SAYLOV QONUNCHILIGIDAGI YANGILIKLAR

 

Ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir – 2024 yil 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovga qizg’in hozirlik ko‘rilmoqda.

 

Yangi tahriridagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, milliy saylov tizimining asoslariga alohida e’tibor qaratildi.

2024 yilda Qonunchilik palatasiga saylovlar ilk marta majoritar-proportsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi.
2023 yil 18 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proportsional) asosida o‘tkazish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Yangi saylov tizimiga muvofiq, endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlik o‘rnining 50 foizi majoritar, ya’ni hozirgidek muayyan okruglar bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylanishi, qolgan 50 foizi esa proportsional, ya’ni aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz berish orqali, partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida nomzodlar saylanishi nazarda tutildi.

Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proportsional saylov tizimi (partiyalar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanadi.

Proportsional saylov tizimida davlat yagona saylov okrugiga aylantiriladi hamda saylov byulletenlarida nomzodlar o‘rniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar ro‘yxati ko‘rsatiladi va saylovchilar o‘zlariga ma’qul kelgan partiyalarga ovoz beradi.

Proportsional saylov tizimi vakillik organiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan partiyalar o‘rtasida mandatlarni taqsimlash ular olgan ovozlar soniga muvofiq amalga oshirilishini bildiradi.

Proportsional saylov tizimining ijobiy tomonlari u fikrlar xilma-xilligi va ko‘ppartiyaviylikning rivojlanishini, shuningdek, davlat bilan fuqarolar o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni ta’minlab beradi; kamchilikni tashkil etuvchi saylovchilarning ovozlari ham inobatga olinadi va unda kam ovoz olgan siyosiy partiyalar ham, parlamentdan joy egallaydi; uning yordamida jamiyat siyosiy hayotidagi siyosiy kuchlarni joylashishining haqiqiy va aniq manzaralarini ko‘rish mumkin; proportsional vakillik tizimi har bir siyosiy partiyaga ovozlar soniga mutanosib ravishda bir qancha o‘rinlarni olish imkonini beradi.

Aralash saylov tizimi mohiyatan ikkita tizimning birikmasi bo‘lib, ular proportsional va majoritardir. Bunda mandatlarning bir qismi proportsional tizim bo‘yicha (partiyaviy ro‘yxatlar bo‘yicha), ikkinchi qismi esa majoritar tizim (nomzodga ovoz berish) bo‘yicha taqsimlanadi.

 

Janat AYMAG’ANBETOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi