shaxslar bilan bog‘liq nizolar odatda fuqarolik sudlari tomonidan ko‘riladi. Biroq, ayrim hollarda iqtisodiy sudlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin (masalan, tadbirkorlik subyektlari ishtirok etganda).
Kredit shartnomasi – bu bank bilan mijoz o‘rtasidagi rasmiy kelishuv bo‘lib, unda kredit summasi, foiz miqdori, qaytarish muddati va boshqa muhim shartlar belgilanadi. Ayrim hollarda, shartnomalar shunchalik murakkab yoziladiki, qarz oluvchi uning barcha bandlarini tushunib ham yetmaydi. Shuning uchun, keyinchalik «men bu haqda bilmagan edim» degan e’tirozlar sudda natija bermaydi.
Iqtisodiy sud – kimlar uchun? Ta’kidlash joizki, yuridik shaxslar (ya’ni, korxonalar, tashkilotlar) va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘rtasidagi kredit nizolari iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar kredit shaxsiy ehtiyoj uchun olingan bo‘lsa, masalan, uy yoki mashina sotib olish maqsadida – unda bunday nizolar fuqarolik sudlari ixtiyorida qoladi. E’tirozlar ko‘pincha qarz to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, foizlar va penyalar ortiqcha hisoblansa, garov sifatida qo‘yilgan mol-mulk bahosi bahsli hisoblansa, kafillik berish shartlari yetarlicha aniqlanmasa kelib chiqadi. Ayrim hollarda sud xaridor foydasiga qaror chiqaradi. Ayniqsa, amaliyotda ko‘p hollarda banklar sudda yutadi. Chunki ularning huquqiy hujjatlari puxta tayyorlangan bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda moliyaviy nizolarga duch kelmaslik uchun quyidagilarga e’tibor berish tavsiya etiladi.Ya’ni, birinchidan, shartnomani imzolashdan oldin uni yaxshilab o‘rganish, yurist yordamida asosiy bandlarni tahlil qilish, qarz to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, agar e’tiroz bo‘lsa avval bank bilan gaplashib olish, kerak bo‘lsa sudga murojaat qilish kerak.
Kredit shartnomalarini tuzishda standart va adolatli mezonlarni joriy etish, sud amaliyotida bir xil yondashuvni ta’minlash uchun qo‘llanmalar ishlab chiqish, ta’lim va ommaviy axborot vositalari orqali qarz oluvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish lozim.
Kredit shartnomalari ortida qat’iy huquqiy javobgarlik turadi. Moliyaviy institutlar o‘z manfaatlarini himoya qilishga tayyor bo‘lgani kabi, xaridorlar ham o‘z huquqlarini bilishi va himoya qilishni o‘rganishi kerak. Nizolarning oldini olish – huquqiy ong va moliyaviy tartib orqali amalga oshiriladi.
Gulmira ARZIYEVA,
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi