Oilaviy nizolarning oldini olish va oila kodeksida belgilangan normalar haqida

Oilaviy-huquqiy munosabatlar jamiyatimizda keng tarqalgan munosabatlardir. Oilaviy-huquqiy munosabatlar ayrim hollarda odob-ahloq qoidalari bilan ham tartibga solinadi. Oilaviy-huquqiy munosabatlar nikoh va oila doirasida aniq ijtimoiy munosabatlarni oila qonunchiligi nuqtai nazarida qo’llaniladi. Oilaviy-huquqiy munosabatlar davomli huquqiy munosabatlar hisoblanadi. Bu xususiyat huquqiy munosabatlarning maqsadi bilan belgilanadi. Nikoh tuzishdan maqsad oila qurish bo’lib, u er-xotinning butun hayoti davomida birga yashashiga  mo’ljallanadi. Ota-onalik huquqiy munosabati bolalarning tarbiyasi va ta’minotiga qaratiladi.

Farzandlikka olish, vasiylik va homiylik va boshqa huquqiy munosabatlar xususiyatlari bilan bir biriga o’xshab ketadi. Bunday huquqiy munosabatlarda qo’yilgan maqsadlarga uzoq muddat davomida erishish mumkin.

Oilaviy-huquqiy munosabatlar muddatsiz bo’ladi. Er-xotinning huquq va majburiyatlari, nikohdan ajratish holatini hisobga olmaganda, bir umr davom etadi. Hozirgi kүni shunday oilaviy-huquqiy munosabatlar ham bor, ular ma’lum muddat bilan cheklanadi, biroq belgilangan davrga qadar davom qiladi. Masalan, ota-onalarning o’z farzandlarini tarbiyalash majburiyatlari farzandi 18 yoshga to’lgunga qadar davom qiladi.

Fuqarolik ishlari bo’yicha sudlarda boshqa fuqaroviy-xuquqiy munosabatlar qatorida oilaviy-huquqiy munosabatlar bilan bog’liq ko’plab nizolar ko’riladi. Jumladan, nikohdan ajratish, nikohni haqiqiy emas deb topish, otalikni belgilash va aliment undirish, shuningdek  bola tarbiyasi bilan bog’liq nizolar va h.

O’zbekiston Respublikasida sudlarning faoliyati O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqqan holda, oilani har taraflama himoya qilishga, bolalarni Vatanga va oilaga sodiqlik  ruhida ijtimoiy tarbiyaga mos holda, oila va jamiyat oldida mas’uliyat tuyg’usida tarbiyalashga  qaratilgan.

Shu bilan birga, Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo’yicha qonunchilikni qo’llash amaliyoti to’g’risida»gi 2011 yil 20 iyul kungi 06-sonli qarorida sudlar oila to’g’risidagi qonunchilik vazifalaridan kelib chiqib, qonunda nazarda tutilgan hamda oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning bolalari huquqlari hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan barcha choralarni ko’rishlari lozimligi belgilab qo’yilgan.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksida belgilangan oila a’zolarining va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari haqida, ya’ni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko’ra, ota-onalar o’z farzandlarini voyaga etgunga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi,  davlat va jamiyat etim bolalarni va ota-onalarning vasiyligidan mahrum bo’lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o’qitishni ta’minlanishi belgilangan.

1998 yil 1 sentyabrdan amalga kiritilgan  O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 5-bo’limi «Oila a’zolarining va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari» deb nomlangan bo’lib, ota-ona hamda bolalarning aliment huquqi va majburiyatlari to’g’risidagi qoidalar belgilangan. Bu qoidalar ota-onalarning o’z farzandlari tarbiyasiga va bolalarning ta’minoti masalalariga mas’uliyatli munosabatda bo’lishni talab qiladi.

Jumladan, 96-moddasiga ko’ra,  Ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta’minot berishi shart.Voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug’iga asosan aliment undiriladi. Voyaga etmagan bolalarga aliment to’lash haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to’lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to’g’risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o’n to’rt yoshga to’lgan bola voyaga etmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to’g’risida da’vo qo’zg’atishga haqlidir.

Shuningdek, ushbu Kodeksning 97-moddasiga ko’ra, voyaga etmagan bolalariga aliment to’lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga etgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.

Kodeksning 98 va 99-moddalariga ko’ra, Ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to’lash tartibini o’zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar. Voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to’lash tartibi va shakli haqida ota-ona o’rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo’lmasligi kerak. Agar voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun – to’rtdan bir qismi, ikki bola uchun – uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun – yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to’lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko’paytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to’lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo’lmasligi kerak.

Shuningdek, Oila kodeksida ota-onaning voyaga etgan bolalariga aliment to’lashi, ota-onaning voyaga etgan bolalariga to’laydigan aliment miqdori,  ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdorini aniqlash tartibi va  bolalarning ta’minoti uchun qilinadigan qo’shimcha xarajatlar to’g’risidagi normalar ham belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, yuqorida qayd qilinganidek oilaviy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni ko’rib chiqishda sudlar eng avvalo oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning farzandlari huquqlari hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga  qaratilgan choralarni  ko’rishda keng huquq-targ’ibot ishlarini amalga oshirishlari lozim bo’ladi.

 

 

 Zulfiya Babadjanova,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi