FUQAROLIK QONUNChILIGIDAGI BITIMLARNING HAQIQIY EMASLIGIGA DOIR NORMALARI

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 101-128-moddalarida bitimlar buyicha mahsus normalar belgilangan. Ya’ni mazkur Kodeksning 101-moddasida, bitimlar tushunchasi berilgan bo‘lib, o‘nga ko‘ra bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi degan norma mavjud. Shuningdek, bitimlar bir taraflama, ikki taraflama yoki ko‘p taraflama (shartnomalar) bo‘lishi mumkin. Bitim tuzish uchun qonun hujjatlariga yoki taraflarning kelishuviga muvofiq bir tarafning xohishi zarur va etarli bo‘lsa, bunday bitim bir taraflama bitim hisoblanadi. Shartnoma tuzish uchun ikki taraf (ikki taraflama bitim) yoki uch yoxud undan ko‘p taraf (ko‘p taraflama bitim) kelishib xohish bildirgan bo‘lishi kerak.

Fuqarolik kodeksining 382-385-moddalarida shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish buyicha normalar belgilangan. Ya’ni Kodeksning 382-moddasida, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo‘lgan narsadan ko‘p darajada mahrum bo‘ladigan qilib zarar etkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan to‘la yoki qisman bosh tortib, qonun yohud taraflarning kelishuvida bunga yo‘l qo‘yilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan hisoblanadi degan normalar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014- yil 28 noyabrdagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g’risidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida»gi 269-sonli qarorining 3-bandida ko‘yidagicha berilgan tushintirishga ko‘ra, sudlar bitimni haqiqiy emas deb topish tushunchasini shartnomani bekor qilishdan farqlashlari lozim. Bitimning haqiqiy emasligining shartnomani bekor qilishdan farqi quyidagilardan iborat:

-bitimlarni haqiqiy emas deb topishga Fuqarolik kodeksining 115-126-moddalarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi, shartnomani bekor qilish asoslari esa, mazkur kodeksning 382, 383-moddalarida nazarda tutilgan;

-bitimning haqiqiy emasligiga uning g’ayriqonuniyligi, bekor qilinishiga esa, shartnomani bekor qilishga olib keladigan holatlarning yuzaga kelishi asos bo‘ladi, bunda uning qonuniyligi nizolashilmaydi;

-haqiqiy bo‘lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog’liq bo‘lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir, shartnomani bekor qilish esa, u amalda bo‘lgan vaqtdagi o‘zaro huquq va majburiyatlarga ta’sir etmasdan, faqatgina kelgusidagi huquq va majburiyatlarga daxl qiladi;

-shartnomani bekor qilish haqidagi talabni bildirishga shartnoma amal qilishining muddati mobaynida yo‘l qo‘yiladi, bitim esa uning amal qilish muddati tugaganidan keyin ham haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Misol: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshkarmasi Xalq bank manfaatida sudga murojaat qilib, javobgar X bilan o‘rtalarida 2022 yil 08 iyul kүni tuzilgan kredit shartnomasini bekor qilishni so‘ragan.

Sud, da’vo talabi asosli bo‘lishi sababli uni qanoatlantirishni lozim topgan. Chunki ajratilgan kredit shartnomasining 2.4, 4.2.2-bantlarida javobgar kredit va foizni grafik bo‘yicha to‘lash majburiyatini olgan bo‘lsada, shartnoma shartlari lozim darajada bajarilmagan. Ya’ni javobgarning qarzdorligi jami 4 429 394 031,86 so‘mni tashkil qilgan. Bu esa bank uchun javobgar tomonidan shartnomani jiddiy ravishda buzgan hisoblangan.

Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga ko‘ra, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo‘lgan narsadan ko‘p darajada mahrum bo‘ladigan qilib zarar etkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan to‘la yoki qisman bosh tortib, qonun yohud taraflarning kelishuvida bunga yo‘l qo‘yilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining 384-moddasiga ko‘ra, shartnoma qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g’risidagi kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonun hujjatlaridan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa.

Bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa — o‘ttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.
Javobgarga shartnomani bekor qilish bo‘yicha taklif berilgani va unga rad javobi yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddat ichida javob berilmagani tasdiqlanadi. Shu bois kredit shartnomasini bekor qilishga asos paydo bo‘lgan.

Misol: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshkarmasi Milliy bank manfaatida sudga murojaat qilib, javobgar X va O‘zbekiston Respublikasi Sanoat qurilish bank o‘rtalarida 2022 yil 20-sentyabr kүni tuzilgan ipoteka shartnomasini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Sud, da’vo ariza talablari bilan kelishmagan holda uni rad etishni lozim topgan. Chunki Fuqarolik kodeksining 8-moddasi ikkinchi qismi 1-bandiga ko‘ra, fuqarolik huquq va burchlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslardan, shuningdek fuqarolar hamda yuridik shaxslarning, garchi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lmasa-da, lekin fuqarolik qonun hujjatlarining umumiy negizlari va mazmuniga ko‘ra fuqarolik huquq hamda burchlarni keltirib chiqaradigan harakatlaridan vujudga keladi.

Fuqarolik kodeksining 113-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g’risidagi talabni ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan shaxslar qo‘yishlari mumkin.

Iqtisodiy ishidagi da’vogar milliy bank da’vo predmeti bo‘lgan ipoteka shartnomasining qatnashuvchisi emas. Demak javobgar X va O‘zbekiston Respublikasi Sanoat qurilish bank o‘rtalarida tuzilgan ipoteka shartnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vo arizasi asosli emas deb topilgan. Bu haqida Plenum qarorining 7-bandida, sud muhokamasi davomida da’vogarda nizoli bo‘lgan bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g’risida da’vo taqdim etish huquqi mavjud emasligi aniqlansa, da’voni qanoatlantirish rad etiladi degan tushintirish mavjud.

 

Berdimurat BAYMURATOV,
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi